Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:11

Qidiruvga berilgan Effect.uz jurnalistlari uyida. Ular sudga bosim o‘tkazganini rad etmoqda


Bosh prokuratura Effect.uz saytining ikki jurnalistiga nisbatan sirtdan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanganini aytgan.
Bosh prokuratura Effect.uz saytining ikki jurnalistiga nisbatan sirtdan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanganini aytgan.

Effect.uz sayti jurnalistlarining Ozodlikka aytishicha, ular Termiz tuman sudi binosiga bostirib kirmagan, balki Milliy gvardiya xodimi ruxsati va uning hamrohligida kirgan va bu holat sayt o‘z vaqtida e’lon qilgan videoda aks etgan.

Bosh prokuratura 6 - aprelda e’lon qilgan bayonotda esa, buning aksi aytilgan. Nazorat idorasining xabar qilishicha, Effect.uz saytining ikki jurnalistiga ayblov e’lon qilinib, ular qidiruvga berilgan.

Joriy yilning 12 - yanvarida Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan voqea va uning oqibatlari to‘g‘risida Bosh prokuratura bayonoti bilan jurnalistlar bergan izohlar bir-biriga zid kelmoqda.

Bosh prokuraturaning 6 - apreldagi bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, Effect.uz sayti ikki jurnalisti ustidan Jinoyat kodeksining 236-va 219-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

  • 236-modda. Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish - uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • 219-modda. Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bosh prokuratura bayonotida ismi tilga olinmagan ikki jurnalistga bu moddalar bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilinishiga Effect.uz sayti tayyorlab, e’lon qilgan videoyozuv asos bo‘lgani aytilgan.

12 - yanvarda nima bo‘lgan edi?

Ozodlik Bosh prokuratura ismlarini tilga olmagan ikki jurnalistning biri 34 yashar Akbar Nurimbetov, ikkinchisi 30 yashar Elyor Tojiboyev ekani ma’lum bo‘ldi.

Farg‘onalik Elyor Tojiboyev 7 - aprelda Ozodlik savollariga javoban, shu yilning 12 - yanvarida Termiz tuman sudida bir fuqaro ustidan ko‘rilgan ishni yoritishda qatnashganini, biroq prokuratura bayonotida aytilganiday, hamkasbi bilan sudyaga hech qanday bosim o‘tkazmagani, buni o‘z vaqtida e’lon qilingan videoda ham ko‘rish mumkinligini bildirdi.

Elyor Tojiboyevning hamkasbi, navoiylik Akbar Nurimbetov Bosh prokuratura bayonoti ortidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z bayonotini e’lon qildi.

Biz sudyaga hech qanday bosim o‘tkazgan emasmiz. Sudyaga nisbatan qo‘pol so‘z ishlatmaganmiz.

“Biz sudyaga hech qanday bosim o‘tkazgan emasmiz. Sudyaga nisbatan qo‘pol so‘z ishlatmaganmiz. Holatni borligicha ko‘rsatib berganmiz. Kim haqligini xalq, O‘zbekiston ko‘rib turibdi”, - deydi jurnalist o‘z videobayonotida.

Akbar Nurimbetovning fikricha, uni va hamkasbini sudyaning xonasiga bostirib kirdi, uning ish faoliyatiga bosim qildi, deb ayblash uchun mutlaqo asos yo‘q:

“Biz sud binosiga kirishdan oldin Milliy gvardiya xodimlariga o‘zimizni tanishtirganmiz va birgalikda kirib bordik. Va Milliy gvardiya xodimlari ko‘rgazmasi bilan (ko‘rsatgan yo‘l bilan) sudning qabulxonasigacha yetib borganmiz. Yetib borganimizda “bularni chiqarib tashla, bular kim o‘zi”, deb sudyaning o‘zi o‘shqirib chiqqan. Oldiniga uning kimligini ham tanimaganmiz. Oddiy bir fuqaro sifatida chiqib, o‘zini tanishtirmasdan “opchiqib tashla, kirmasin, chiqar bularni, yo‘qot bularni”, degandan keyin biz muxbirlarimiz tomonidan keskin so‘roqlar berildi va o‘shandan keyin mana shu tortishuv yuzaga kelgan. Lekin biz u joyda hech kimni haqoratlamaganmiz, hech kimni so‘kmaganmiz. Va sudda bo‘lib o‘tgan holatniyam tasvirga olganmiz. Sudya ajrim chiqargan, suddan chiqib ketishimizni so‘ragan, biz chiqib ketganmiz”, deydi Akbar Nurimbetov.

