Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:26

"Ortga yo‘l yo‘q". O‘zbekistonga qaytgan Jahongir Otajonov “Erk” partiyasini tiklamoqchi


Jahongir Otajonov Toshkent aeroportida. 12 - may, 2021 yil.
Jahongir Otajonov Toshkent aeroportida. 12 - may, 2021 yil.

O‘tgan yil dekabrida san’atdan ketganini e’lon qilganidan buyon O‘zbekistondagi prezident saylovlari bilan bog‘liq bayonotlar berib kelayotgan sobiq xonanda Jahongir Otajonov 12 - may kuni Turkiyadan O‘zbekistonga qaytdi.

Toshkentdagi uyidan Ozodlikka gapirgan Otajonov O‘zbekistonda "qiladigan birinchi ishi “Erk” partiyasi faoliyatini jonlantirish" ekanini aytdi. "Shuning uchun O‘zbekistonga qaytdim. Maqsadim prezident bo‘lish, ortga yo‘l yo‘q”, - dedi sobiq xonanda.

Ozodlik bilan suhbatda Otajonov Toshkent aeroportida hech qanday muammolarga duch kelmaganini qo‘shimcha qildi.

“Ozgina xavotir bor edi, lekin Toshkent aeroportiga kelganimda hech qanaqa xatar sezmadim. Oldin qo‘shiqchi bo‘lganman, hamma menga qaraydi. Hozir Xudoga shukur, Toshkentdagi uyimdaman. Ikki hafta karantinda bo‘lishim kerak. Karantin tugaganidan keyin “Erk” partiyasi faollari bilan uchrashib, ishni boshlaymiz”, – deydi Otajonov.

O‘tgan yil dekabrida qo‘shiqchilik faoliyatini tugatishini e’lon qilgan 42 yashar Otajonov o‘z qarorini "qo‘shiqchilik shariatga zid” degan ishonch bilan izohlagan.

Uning shu yil yanvarida O‘zbekistondagi prezident saylovlarida nomzodini ilgari surishi haqida qilgan bayonoti tarmoqlarda turlicha qarshilandi.

O‘zbekiston saylov qonunchiligiga muvofiq, prezidentlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ilgari suriladi.

Otajonov va boshqa faollarning O‘zbekiston ichkarisida muxolif partiya tuzishga urinishlari qarshilikka uchradi.

Endilikda Otajonov yangi partiya tuzish fikridan voz kechgani va O‘zbekistondagi ilk muxolifat partiyasi bo‘lgan “Erk” faoliyatini qayta tiklashga bel bog‘laganini aytmoqda.

U bu fikrga shu yil martida Istanbulda, muhojirotdagi “Erk” rahbari, taniqli shoir Muhammad Solih bilan uchrashuv ortidan kelgan.

Buning ortidan “Erk” partiyasi shu yil 5 - aprelda bayonot e’lon qilib, O‘zbekistonda oktabr oyida o‘tadigan prezident saylovlarida qatnashish rejasini e’lon qildi va Jahongir Otajonov partiyaning ehtimoliy nomzodlardan biri ekanini bildirdi.

Otajonovning “Erk” partiyasi va uning lideri bilan yaqinlashish qarori O‘zbekistondagi ota-onasining qoralash va dashnomlariga sabab bo‘ldi. U tarmoqlarda O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlariga yaqin deb ishoniladigan blogerlarning tahqiromuz hujumlariga ham uchradi.

Avvalroq Jahongir Otajonov Turkiyada noma’lum shaxslar tomonidan tahdidlar bo‘lgani haqida Ozodlikka gapirib bergan edi.

“Сен учун пул таклиф қилишган” - Жаҳонгир Отажонов Туркияда таҳдидга учради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:35 0:00

Istanbuldagi ofisiga tashrif buyurgan uch shaxs o‘zlariga uni do‘pposlash uchun "pul taklif qilingani"ni aytishgan.

O‘zbekiston Adliya vazirligi o‘tgan yil yanvarida "Erk" demokratik partiyasi faollarining partiya faoliyatiga izn berishni so‘rab qilgan murojaatini rad etgan edi. 2020 - yil 10 - yanvarida "Erk" partiyasi faollaridan bir guruhini qabul qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, ularning Ozodlikka aytishicha, "bu partiya tarixda qoldi" deya uqtirishga uringan. "Erk"chilar fikricha, partiya nizomi 1991 - yilning sentabrida rasman qayd etilgan va u bekor qilingan emas.

Mavjud saylov qonunchiligi saylovlarda nomzodlarning mustaqil tashabbus guruhlari tomonidan ilgari surilishiga izn bermaydi.

Ozodlikning nega aynan “Erk” partiyasini tanladingiz, dalingiz degan Ozodlik savoliga Otajonov:

“Siyosiy partiya a’zosi sifatida men o‘zimcha ish boshlay olmayman. Bu partiyaning o‘ziga yarasha obro‘si bor. Qolaversa, 1990 - yillar O‘zbekistonni mustaqil bo‘lishiga foydasi tekkan. O‘sha yillari bu partiya O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan ham o‘tgan. Men shu partiyani parlamentga olib chiqishni va prezident bo‘lib saylanishni oldimga maqsad qilganman”, deb javob berdi.

O‘zbekistonda prezident saylovlariga 6 oydan kamroq vaqt qolayotgan esa-da, hanuz rasman nomzodlarning kimligi ma’lum emas.

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekistondagi mavjud hukumatparast partiyalarning birontasi hozircha prezident saylovlarida nomzodini ilgari surgani yo‘q.

Saylovlarda nomzodini qo‘yishini aytgan yangi ta’sis etilgan muxolifatdagi “Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ ‌partiyasi‌ ‌yetakchisi Xidirnazar Allaqulov esa o‘tgan hafta tuhmat aybi bilan jazoga tortildi.

XS
SM
MD
LG