Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:54

OzodDayjest: Parlament ko‘p million dollarlik qarz nomaqbul ishlatilayotganiga e’tiroz bildirdi


O‘zbekiston Oliy Majlisi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi.

Namangan hokimi xalq puliga qimmatbaho mashinalar olinayotganini oqlashga urindi. Ayrimlar qoidabuzarlik haqida xabar berganlarni sotqin deb atamoqda. O‘zbekistondagi aksar yirik ishlab chiqarish obyektlari hali-hanuz o‘z yukini davlatning yelkasiga yuklashdan orlanmayapti. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Shavkat Abdurazzoqov hokimlarga qimmatbaho mashinalar nima uchun kerakligini tushuntirishga urindi

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hokimliklarning byudjetdan qimmatbaho avtomashinalar olishi masalasiga to‘xtaldi (www.kun.uz, 5 - aprel).

“Mana, yaqinda Pokistonning Panjob viloyati gubernatori keldi. 110 million aholiga ega katta bir hududning rahbari Namanganga kelish bo‘yicha taklifimizni qabul qildi. Shu kabi yana boshqa ko‘plab xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi. Mana shunday mehmonlar yurtimizga kelganida, ularni oddiy mashinada olib yurmaymiz-ku! Bunday chiqimlar o‘zini oqlaydi, sababi, biror investor yo xorijiy hamkor kelganida, albatta, ularni qanday kutib olishimizga ham e’tibor beradi, mana shunday jihatlar hamkorligimizga ta’sirini ko‘rsatadi”,- degan hokim Abdurazzoqov Kun.uz nashriga bergan intervьyusida.

U, ayni choqda, hokim bo‘lib kelganidan keyin mashina sotib olmaganini qayd etgan.

Namangan rahbarining qimmatbaho mashinalar xususidagi izohi Telegramdagi Davletov.uz kanalining e’tiroziga sabab bo‘ldi.

“Eh, hokimbuva, qani edi, qimmat va komfort mashinalar, kimo‘zarga mehmonnavozlik uchun investor, investitsiya kelganida, har bir tumanga 10 tadan Prado va boshqa qimmatbaho mashinalarni olib borib qo‘yardik. Afsuski, investor uchun qimmat mashina, izzat-ikrom, “hokimning o‘zim javob beraman” degan gapi emas, avvalo, qonun ustuvorligi, sud mustaqilligi va kuchli fuqarolik jamiyati kerak. Agar investitsiyasi qonun va institutlar bilan kafolatlangan bo‘lsa, investor o‘z mashinasi bilan keladi, hokimlikka qadam ham qo‘ymasligi mumkin. Qolgani o‘zimiz o‘ylab topgan noto‘g‘ri yondashuv”, - deb yozdi Davletov.uz kanali.

Bo‘yinturuq tashqi qarzni jalb qilishga kim bosh-qosh bo‘lgan edi?

O‘zbekistondagi aksar yirik ishlab chiqarish obyektlari hali-hanuz o‘z yukini davlatning yelkasiga yuklashdan orlanmayapti (“Milliy tiklanish” gazetasi, 7 - aprel).

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan Hisob palatasining 2020 - yilgi hisoboti eshitilgan anjumanda shu jihat qayd etildi. Deputatlar, xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatiga keskin e’tiroz bildirdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi cpikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirovga ko‘ra, Xitoyning 156,4 million dollar qarzi evaziga barpo etilgan Angrendagi rezinotexnika zavodi yiliga 3 mln dona shina ishlab chiqarishi va shinalar mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining importi o‘rnini qoplashi kerak edi. Ammo ayni paytda zavod atigi 15 foiz quvvatda ishlamoqda. Omborda esa 100 mingta shina sotilmay turibdi.

“Sababi doimgidek sifat talabga javob bermaydi. So‘nggi ikki yilda “UzAuto Motors” 60 mln dollarga yaqin shina import qilgan”, - deydi A.Qodirov.

Qarzning to‘g‘ri ishlatilishi muhimligini ta’kidlagan siyosatchi bunday xatolar islohotlarga jiddiy zarar yetkazishini qayd etgan.

“Angren shina zavodini kim davlat rahbariga prezentatsiya qilgandi? Bo‘yinturuq tashqi qarzni jalb qilishga kim bosh-qosh bo‘lgandi? Nega o‘tgan yili minglab o‘zbekistonliklarning hayotini asrash uchun jalb qilingan yuzmilliardlab mablag‘lar Angren shina zavodi degan qora tuynukka yo‘naltirildi? Buyam mayli, kauchuk plantatsiyalari degan asr maxinatsiyasi ortidan milliardlarni o‘zlashtirganlar ustida kim turgandi? Nega ular shu yaqin atrofda, yana eng yuqori lavozimlarda? Nega ular qamalmaydi? Nega ular qusmaydi?” - deya ushbu holatga munosabat bildiradi iqtisodiy mavzularga ixtisoslashgan bloger Otabek Bakirov.

Parlament va jamoatchilik e’tirozlari ortidan Hisob palatasi shina zavodi ishi bo‘yicha tergov harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.

Qoidabuzarlik haqida xabar yo‘llash sotqinlikmi – IIV mulozimi masalaga munosabat bildirdi

Fuqarolar tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarligini videoga olib IIBga yo‘llash va buning uchun muayyan miqdorda pul mukofoti olish masalasi ijtimoiy tarmoqda bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda (“Hurriyat” gazetasi, 7 - aprel).

Ayrimlar qoidabuzarlik haqida xabar berganlarni sotqin deb atamoqda. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov ushbu masalaga munosabat bildirib, qoidabuzarliklar haqida xabar yo‘llayotganlarni vatanparvarlar deb atadi.

“Nima uchun Germaniyada chekilgan tamaki qoldig‘ini ko‘chaga tashlamaydi? Chunki ularda jarima katta. O‘sha yerdagi xohlagan bir ko‘cha harakati qatnashchisi o‘sha holatni rasmga yo videoga olib politsiyaga xabar qiladi. Nimaga biz nonni yerga tashlamaymiz-u, tamaki qoldig‘ini tashlaymiz? Chunki nonni yerga tashlasak, Xudodan qo‘rqamiz. Agar qonundan ham ozroq qo‘rqqanimizda edi, tamakini ham yerga tashlamagan bo‘lar edik. Qonundan qo‘rqsak edi, bu kabi holatlar yuz bermasdi”, - deydi polkovnik E. Bozorov.

IIV rasmiysiga ko‘ra, hozircha yo‘llarni kameralashtirish 10 foizga ham yetgani yo‘q. Bu esa axborot-texnologiyalarini jalb qilish borasidagi ishlarni jadallashtirishni taqozo etadi.

“Bitta YHX xodimiga 70 kilometr yo‘l to‘g‘ri keladi. Bu degani inspektor 70 kilometr masofa oralig‘idagi hamma holat va hodisalardan voqif bo‘lmog‘i kerak. Vaholanki, bunga hozir bizning kuchimiz yetmayapti. Qancha ko‘p axborot-texnologiyalarini jalb qilsak, ko‘ngilsiz voqealarning shu qadar oldi olinadi”, - deydi u.

Ta’kidlanishicha, kelajakda YHX xodimi ko‘chada xizmat olib bormaydi, yo‘l harakati faqat videokameralar orqali nazorat qilinadi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2020 - yilda 6983 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan va oqibatda 1962 kishi halok bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG