Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 00:22

Qirg‘izistonda katta soliq amnistiyasi: Kimning qarzlaridan kechilyapti?


Qirg‘iziston parlamenti. 2024-yil.
Qirg‘iziston parlamenti. 2024-yil.

Qirg‘izistonda hukumat butun mustaqillik davridagi eng yirik soliq amnistiyalaridan birini e’lon qildi. Aytilishicha, davlat soliq to‘lovchilarning 2022-yilgacha yig‘ilib qolgan qarzlari hamda transport solig‘idan 2025-yilga qadar to‘plangan barcha qarzlaridan kechadi. O‘chirilgan qarzlar summasi 8,5 mlrd som (qariyb 100 mln dollar)ni tashkil qilmoqda. Oldinroq Qirg‘iziston prezidenti Japarov ham aholining soliq yuklamasini kamaytirish to‘g‘risida farmon imzolagan edi.

Xo‘sh, hukumat nega soliq qarzlaridan kechish harakatiga tushdi, ekspertlar bu haqda nima deyishadi?

***

2024-yilning kuzida aholiga soliqdan yengillik berish xususida hech qanday gap yo‘q edi: aksincha, hukumat yangi soliqlar joriy etishni o‘ylab turgandi. 2024-yilning dekabrida hukumat va soliq xizmati rahbarlari almashdi, endi bo‘lsa 200 mingdan ortiq subyekt soliq qarzlaridan ozod etilmoqda.

Hukumat ma’lum qilishicha, jami 8,5 mlrd som qarz o‘chiriladi. Shuning 300 mln somi – yaqinda bekor qilingan transport solig‘idan yig‘ilib qolgan qarzdorlik. Qolgani esa 2022-yilgacha to‘lanmagan boshqa soliqlar. Kechiladigan soliq qarzi boshida 11 mlrd som deb ko‘rsatilgandi, lekin keyin bu raqam o‘zgardi.

Hukumat soliq amnistiyasi qarorini 2-3 yildan beri osilib turgan qarzlar baribir to‘lanmasligi, ularni undirishdan umid yo‘qligi bilan izohlamoqda.

“11 mlrd som – bu shirkatlarning soliqdan qarzlari bo‘lib, ular egalari qidiruvga berilgani yoki bankrot bo‘lgani sababli to‘lay olmagan, – deya izoh bergandi soliq xizmati boshlig‘i Almambet Shikmamatov. – Bu soliqlar to‘lanmagan bo‘lsa-da, sun’iy ravishda statistikaga qo‘shilgan. Biz bu qarzlardan voz kechmoqchimiz. Voz kechmaganimizda ham ular baribir to‘lashmaydi”.

"Чeгараларимизни чизиқлар ажратса"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:30 0:00

Shirkat bankrot bo‘lganida yoki yopilganida soliqdan qarzdorlik paydo bo‘lishi tez-tez uchraydigan holat: firmani tugatish jarayoni uzoq davom etishi mumkin, ammo soliqlar yig‘ilib yotaveradi.

Iqtisodchi Bakit Satibekov ham shirkatlarning qarzlari soliq to‘lash tizimi noqulay bo‘lgani sababli to‘planib qolgan bo‘lishi mumkinligini aytadi. Qirg‘iziston qonunchiligi boshqa mamlakatlardan ko‘chirilgani va mahalliy sharoitga moslanmaganini ekspertlar ilgari bir necha marta ta’kidlashgan edi.

“Mening nazarimda muammo – Qirg‘izistonda hozirda amal qilayotgan soliqqa tortish tizimining murakkabligida, – tushuntiradi Satibekov. – Masalan, o‘sha transport solig‘i bo‘yicha avval “raschyot”larni topshirish, undan keyin bankka borib to‘lash kerak. Soliq to‘lash qancha murakkab bo‘lsa, odamlar uni kechiktirishga yoki to‘lashdan bo‘yin tovlashga shunchalik moyil bo‘ladi”.

“Umuman olganda, men soliq ma’murchiligini soddalashtirish tarafdoriman. O‘shanda bunaqa qarzdorlik ham bo‘lmaydi, hech kimning qarzini kechishga ham hojat qolmaydi”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Iqtisodchi Joldosh Asibaliyevga ko‘ra, qarzlardan kechgani bilan davlat baribir yutyapti. Misol uchun, transport solig‘i bekor qilindi, lekin uning o‘rniga avtomobil egalaridan har bir litr benzindan bir som soliq undiriladi. Bu adolatdan bo‘ladi, deydi ekspert, chunki yangi sxema bo‘yicha faqat mashina minadiganlar soliq to‘laydi, yurish-yurmasligidan qat’i nazar barcha avtomobil egalari emas. Soliqlar to‘lanishi ham kafolatli.

“Transport solig‘i avvalboshdan juda g‘alati soliq edi. Ma’murchilik mexanizmi, ya’ni odamlar uni to‘lashi uchun nima qilish kerakligi belgilanmagan edi, – deydi Joldosh Asibaliyev. – Soliqni yig‘ishardi-yu pul qayerga ketishi ham mavhum qolardi. Yagona ma’murchilik usuli bu reydlar edi: bir oy reyd qilinar va o‘shanda to‘lagan to‘lab qolardi. Shuning uchun bu soliqni bekor qilishdi – undirish qo‘llaridan kelmadi”.

Transport solig‘idan tashqari, fermerlar qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanganlik uchun mulk solig‘idan 2035-yilgacha ozod bo‘lishdi.

Shuningdek, hukumat biznes uchun profilaktik tekshiruvlar joriy etishni rejalamoqda – qonunbuzarliklar, xususan soliq qonunbuzarliklarini aniqlash uchun emas, balki ularning oldini olish maqsadida. Biznes ahli bu yangilikdan umuman olganda, mamnun. Faqat bir savol qolyapti: korrupsiyada gumon qilingan tadbirkorlar va siyosatchilardan g‘aznaga katta pul undiriladigan “qustirish” tartib-taomillari shaffof bo‘ladimi, yo‘qmi?

“Siz aytgan “qustirish” jarayoni qachonlardan beri davom etyapti. Ammo kim, nega va qancha to‘lagani bo‘yicha aniq va mantiqiy izoh hech qachon berilmagan, – deydi Joldosh Asibaliyev. – Masalan, sobiq bosh vazir Jumaliyev nima uchun to‘ladi? Shirkatlari juda ko‘p edimi? Bu shirkatlar noto‘g‘ri ishlaganmi, soliq to‘lamaganmi yoki xususiylashtirish noto‘g‘ri qilinganmi? Buni bilolmadik”.

Ekspertlar yangi soliq amnistiyasi katta ehtimol bilan hukumatning imijini yaxshilashini aytishmoqda, chunki ko‘plab tadbirkorlar soliq yukidan qutulishayotganiga xursand. Mazkur vaziyatda soliqlarni har doim vaqtida to‘lab yurgan fuqarolargina xafa bo‘lishi mumkin (hukumat buni ham tushunadi) – qonunga itoatkor va vijdonli bo‘lishdan hech qanday naf bo‘lmagani uchun.

XS
SM
MD
LG