Jurnalist aytayotgan, shu yilning 12 - yanvarida Surxondaryo viloyat, Termiz tuman sudi binosida bo‘lgan voqeani mana bu joyda ko‘rish mumkin.

Bu video shu kungacha 600 mingdan ortiq marta ko‘rilgan, uning ostida 4500 dan ziyod sharh qoldirilgan. Sharhlarda asosan, sud xodimlari tanqid qilingan.

Bosh prokuraturaning 6 - apreldagi bayonotida aytilishicha, videoyozuvda qayd etilgan holatga huquqiy baho berishni Sudyalar oliy kengashi raisi Bosh prokurordan so‘ragan, Termiz tuman prokuraturasi tekshiruv o‘tkazgan va Jinoyat kodeksining 236- va 219-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘agan, tergov harakatlarini Surxondaryo viloyat prokuraturasi olib borgan.

Chaqiruv qog‘oz bilan bog‘liq "bahs"

Bosh prokuraturaning bildirishicha, “Effect.uz” axborot agentligining 2 nafar muxbiri ko‘plab marotaba tergov organiga rasman chaqirtirilgan”.

Jurnalist Elyor Tojiboyev bir marta ham chaqiruv qog‘ozi olmaganini, buni isbotlovchi hujjatlari mavjudligini aytdi va o‘sha hujjatlardan birini Ozodlikka taqdim etdi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, mahalliy IIB xodimi va boshqalar imzolagan dalolatnomada Elyor Tojiboyev nomiga kelgan chaqiruv qog‘ozi uning uyiga 1 - mart kuni olib borilgani, biroq chaqiriluvchining uyida hech kim bo‘lmagani uchun uni topshirish imkonsiz bo‘lgani aytilgan.

Jurnalist Elyor Tojiboyev tergovga chaqiruv qog‘ozi olmaganini tasdiqlovchi dalolatnoma.
Jurnalist Elyor Tojiboyev tergovga chaqiruv qog‘ozi olmaganini tasdiqlovchi dalolatnoma.

Jurnalist Akbar Nurimbetov esa, 7 - apreldagi videobayonotida u 30 - martda olgan chaqiruv qog‘ozida undan 18 va 23 - mart kunlariga tergovga kelish talab qilinganini aytgan.

“Bu chaqiruv qog‘ozlari Surxondaryo viloyatidan 23 - mart kuni jo‘natilgan ekan. Savol tug‘iladi: agar men hech qanday chaqiruv qog‘ozi olmagan bo‘lsam, qanday qilib tergovdan qochishim mumkin?”

Qidiruvga berilganlar o‘z uyida ekanini aytdi

Bosh prokuraturaning bildirishicha, “noma’lum sabablarga ko‘ra kelishdan bo‘yin tovlagan 2 nafar shaxsga nisbatan JKning 219- va 236-moddalari bilan sirtdan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va ularga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Jurnalist Elyor Tojiboyevdan olingan ma’lumotga qaraganda, uni qidirishga hojat yo‘q: u shu kunda Farg‘onadagi uyida.

“Koronavirus yuqtirib olganim uchun 3 - apreldan buyon uydaman, karantindaman”, - dedi jurnalist.

Jurnalist Akbar Nurimbetov esa, 7 - apreldagi videobayonotida bunday deydi:

“Bizni tergovga kelmadi, tergovdan yashirinib yuribdi, degan ayblovlarni qo‘yishyapti. Lekin men o‘z uyimda yashab turibman. Har kuni uyimdaman, ko‘chadaman, xalqning dardi bilan yuribman”.

