Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:36

Qayta qamalgan sobiq MXX polkovnigi yaqinlari prezidentdan uni ozod qilishni so‘ramoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 - yil martida MXXni qayta tashkil etishga buyruq bergan va uning nomini DXXga o‘zgartirgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 - yil martida MXXni qayta tashkil etishga buyruq bergan va uning nomini DXXga o‘zgartirgan edi.

Qariyb yetti yil qamoqda o‘tirib, joriy yil aprelida ozodlikka chiqqan Davlat xavfsizlik xizmati (sobiq MXX) Qashqadaryo viloyati boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ibrohim Dehqonboyev yana hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka 13 - sentabr kuni ma’lum qilgan mahkumning yaqinlariga ko‘ra, 70 kundan buyon na advokat va na qarindoshlari Dehqonboyev bilan uchrashtirilgan.

Mahkumning yaqinlari iddaosicha, Zangiotadagi koloniyada saqlanayotgan Ibrohim Dehqonboyev telefon so‘zlashuvlari va xat yozishishdan mahrum qilingan hamda qamoqxonada og‘ir ishlarga majburlanmoqda.

Eri soxta ayblovlar bilan qamalganini iddao qilgan mahkumning rafiqasi Malohat Dehqonboyeva prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, erini ozodlikka chiqarishni so‘radi.

Polkovnik Dehqonboyev 2014 - yili Qashqadaryoda o‘nlab MXX xodimlarining qamalashiga oid shov-shuvli jinoyat ishida asosiy figurant sifatida ko‘rilgan edi.

16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Dehqonboyev joriy yil aprelida muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan va oradan uch oy o‘tib, qayta qamalgan.

13 - sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan Ibrohim Dehqonboyevning yaqinlari MXX (hozirgi DXX) idorasi sobiq boshlig‘i taqdiriga oid shu paytgacha matbuotga noma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim qilishdi.

Polkovnik Ibrohim Dehqonboyev
Polkovnik Ibrohim Dehqonboyev

Toshkent, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridagi MXX idoralarini 22 yil boshqargan polkovnik Ibrohim Dehqonboyev qamoqdan ozod qilinganidan 90 kun o‘tib, qayta qamalgan.

Jinoyat kodeksining 210-modda (Pora olish) va 301-modda (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bo‘yicha ayblanib, 16 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan polkovnik Dehqonboyev joriy yilning 6 - aprel kuni ozodlikka chiqarilgandi.

U ozodlikka chiqarilganidan ikki hafta o‘tib, internet orqali prezidentga video murojaat bilan chiqib, o‘zining “eski tizimning nohaq qurboni bo‘lgani”ni aytib, ozod etilgani uchun Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan edi.

Dehqonboyev o‘z chiqishida O‘zbekiston MXX raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov va MXXning shaxsiy xavfsizlik boshqarma boshlig‘i Rustam Nazarov, Surxondaryo MXX boshqarmasi Tergov bo‘limi boshlig‘i Nodir To‘raqulovlarning “qasddan qilgan ayblovlari sabab qamalgani”ni iddao qilgan.

Dehqonboyev o‘z chiqishida unga nisbatan qamoqxonada qiynoq qo‘llanilganini ham aytadi.

Yaqinlarining iddaosicha, Dehqonboev qamoqda qiynoqqa solingan.
Yaqinlarining iddaosicha, Dehqonboev qamoqda qiynoqqa solingan.

Ibrohim Dehqonboyev yaqinlarining Ozodlikka iddao qilishicha, uni ushbu chiqishidan so‘ng Toshkentdagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga chaqirib, tahdid qilishgan.

“Internetdagi shu videodan so‘ng Ibrohim akani GUIN (Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi. tahr)ga chaqirtirishdi. Tepadagilarga Internetdagi chiqish yoqmagan ekan. Ular Ibrohim akaga tahdid qilib, jim yurmasa, bir umrga qamalib ketishi mumkinligini aytishgan”, -dedi Dehqonboyevning yaqinlaridan biri anonim qolish istagi bilan.

Joriy yilning 5 - iyul kuni, Dehqonboyev yaqinlariga ko‘ra, uni Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga qayta chaqirtirishgan va u shu kuni ushbu binodan qaytib chiqmagan:

“5 - iyul kuni GUINga kirib ketgan Ibrohim akani haydovchi kechgacha kutib o‘tirgan. Qaytib chiqmagach, uyga qaytgan. Ibrohim akaning qayta qamalganini avgust oyida bildik. Uni “noto‘g‘ri ozod qilingani uchun” qayta qamalganini aytishdi”.

Ozodlikka taqdim qilingan rasmiy hujjatga ko‘ra, Ibrohim Dehqonboyev Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 22-jazoni ijro etish muasasasiga joriy yilning 6 - iyul kuni keltirilgani qayd etilgan.

Mahkumning rafiqasi Malohat Dehqonboyeva prezident Mirziyoyevga qilgan murojaatida eri soxta ayblovlar bilan qamalganini iddao qilgan:

“Turmush o‘rtog‘imga tazyiq va bosim o‘tkazib, yana qamoqqa olishdi”, degan Dehqonboyeva erining bir umrga qamalganini taxmin qiladi.

Малоҳат Деҳқонбоеванинг президентга мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:59 0:00

Dehqonboyev yaqinlariga ko‘ra, uning qayta qamalganiga oid biror hujjat berilmagan.

