Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:30

OzodDayjest: Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlamagan rahbarlar javobgarlikka tortildi


Siyosatshunos o‘qituvchilarga bepisand munosabatni qoraladi. Hilol Nasimov aktyorlarning gonorari kamligidan nolidi. Tugayotgan haftada mahalliy matbuotda chop etilgan ayrim maqolalar mazmuni bilan OzodDayjest ruknida tanishing.

Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga panja orasidan qaragan rahbarlar javobgarlikka tortildi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududlar rahbarlarining tadbirkor va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini tanqid qildi (www.gazeta.uz, 29-mart).

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar o‘rinbosari, shuningdek, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi.

Ta’kidlanishicha, rahbarlarga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qo‘yildi. Eksportga yo‘naltirilgan korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, ularni ishlab chiqarish va eksport borasida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga tegishli idoralar rahbarlari shaxsan javobgar ekani qayd etildi.

Ayni paytda mamlakat eksport salohiyatini oshirish, yangi istiqbolli bozorlarni kashf etish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Ma’lum qilinishicha, eksport borasida vazirliklar va mahalliy hokimliklarga berilgan vazifalar ijrosi bosh prokuratura tomonidan nazorat qilinadi.

Siyosatshunos: Hech bir davlatda bunday holat bo‘lmagan...

Siyosiy fanlar nomzodi Feruza O‘sarova jamiyatda o‘qituvchilarga nisbatan kuzatilayotgan bepisand munosabatni qoraladi (“Jamiyat” gazetasi, 31-mart).

Maqola muallifi Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktabda hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashga majburlanganini yodga olgan.

“Eng dahshatlisi, ustozlarning yelkalari bukildi, yuzlari yerga qaratildi, ularni ruhan sindirishdi. Yosh ustozlar ochiq-oshkora “o‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan ming afsusdaman”, deya xulosa qilmoqda. Hech bir zamonlarda, hech bir jamiyat va davlatlarda bunday holat bo‘lmagan. Aksincha, masalan, Hindistonda ustozlarning hurmati shu darajada yuqoriki, hatto ularning soyasiga ham oyoq bosishmaydi”, deb yozadi siyosatshunos.

Qayd etilishicha, bunday noxush holatlar nafaqat o‘qituvchilarning obro‘si to‘kilishi, balki o‘quvchilar tarbiyasiga ham salbiy ta’sir qilmoqda.

Maqola muallifi o‘qituvchilarning oylik maoshini ming dollarga oshirish rejasi qog‘ozda qolib ketmasligi kerakligini ta’kidlaydi.
“Shundagina ustozlar yerga qarab uzr so‘rashni emas, balki o‘quvchilarga zamonaviy bilimlar berish haqida fikr yuritadi”, deb yozadi u.

Bundan tashqari, F.O‘sarova o‘qituvchilarni tepadan nazorat qilish emas, balki ustozlarning o‘zini o‘zi nazorat qilishiga imkon yaratib berish kerakligini uqtiradi.

“O‘qituvchilarni aniq vaqt va muddatda malaka oshirishga yuborish va uni qattiq nazorat qilish shart emas. Bugungi raqamlashtirilayotgan zamonda o‘qituvchilar o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda malakasini oshirishi, sinashi uchun onlayn (bepul) tarzda platforma yaratilishi kerak”, deb taklif qiladi muallif.

Hilol Nasimov: O‘z armiyangni boqmasang, boshqalarni boqishga majbur bo‘lasan

Rejissyor va aktyor Hilol Nasimov o‘zbek aktyorlariga to‘lanadigan gonorar miqdori kamligi, bu haqda gapirishga ham uyalishini aytdi (www.daryo.uz, 26-mart).

“Xayriyatki, gonorarni ixtiyoriy tartibda belgilash bo‘yicha hujjat chiqdi, ammo hali amalga tatbiq etilgani yo‘q. Hozir ham amaldagi hujjatlar bo‘yicha bosh rol ijrochisining kunlik ishtirokiga 200 ming so‘m to‘lanadi. Bu pulni olgan aktyor qanday qilib rolga jonini berib o‘ynashi mumkin?” deydi u.

Gonorar tizimini isloh qilish lozimligini ta’kidlagan Nasimov o‘zi duch kelgan vaziyatni misol qilib keltirgan.

“O‘tgan yili tekshiruv kelib, kinosmetada sarflangan pullarni tekshirdi. “Aka, manavi aktyorga 135 ming so‘m berishingiz kerak, nega ko‘p berdingiz?” deya e’tiroz bildirdi. Bu pulni O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyevga qaysi yuz bilan to‘layman, dedim. U aktyor-ku, pulga talashib tortishmaydi, ammo boshqalarga shu pulni bersangiz, ranjishi aniq”, deydi rejissyor.

Suhbatdosh, shuningdek, “Jaloliddin Manguberdi” serialiga munosabat bildirgan.

“Turk kinoijodkorlari bilan hamkorlikda olingan “Jaloliddin Manguberdi” serialiga qancha pul sarflanganini eshitdim. To‘g‘ri, boshqa yurtda film suratga olishning katta sarf-xarajatlari bor. Sarkardalarning bir gapi bor: “O‘z armiyangni boqmasang, boshqalarni boqishga majbur bo‘lasan”. Bu filmda ham shunga o‘xshash holat bo‘ldi... Bizda ham iste’dodli aktyorlar ko‘p, mayli, ularga turk aktyorlariga to‘langanidek gonorar berilmasa ham, hozirgi olayotgan pulidan 5-10 barobar ko‘proq to‘lansa, jonini berib ishlashga tayyor”, deydi H.Nasimov.

XS
SM
MD
LG