Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:20

Onlayn izdihom va "maxsus kod". UzAuto mashinalari uchun navbat internetga ko‘chdi


2019-yilda UzAuto Motors brendiga o‘zgartirilgan GM Uzbekistan avtomobillari.
2019-yilda UzAuto Motors brendiga o‘zgartirilgan GM Uzbekistan avtomobillari.

O‘zbekistonda arzonroq narxda mashina sotib olish orzusida yurgan minglab mijozlar telefon va kompyuterlari qarshisida ikki kun o‘tirib UzavtoSavdo onlayn tizimidan shartnoma ololmaganliklarini aytishmoqda.

“Hamma shartnoma olyapti ekan, lekin men ololmayapman. O‘sha olayotganlar kimlar ekanligini men bilmadim”, - deydi shirkat mijozlaridan biri.

“Ikki kun Internetda o‘tirib, UzAvto‘dan bitta “Damas”ga shartnoma ololmadim. Qanchadir ming odam olganmish, lekin men ololmadim”, - deydi avtomobil olish orzusida yurgan boshqa bir o‘zbekistonlik.

UzAuto Motors shirkati 25-dekabr kuni ommabop avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya e’lon qilgan edi.

Shirkatga ko‘ra, shartnoma olish 26-dekabr oqshomiga qadar davom etgan, 170 mingdan ziyod shartnomalar onlayn tartibda tuzilgan.

Lekin ko‘pchilik ushbu platformada shartnoma olish tugul, unga kirib bo‘lmaganini aytmoqda.

Inkuzart'нинг "UzAuto" монополиясига қарши сурати ўчириб ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:55 0:00

Oltita telefonda urinish

Bir nechta telefon bilan qayddan o‘tib, onlayn shartnoma qilishga uringanlar ham bo‘ldi.

“Shuncha yoshga kirib mashina mingimiz kelyapti, to‘rttalab telefon bilan kirishga harakat qilyapmiz, natija bo‘lmayapti. Rahbariyat, nima qilsak bo‘ladi, ilojini qilinglar buni”, deydi andijonlik Abdujalil.

O‘zbekistonlik avtobloger Bektosh Abdiqunduzov oltita telefonda shartnoma olishga urinib ko‘rdi.

“Ba’zilar bir qancha telefon bilan kirib shartnoma qilsa bo‘ladi, deyishyapti. Mana oltita telefon bilan kirishga harakat qilyapman, lekin shartnoma qilolganim yo‘q. Ro‘yxatdan o‘tdim, u yog‘iga mana qarang “serverda xatolik" deyapti”, - deydi bloger.

Shikoyatlar ko‘payishi ortidan UzAuto Motors 26-dekabr kuni o‘z savdo sayti nega ko‘ngildagidek ishlamagani borasida kichik izoh berdi.

"UzAutoSavdo onlayn tizimida 17 kiberhujum kuzatildi. Umuman olganda, tizimda ushbu vaqt oralig‘ida 66 600 dan ortiq faol sensorlar qayd etildi", deyiladi shirkat bayonotida.

UzAuto Motors xabar qilishicha, nuqson bartaraf etilgan. Shirkat 2024- yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun 25−27-dekabr kunlari ommabop avtomobillar kontraktatsiyasi davrida jami 124 mingdan ortiq shartnoma bergan.

"Xalqni aldash"mi?

Ko‘pgina iste’molchilar va tarmoq faollari monopolist shirkatni “xalqni aldash”da ayblashdi.

“UzAuto Motors ataylab avtorizatsiyadan o‘tishni o‘chirib qo‘yib, millionlab o‘zbekistonliklarni ahmoq qilmoqda” deb yozdi tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

"Kontraktatsiya deb xalqni aldab nima qilishadi. Shartnoma tuzganlarning hammasi dilerlar bo‘lib chiqdi, ular maxsus kod orqali kirib shartnoma olgan. Butun o‘zbekistonliklarni aldab, iste’molchilar ustidan kulgani uchun bu kompaniyaga hech qanday chora ko‘rilmaydimi?", deydi tarmoq foydalanuvchisi.

“Ertalab soat 10da kirsangiz ham “ish vaqti tugagani sababli onlayn sotuv to‘xtagan” degan e’lon chiqadi. Lekin, “ish vaqti tugagani sababli” onlayn sotuv to‘xatib qo‘yilgan bo‘lsa-da, undan keyin ham bir necha daqiqa ichida bazada Cobalt oq variantiga 400 tadan ortiq shartnoma imzolangan”, - deb yozdi boshqa bir haridor.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram kanalida "hali bironta odamdan shartnoma qila oldim" degan xabarni eshitmagani haqda yozdi.

"Onlayn sotuv" zo‘r yechim bo‘ldi. UzAuto Motors'ning Cobalt, Labo va Damas avtomobillariga kontraktatsiya ochgani va faqat "onlayn sotayotgani" "zo‘r yechim" bo‘ldi.

Hali bironta odamdan shartnoma qila oldim degan xabar eshitmadim. Balki alohida serverga ulangan kompyuterlarda onlayn shartnoma tuzilayotgandir. Kim biladi”, - deb fikr bildiradi iqtisodchi.

Ba’zilar O‘zbekistondagi eng yirik shirkat nega o‘z kiber xavfsizligini ta’minlay olmaganini savol ostiga olmoqda.

“Sayt abituriyentlarning test natijalarini e’lon qilgan DTM saytidek ishlayapti. Balkim undan ham yomonroq. Trillionlab so‘mga ega GM nahotki bitta saytni to‘g‘irlab qo‘yishga kuchi etmasa? Yoki boshqa gap bormi bu yerda?

Inson omili aralashmagan deb umid qilamiz”, deb yozdi Telegram foydalanuvchisi.