Dehqonboyeva eriga nisbatan qamoqxonada g‘ayriinsoniy munosabat qilinayotganidan ham shikoyat qilgan:

“Turmush o‘rtog‘imga qamoqxonada quyidagi holatlar qat’iyan ta’qiqlangan:

Birinchidan, advokat bilan uchrashish yoki gaplashish;

Ikkinchidan, bir oyda bir marotaba bizlar bilan telefon orqali so‘zlashish;

Uchinchidan, banderol yoki posilka olish;

To‘rtinchidan, xat yozish yoki olish hamda ariza bilan Instantsiyaga murojaat qilish;

Beshinchidan, qisqa yoki uzoq muddatli uchrashuvlardan foydalanish;

Oltinchidan, muassasa do‘konidan biron narsa sotib olish va hokazo.

Bundan tashqari, buyurtmaga asosan turmush o‘rtog‘imni kun davomida qattiq nazorat qilib, uni sog‘lig‘iga qaramasdan eng og‘ir ishlarda soat ertalab 07:00 dan majburlab kechqurun soat 21:30 gacha ishlatadi”.

Mahkumning yaqinlariga ko‘ra, 70 kun ichida Ibrohim Dehqonboyev bilan biror marta uchrashuv yoki so‘zlashuvga ruxsat berilmagan.

Dehqonboyev qarindoshlari uning avvalgi qamoq payti qiynoqqa tutilganini aytib, bunga isbot sifatida bir qancha hujjat va suratlarni Ozodlikka taqdim qilishdi.

“Suratlarda uning badanida turli jarohat izlari bor. Hujjatlarda bu chandiqlar koloniyaga tushmasidan oldin bo‘lmagani yozilgan. Suratlarda bemalol ko‘rsa bo‘ladi qiynoq izlarini. Hozir ham unga qiynoq qo‘llanilmayotganiga hech kim kafolat bermaydi. Biz uning bir umrga qamalganini taxmin qilyapmiz”, -deydi Dehqonboyev qarindoshlaridan biri.

13 - sentabr kuni Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mas’uli Ibrohim Dehqonboyevga nisbatan qamoqxonada hech qanday cheklov qo‘yilmaganini aytdi.

Biroq mas’ul Dehqonboyevning qayta qamalishi sababi va qamoq muddatiga oydinlik kiritmadi.

Davlat xavfsizlik xizmati (sobiq MXX) Qashqadaryo viloyati boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ibrohim Dehqonboyev 2014 - yilning avgust oyida hibsga olingan.

Qashqadaryodagi eng nufuzli shaxslardan sanalgan Dehqonboyev o‘sha paytda xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish, davlatga katta miqdorda iqtisodiy ziyon yetkazish, tovlamachilik kabi jinoyatlarda ayblangan.

Dehqonboyev jinoiy guruh tuzganlikda ayblangan va uning jinoiy guruhiga aloqadorlik ayblovi bilan o‘nlab MXX xodimlari ushlangan edi.

O‘sha paytda “Dehqonboyevning Qashqadaryo va Toshkent viloyatida mahalliy biznes ustidan nazorat o‘rnatgani va uning o‘nlab million AQSh dollariga teng boyligi borligi” yozilgandi.

2021 - yilning 13 - sentabr kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Ibrohim Dehqonboyev 2014 - yilning dekabrida sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) va 301-moddasi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bo‘yicha aybdor deb topilib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

2015 - yilda Dehqonboyev ustidan qayta sud o‘tkazilgan va uning qamoq jazosiga yana 1 yil qo‘shib berilgan.

DXXga aylangan MXX

2018 - yilning 19 - yanvar kuni prezident Mirziyoyev Surxondaryoda o‘tkazgan yig‘ilishda MXX faoliyatidan qoniqmasligini aytib, Karimov davrining eng qudratli generallaridan sanalgan Shuhrat G‘ulomovni "vatan xiyonatchisi" deb tanqid qilgan edi.

G‘ulomov 2017 - yilgacha O‘zbekiston MXX raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan va shu yili O‘zbekiston Oliy harbiy sudi uni Konstitutsion tuzumga tajovuz va narkotiklar kontrabandasini uyushtirishdan tortib og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topib, unga umrbod qamoq va davlatdan o‘g‘irlangan milliard dollardan oshiq mablag‘ni qaytarish haqida hukm chiqargani xabar qilingan.

Мирзиёев МХХ фаолиятини 37-йилдаги қатағонга қиёслади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:44 0:00

MXXga berilgan cheksiz vakolatni tanqid qilgan Mirziyoyev, tizim faoliyatini o‘tgan asrning 30-yillaridagi siyosiy qatag‘onlarga solishtirgan.

Shundan so‘ng xavfsizlik xizmatlari qayta tashkil etilib, DXX (Davlat xavfsizlik xizmati)ga aylantirildi.

Islohotlar deb taqdim etilgan o‘zgarishlarga boshchilik qilgan DXXning birinchi raisi Ixtiyor Abdullayev 2019 - yil fevralida lavozimdan chetlashtirildi va uyushgan jinoiy guruh tuzish va qator iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, 18 yilga qamaldi.

MXX tizimidagi "tozalashlar" bitta shaxsni chetlab o‘tdi: Karimov davridagi eng qudratli amaldor sanalgan - MXX raisi general Rustam Inoyatovgina daxlsiz qoldi.

President.uz saytidagi ma’lumotga ko‘ra, Inoyatov hozirda O‘zbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Рустам Иноятов кетди. МХХ нима бўлади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:20 0:00

XS
SM
MD
LG