Tahririyat jurnalistlari qidiruvda ekanidan bexabar edi

Effect.uz sayti bosh muharriri Akmal Eshonxonovning 7 - aprelda Ozodlikka aytishicha, jurnalistlari 25 - mart kuni qidiruvga berilganidan u 6 - aprelda xabardor bo‘lgan. Ungacha bu haqda na unda, na jurnalistlarning o‘zida bu haqda ma’lumot bo‘lgan.

AOKA, Bosh prokuratura, Oliy sud bilan bog‘lanib ko‘rdik, lekin tayinli bir javob ololganimiz yo‘q.

“Jurnalistlarimiz qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lganidan keyin bir qator idoralar: AOKA, Bosh prokuratura, Oliy sud bilan bog‘lanib ko‘rdik, lekin tayinli bir javob ololganimiz yo‘q. Biz, albatta, o‘z jurnalistlarimizni himoya qilish uchun harakatlarimizni boshlab yuborganmiz. Shuniyam aytishim kerakki, aynan o‘sha 12 - yanvardagi voqeadan so‘ng bizga nisbatan bosimlar, tahdidlar ko‘payib ketdi”, - dedi bosh muharrir Akmal Eshonxonov.

Ozodlik 7 - aprel kuni kun davomida Termiz tuman va Surxondaryo viloyat sudi bilan bog‘lanishga harakat qildi, biroq bu ikki muassasaning ochiq manbalardagi telefonlarini hech kim ko‘tarmadi.

AOKA javobsiz qoldirgan savol

Effect.uz sayti jurnalisti Fazliddin Mehmonov hamkasblari bilan bog‘liq voqea yuzasidan fikr bildirar ekan, bunday dedi:

“Jurnalistlarga nisbatan noqonuniy harakatlar juda ko‘p bo‘ladi. Vaholanki, bizni himoya qiladigan bir necha qonun bor. Lekin hech kim u qonunlarga e’tibor bermaydi. Har doim jurnalistni xafa qilgan tomonning qo‘li baland. AOKA ham har doim rasmiy idoralar munosabatini beradi. Mana, kecha ham Bosh prokuraturaning bayonotini e’lon qildi. Ikkinchi tomonni eshitadigan odam, idora bormi? Jurnalistni himoya qiladigan tashkilot bormi?!”

Ozodlik jurnalistning bu savoliga javob va Effect.uz bilan bog‘liq mojaroga munosabatini so‘rab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga (AOKA) murojaat qildi. Agentlik matbuot xizmati xodimi Ahmad Yusupov savolni eshitgach, “kechga yaqin javob tayyorlab qo‘yishini” aytdi. Aytilgan vaqtda “rahbariyat bu masala bo‘yicha rasmiy xat bilan murojaat qilishingiz lozimligini bildirdi”, deyish bilan cheklandi.

Bloger va jurnalistlar bilan bog‘liq tilga tushayotgan viloyat


Effect.uz sayti jurnalistlari bilan bog‘liq Surxondaryoda boshlangan mojaro bu viloyat bilan bog‘liq bu yilgi birinchi mojaro emas.

11 - mart kuni Surxondaryo viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriy ustidan sud jarayoni boshlangan, 3 - aprelda jarayonning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgan.

Telegram va YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Otabek Sattoriy IIV huzuridagi Tergov departamentining 1 mart kungi bayonotiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari va 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish) bilan ayblanmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon jurnalist va blogerlarni faollikka chaqirib keladi. Bunday chaqiruv davlat rahbari tilidan 18, 19 - mart kunlari Toshkent viloyatiga qilgan amaliy safari davomida ham yangragan edi.

"Ҳамма менга қарши" - Отабек Сатторий судида гувоҳлар ва қўшимча гувоҳларнинг кўрсатмалари тингланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:39 0:00

XS
SM
MD
LG