Ikki kunlik onlayn savdo payti UzAuto platformasidan kontrakt ololmaganlar orasida Shvetsiyadagi Markaziy Osiyo assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Gulnoz Mamarasulova ham bor.

“UzAuto Motors” tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ommabop mashinalarni onlayn savdosi yo‘lga qo‘yilgani haqidagi e’lon yoyinlanganidan so‘ng men ham ko‘pchilik iste’mochilar qatori ikki kun davomida uzluksiz e’lon qilingan platformalar orqali shartnoma olishga harakat qildim. Afsuski, barcha urinishlar besamar ketdi.E’lon qilingan sayt va platformalar bloklangani sababli birgina men emas, men qatori juda ko‘p odam, o‘zbek fuqarolari aziyat chekdi. “Uz Auto Motors” bu borada xalqqa biror jo‘yali tushuntirish bergani yo‘q. Shunchaki texnik nosozliklar, server nosozligi haqidagi qisqa xabar bilan cheklandi. Bu xabardan hech narsani tushunib ham bo‘lmaydi. Sababi, buni tushuntirishni ham imkoni yo‘q. Qanday qilib texnika savdosi bilan shug‘ullanadigan yirik kompaniya mana shunaqa texnik nosozliklar oldini ololmadi, diagnostika qilolmadi? Yoki undan oldingi savdoda kuzatilgan va “Uz Auto Motors” e’lon qilgan kiber hujumlar oldini olish imkoni yo‘qmidi? Nahotki shuncha katta shirkatda shunday xatolik ro‘y berishi oldini olish uchun diagnostika imkonlari bo‘lmasa? Bunga resurs yo‘qmi? Bu birgina meni emas. Butun o‘zbek xalqini o‘ylantirayotgan savollar”, - deydi Mamarasulova Ozodlik bilan suhbatda.

Sobiq Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida masalaga e’tibor qaratdi.

"O‘tgan safar kimlar o‘z nomiga qanchadan avtomobilga shartnoma qildirgani haqida to‘liq ro‘yxat qo‘limizda turibdi. Katta o‘yin bo‘lgan. Ko‘ramiz, bugungi harakatlar qanday tugarkan. Ishqilib buyam yana katta "tomosha" bo‘lib chiqmasa bo‘ldi", deb yozdi sobiq deputat.

UzAuto Motors mashinalarini xorijda arzonroq sotish uchun yig‘im

Arzon mashina olish orzusida yurgan minglab mijoz sarson bo‘layotgan bir paytda UzAuto Motors va boshqa kompaniyalarga avtomobillarni eksport qilishda “yo‘l xarajatlari”ni qisman qoplash uchun davlat byudjetidan 200 mlrd so‘m ajratilishi xabar qilindi.

Bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek, prezident tomonidan ma’qullangan 2023-yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.

Tarmoq faollariga bu qarorni aslida boshqa davlatlar aholisi sotib oladigan avtomobillarga o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar to‘laydigan yig‘im deb ta’riflashmoqda.

O‘zbekistondan eng ko‘p mashina harid qilgan davlat esa Qozog‘istondir. O‘tgan yili Qozog‘iston O‘zbekistondan 26 970 dona avtomobil sotib olgan.

Bu O‘zbekiston chetga eksport qilgan mashinalarning qariyb 96 foizini tashkil qiladi.

O‘tgan yili O‘zbekistondagi monopolist shirkat g‘arb sanksiyalariga tushmaslik uchun Rossiyaga mashina eksportini to‘xtatgan edi. Mashinalarda Janubiy Koreyaning yarimo‘tkazgichlari va mikrosxemalardan foydalaniladi. Janubiy Koreya esa Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalariga qo‘shilgan.

Milliy monopoliyachi

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib o‘z avtosanoatini tashkil qilgan mamlakat. Chetdan mashina kiritilishi deyarli taqiqlab qo‘yilgan bu mamlakatda ishlab chiqariladigan mashinalarni sotib olish uchun xaridor oylab, ba’zida yillab navbat kutadi.

“UzAuto Motors” 1996-yildan beri O‘zbekistonda mashina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Sal kam 20 yilga yaqin vaqt davomija O‘zbekistonda hanuz o‘z monopoliyasini davom ettirib kelmoqda. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda bir nechta xorijiy kompaniyalar o‘z faoliyatini boshladi, mashinalar savdosini yo‘lga qo‘ydi, lekin ular hanuz UzAuto Motors bilan raqobatlasha oladigan darajada emas. Sababi, mashina jixozlari yoki uni oldi-sotdisi va turli rasmiyatchiliklar sabab hanuz UzAuto Motors raqobatchisi yo‘q monopolist bo‘lib qolmoqda”, deydi Shvetsiyadagi Markaziy Osiyo assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Gulnoz Mamarasulova.

Andijonning Asaka va Xorazmning Pitnak shaharlaridagi zavodlarda har yili 300 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqariladi.

Mashina narxlarining yuqoriligi doim tanqid markazida bo‘lib kelgan.

Avvalroq O‘zbekistonning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors shirkatini mashinalar narxini asossiz ko‘tarishda ayblab, narxlarni tushirishni so‘ragandi.

UzAuto Motors bunga javoban qo‘mitani mahkamaga berdi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudi UzAuto Motors foydasiga hukm chiqardi.

UzAuto Motors esa sal o‘tib mashina narxlarini 21 foizgacha ko‘tardi.

2023-yilning to‘qqiz oyida UzAuto Motors`ning daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,5 trln so‘mdan 38,1 trln so‘mgacha, mahsulot tannarxi esa 22,3 trln so‘mdan 33 trln so‘mgacha, Sof foyda 1,84 trln so‘mdan 1,93 trln so‘mga oshgan.

XS
SM
MD
LG