Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:27

Onlayn-qimor: Xonavayron bo‘layotganlar ko‘paydi


Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanidagi Yangiobod mahallasida yashagan 18 yashar o‘spirinning o‘zini osib o‘ldirishiga Internet-qimorda katta pul yutqazib qo‘ygani sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

15 - mayda sodir bo‘lgan fojia bilan bog‘liq ishni tuman prokuraturasi o‘rganmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Onlayn qimorga qarshimiz” aksiyasini boshlagan faollar fikricha, pastdarg‘omlik o‘spirinning o‘limi, agar u chindan ham onlayn qimor qurboni bo‘lgan bo‘lsa, jamoatchilik e’tibor berishi lozim bo‘lgan ulkan muammoning bir uchi, xolos.

O‘zbekiston Respublikasi Kiberxavfsizlik markaziga ko‘ra, onlayn kazinolarni bloklash choralari ko‘rilmoqda, biroq bu choralar yetarli bo‘lmayapti.

Qimor yoshlarning asosiy ishi bo‘lib qolgan?

Bir necha oydan beri onlayn-qimorga ruju qo‘yib, boy bergan puli 50 million so‘mga yetgan farg‘onalik savdogar ayol boshidan o‘tganlarni Ozodlikka aytib berishni istamadi.

Yutqizganlar boy berganini aytavermaydi. Ularning yutqizig‘idan, odatda, oila-a’zolari ham bexabar qoladi. Biroq qattiq yashirilgan sir oxir-oqibat fojia yuz berganidan so‘ng fosh bo‘ladi.

Bloger Dima Qayumga kelgan xabar skrinshoti
Bloger Dima Qayumga kelgan xabar skrinshoti

“Mahallamizda juda yaxshi oila farzandi onlayn-qimorga aralashib qoldi. Otasi 25000$ qarzini to‘ladi. Qolgan 22000$ to‘lanmadi. Bola qamalib ketdi. Otasi xonavayron bo‘ldi”.

“Xorazm viloyatida bu (onlayn-qimor) yoshlarning asosiy ishi bo‘lib qolgan. Men tanigan 3-4 yigit bor. Bittasi 50000$, yana biri 40000$, yana biri 10000$ dan ko‘proq yutqazgan. Bular shaxsan o‘zim bilganlarim”.

Bular “Onlayn qimorga qarshimiz” aksiyasini boshlagan farg‘onalik bloger Dima Qayumga kelgan ko‘plab xabarlardan ikkitasi, xolos.

Dima Qayum 9 - iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda onlayn-qimor ommalashib ketganidan tashvish bildirdi:

“Ish joyim bozorda. Yaxshi gapniyam, yomon gapniyam birinchi bo‘lib bozor eshitadi. Keyingi paytlarda onlayn-qimor juda ommalashib ketdi. Ko‘proq yoshlar orasida, biroq kattalar orasida ham o‘ynayotganlar, bor mulkini boy berib qo‘yayotganlar bor”.

Blogerning aytishicha, odamlarni bu illatdan saqlashga hissa qo‘shish maqsadida maslakdoshi, psixolog Shoira Isoqova bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda “Onlayn qimorga qarshimiz” aktsiyasini boshlagan.

Shundan so‘ng Internet foydalanuvchilardan kelayotgan mavzuga oid xabarlar skrinshotlarini Dima Qayum o‘z Feysbukida e’lon qilib kelmoqda.

Ozodlik mavzuni o‘rganar ekan, onlayn-qimorda ishtirok etishga chorlovchi reklamalar juda ko‘p ekani, ba’zi bir o‘zbek blogerlari bunday reklamalarni o‘z videomahsulotiga tirkayotganiga guvoh bo‘ldi.

Onlayn-qimorga chorlagan reklamalar orasida Dima Qayum ishtirokidagisi ham bor.

“Albatta, u feyk reklama. Mening televideniyedagi, Feysbukdagi turli chiqishlarimdan kesib, montaj qilib yasalgan. Men hech qachon qimorni reklama qilgan emasman, qilmayman ham, - deydi bloger, - biroq afsuski, taniqli san’atkorlarimiz, hatto bir ustoz jurnalist reklama qilganiga ko‘zim tushdi”.

Vaziyatni kim nazorat qiladi?

Xo‘sh, onlayn-qimor bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyatni kim, qaysi idora nazorat qiladi?

Ozodlik bu savolni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga berdi va “Vazirlik tarkibida alohida xizmat yo‘q. Bu ish bilan profilaktika, jinoyat qidiruv va tergov, har biri o‘z yo‘nalishida shug‘ullanadi”, degan javobni oldi.

Qimor o‘yinlari, shu jumladan Internet orqali bunday o‘yinlarni uyushtirish uchun javobgarlik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191- moddasida (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar) belgilab qo‘yilgan.

Onlayn-qimor masalasida savol yo‘llanishi mumkin bo‘lgan yana bir tashkilot Kiberxavfsizlik markazi DUKdir (davlat unitar korxonasi)

Korxona rasmiy saytida e’lon qilingan telefonlarni hech kim ko‘tarmadi. Biroq markaz o‘z saytida o‘tgan yilning yozida aynan biz o‘rganayotgan mavzu yuzasidan ogohlantiruv e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi.

Kiberxavfsizlik markazi ijtimoiy tarmoqlarda onlayn kazinolar keng reklama qilinayotganini ta’kidlab, foydalanuvchilarni bunday reklamalarga aldanib qolmaslikka chaqirgan.

Markaz O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, saqlash bo‘yicha faoliyat uchun javobgarlik ko‘zda tutilganini eslatgan.

Kiberxavfsizlik markazi bayonotida onlayn kazinolarga to‘siq qo‘yishga harakat qilinayotgani aytilgan:

“Onlayn kazino va boshqa qimor o‘yinlarini tashkil etish faoliyati ko‘p davlatlarda taqiqlangan va bunday onlayn platformalar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan bloklash choralari ko‘rilmoqda”.

Biroq bunday choralar samara bermayotganini ham Kiberxavfsizlik markazi tan olgan:

“Bloklashning oldini olish uchun, ushbu onlayn platformalarning egalari, domen nomlari va serverlarini muntazam ravishda o‘zgartirish choralarni ko‘rmoqdalar, shu bilan firibgarlar qalbaki qimor saytlaridan muvaffaqiyatli foydalanish uchun sharoit yaratmoqdalar”.

Psixolog: Qimorbozlik kasallikdir

“Onlayn qimorga qarshimiz” aksiyasining yana bir tashabbuschisi, psixolog Shoira Isoqovaga ko‘ra, har bir odam o‘zini o‘zi nazorat qilishni o‘rganishi, shunga harakat qilishi kerak.

“Hayotda har bir odam omadli, muvaffaqiyatga tez erishishni va g‘olib bo‘lishni xohlaydi. Ammo noto‘g‘ri qadam bosib, bu orzu-istaklarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Yillar davomida noto‘g‘ri tushunchalar bilan shakllangan shaxslar qaltis o‘yinlarga ko‘proq ruju qo‘yadi. Kezi kelganda yana bir narsani ta’kidlab ketishni istardim: ko‘pchilik virtual olamni haqiqiy hayotga almashtirib qo‘yadi. Natijada, bu yerda muvaffaqiyatlarga erishishni xohlaydi. Shifokorlar bunday o‘yinlarga tobe’likni narkotik va alkogol mahsulotlariga qaramlilik bilan teng baholashadi”, - deb aytgan psixolog Zamon.uz nashriga bergan suhbatida.

XS
SM
MD
LG