Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:06

“Putinning ikkinchi saroyi”. Qrimdagi muz saroyli chorbog‘ ham Rossiya prezidentiga tegishlimi?


Xokkey o‘ynayotgan Putin. 2020 - yil, 21 - dekabr
Xokkey o‘ynayotgan Putin. 2020 - yil, 21 - dekabr

Aleksey Navalniy “Putinning saroyi” deb atagan Gelenjikdagi “obyekt” Rossiya prezidentiga oidligi aytilayotgan yagona ulkan qarorgoh emas.

2014 yilda Ukrainadan tortib olingan Qrimdagi Oliva qishlog‘ida joylashgan hukumat chorbog‘ining Gelenjikdagi saroy bilan o‘xshashligi ko‘p: bu yerda ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, butun atrof Federal qo‘riqlash xizmati nazoratida, sirli xo‘jayin tashrifi oldidan hudud begona shaxslardan tozalanadi, eng asosiysi, yopiq hududda muz saroyi mavjud.

Muqaddam sovet, keyinchalik ukrain davlat rahbarlari foydalangan ushbu hukumat chorbog‘ini Putinniki deyishmoqda.

O‘tgan yili Qrimdagi shu va boshqa davlat chorbog‘lari haqida batafsil reportaj tayyorlagan “Proyekt” nashri jurnalisti Yekaterina Reznikova “Nastoyashchee vremya” bilan suhbatda nega mahalliy aholi o‘zini Putinning qo‘shnisi deb hisoblashini, rus amaldorlari va kuch ishlatar tuzilmalariga qarashli chorbog‘lar qrimliklarga nega xalal berayotgani va hukumat dachasidagi muz saroyi yarimorol uchun nega noodatiy holat sanalishi to‘g‘risida so‘zlab berdi.

— Qrimda “Putin uchun saroy” qurilayotganidan qachon va qanday xabar topdingiz?

— Prezident uchun davlat qarorgohi bu yerda avvaldan bor edi, undan Ukraina davrida ham foydalanishgan, shu bois “qurilayotgani” degan so‘z biroz noo‘rin.

Bu yerda keng ko‘lamli nimadir bo‘layotganini trassa yoqalab balandligi olti metr devor paydo bo‘la boshlaganidan keyin bildik. Gap shundaki, Putinning dachasi birmuncha ichkarida, trassadan uzoqroq. Shu bois devor paydo bo‘lganida qrimliklar unchalik ahamiyat berishmadi.

Bu katta devor toshdan tiklangan, trassadan ko‘rinmaydi. U ajoyib dengizbo‘yi manzarasini to‘sib qo‘ygan bo‘lsa-da, mahalliy aholini qattiq g‘azablantirgani yo‘q. Ammo baland devor FSB dachalari tevaragida ham paydo bo‘la boshlagach, bu devor ortida allaqanday ulkan ishlar bo‘layotganini tushundik. Biz bilganimizdan keyin, boshqalar ham xabar topishdi — Qrim unchalik katta emas.

— Ya’ni bu ishlar 2014 - yilda Qrim bosib olinganidan keyinoq emas, yaqin o‘tgan yillarda bo‘lgan?

— Qurilish, chamasi 2016-2017 - yillarda boshlangan, devor esa keyinroq tiklangan. Reja shunaqa bo‘lgan shekilli.

— "Qrim.Realii" nashri jurnalistlari chorbog‘ atrofidagi hududda mobil aloqa signallari “bo‘g‘ilishi”ni aytishdi, hatto dron ham uchirib bo‘lmas ekan. Bunaqa sharoitda qanday qilib reportaj uchun ma’lumot yig‘dingiz?

— Ha, u yer parvoz taqiqlangan hudud. Dronni o‘zim uchira olmayman, uni boshqaradigan operatorni esa topa olmadim.

Mobil aloqaga kelsak, Kastropol qishlog‘i atrofida muammo bor, Foros hududida ham yetarli, Olivada esa balandroqda uzuq-yuluq ishlaydi.

Mobil aloqa yo‘qligiga bu yerdagi dacha sababmi yoki Qrim Rossiyaga o‘tganidan so‘ng ukrain operatorlari bu yerlarni tark etgani va Rossiya operatorlari hali kelmaganimi, aniq emas. Nima bo‘lgan taqdirda ham tub aholi qo‘ng‘iroq qilish qiyinligidan zorlanadi va buni tevarak-atrofda paydo bo‘lgan aloqa ustunlari bilan bog‘lashmoqda — dronlarning signallarini “bo‘g‘ayotgan” ham o‘sha ustunlar.

— Bilishimcha, aholi bu yerda Putinniki deb taxmin qilinayotgan qarorgoh joylashganini tushunadi. Ular buni qanday qabul qilishmoqda?

— Mahalliy aholi tushunadi, albatta. Ular orasida davlatning birinchi shaxslari dam olishini ta’minlash bilan shug‘ullangan DXQ (KGB)ning beshinchi bo‘limi sobiq xodimlari anchagina.

Bu odamlardan ayrimlari Olivada, dachalar paydo bo‘lishidan oldin ham yashagan, kimlardir Sovet Ittifoqi davrida bu yerda qarorgohlar qurilishi munosabati bilan ko‘chib kelgan, mana shu davlat dachalarida ishlagan, so‘ngra Qrimda o‘troq yashab qolgan. Ya’ni, bu odamlar chorbog‘larga hamisha xotirjam qaraganlar, chunki bu ular hayotining bir qismi edi: kimdir bu dachalarda oshpaz, kimdir bog‘bon, yana kimlardir oqsoch bo‘lib ishlagan.

Biroq, mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, sovetlar davrida bu yerlarda tartib-qoidalar anchayin demokratik bo‘lgan ekan. Masalan, Xrushchevning qishloq do‘koniga kirib turishini, Brejnevning Yalta ko‘chalarida yolg‘iz cho‘milish ishtonida yurganini ko‘rganlar bor.

— Hozir tartiblar qattiqmi?

— Ha, dastlab Ukraina, keyin mana, Rossiya kelgach tosh devorlarni qurib tashlashgan. Ammo-lekin Yushchenkoni dachada istiqomat qilgan eng demokrat rahbarlardan biri, deyishadi. Chunonchi, u har gal, ta’tili tugagach qaytish oldidan xizmatkorlar uchun qoyilmaqom ziyofat uyushtirar va barchaga rahmat aytib chiqarkan.

— Reportajni tayyorlash chog‘ida huquqni himoya qilish organlari bilan biron muammo chiqdimi?

— Yo‘q, shaxsan menda ular bilan biron muammo bo‘lgani yo‘q. Ammo har besh qadamda kamera “tikilib turgan” devorlarga, 180 darajaga aylanib, butun perimetrni tasvirga oluvchi pufaksimon kameralar o‘rnatilgan darvozaga yaqin borgan chog‘larimda ko‘nglim ozgani rost.

Umuman, hamisha o‘zimga qadalgan ko‘zlarni his qilib yurdim. Masalan, Ifigeniya qoyasiga chiqib devorni, dengiz manzarasini tepadan suratga olarkanman, o‘zimni oddiy sayohdek ko‘rsatish uchun boshqa tomonlarni ham tushirganimga qaramay, qorovulxonadan bir kishi chiqib meni kuzata boshladi.

Perimetr ichida ishlaydigan xizmatchilar menga, bu katta devor yagona devor emasligini, ichkarida yana bitta to‘siq borligini va bu ikki devor orasida doim qo‘riqchi otryadlar yurishini, maxsus xodimlar durbin orqali dengizni va tog‘larni hamisha kuzatib turishini aytishgan.

Yana shu yerliklarning hikoya qilishicha, yaqin-atrofda shubhali avtomobil ko‘ringudek bo‘lsa, maxsus dronlar havoga ko‘tarilarkan.

— Muz saroyi qurilishi haqida nimalar deya olasiz? Qrim uchun bu qanchalik g‘ayriodatiy?

— Bugungi kunda Qrimda professional sportchilar, jumladan, bolalar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan bironta ham yaxmalak yo‘q.

Yaltada, Simferopolda, Sevastopolda bolalar savdo markazlaridagi yaxmalaklarda mashq qilishadi. Ammo ular olimpiya talablariga to‘g‘ri kelmaydi, chunki haqiqiy xokkey maydoni emas. Mashg‘ulotlar mana shunday sharoitda o‘tkazilyapti.

O‘zingiz bilasiz, Rossiyada xokkey obro‘li sport sanaladi. Umuman, Rossiyada prezident qiziqadigan hamma narsa tez rivojlanadi. Elsin tennis o‘ynardi — hamma tennis o‘ynaydigan bo‘ldi, Putin dzyudo bilan xokkeyga qiziqqani uchun hamma hozir shu sport turlariga ishqiboz bo‘lib qolgan.

Shunga qaramay Qrimda, o‘tgan yetti yil davomida xalqaro talablarga muvofiq bo‘lgan bironta ham yaxmalak qurishmadi baribir. Lekin, prezident uchun uning dachasida qanday ajoyib yaxmalak qilib berishgan.

— Qarorgohni nega Putin nomi bilan bog‘lashadi? Unda muz saroyi borligi uchunmi? Yoki bu yer chindan Rossiya prezidentiga oidligini isbotlaydigan boshqa dalil ham bormi?

— Birinchidan, qurilish maydonining o‘zida gapirishyapti bu haqda. Qarorgoh sohibini ular shoh, birinchi shaxs yoki bosh buyurtmachi deb atashadi.

Ikkinchidan, Putin rostdan ham u yerga borgan, birinchi va ikkinchi perimetr o‘rtasida ishlaydigan qo‘riqchilar bu haqda gapirishgan.

Koronavirus boshlanganidan beri Putin Qrimga kelmay qo‘yibdi. Karantin davrini u Bocharov Rucheydagi qarorgohida o‘tkazishni ma’qul ko‘rdi.

Darvoqe, “Proyekt”ning aniqlashicha, go‘yo Putin shunday og‘ir damlarda Moskvani tark etmagandek taassurot uyg‘otish maqsadida qarorgohda unga Novo-Ogaryovodagi kabinetining aynan nusxasini qurib berishgan.

XS
SM
MD
LG