Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:50

Qirg‘izistonda madrasalarga talab ortmoqda. Jamoat faollari nimadan xavotirda?


O‘sh viloyatidagi Sayida Hadicha madrasasining talaba qizlari.
O‘sh viloyatidagi Sayida Hadicha madrasasining talaba qizlari.

Qirg‘izistonda diniy ta’limga talab ortmoqda. Mamlakat diniy maktablarda o‘qiydigan qizlar soni bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda. Ammo tanqidchilar madrasalar faoliyati zarur darajada tartibga solinmagan va bu Qirg‘izistonning islomiylashuviga olib keladi, deya xavotirga tushganlar.

O‘sh viloyatining O‘zgan tumanidagi zamonaviy ko‘rinishli chiroyli madrasada o‘smir yoshidagi ikki qiz Qur’ondan tahsil olishmoqda. Ular hozirgina o‘zlari qiroat qilgan arabcha matnni tushunmasliklarini tan olishadi.

“Men buning ma’nosini tushunmayman”, deydi talaba qizlardan biri undan Rum surasini izohlab berish so‘ralganida.

“Men Naba’ surasini o‘qidim, – deydi ikkinchi talaba. – Lekin ma’nosini hali tushunmayman”.

Qizlar madrasasi o‘qituvchisi Ibodat Mojuyeva buni tabiiy deb hisoblaydi.

“Madrasada uch yil o‘qish tafsirni o‘rganish uchun kamlik qiladi, – deya izoh beradi u. – Avvalo nahv (arab tili grammatikasi)ni o‘rganish, ko‘p mutolaa qilish va shundan keyingina Qur’onni sharhlashga o‘tish kerak. Bu yerda tafsir o‘rgatilmaydi”.

Ushbu suhbat kechgan madrasa O‘zganning Mirza-Aka qishlog‘ida bo‘lib, Abduraim Qori nomi bilan ataladi. Qirg‘izistonda bu kabi diniy maktablar islomiy ta’lim bilan bog‘liq qizg‘in bahs-munozaralar markazida.

Bir tarafdan diniy ta’limga talab ortmoqda, bunga, xususan, ota-onalar qizlarini “islom qoidalari va urf-odatini hurmat qiladigan kelin qilib tayyorlash uchun” madrasalarga berayotgani ham sabab bo‘layotir.

Boshqa tarafdan esa, aksari norasmiy bu maktablar faoliyati davlat tomonidan yetarlicha tartibga solinmasligi, ularning moliyaviy manbalari, ta’lim berish sifati va dunyoviy jamiyatdan uzilganligi ko‘pchilikda xavotir uyg‘otmoqda. Aytilayotgan fikrlarga ko‘ra, bu omillar ekstremistik islom ideologlarining imkoniyatlarini oshirishi mumkin.

Madrasalar “juda ham ko‘p”mi?

Qirg‘iziston muftiyati ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda islomiy ta’lim beruvchi 130 o‘quv muassasasi, jumladan, 9 yillik o‘rta maktabni tugatgan qizlar qabul qilinadigan 34 ta madrasa mavjud. Qariyb 7 million aholi yashaydigan mamlakatda har yili 6 mingdan ziyod qizlar diniy ta’lim olishmoqda.

Qiyoslash uchun: aholisi Qirg‘izistonnikidan 3 baravar ko‘p bo‘lgan qo‘shni Qozog‘istonda atigi 12 ta davlat madrasasi bor, shundan faqat uchtasi qizlar va ayollar uchun. 35 million aholi yashaydigan O‘zbekistonda esa bor-yo‘g‘i 15 ta madrasa bo‘lib, ular ham asosan, universitet yoshidagi talabalarni o‘qitishga mo‘ljallangan.

Ushbu raqamlar Qirg‘izistonda amalda e’tiqod erkinligiga munosabat ancha toqatli ekanini ko‘rsatmoqda. Biroq, Diniy ishlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (DIDQ) sobiq raisi O‘razbek Mo‘ldaliyev fikricha, mamlakatda madrasalar “haddan tashqari ko‘payib ketgan”.

“Boz ustiga, ularda ta’lim sifati past, – deydi Mo‘ldaliyev. – Domlalar orasida bilimlilari bor, ammo islomni tushunmaydigan chalamullalar ham anchagina”.

200 nafar qiz bepul o‘qiydigan va yashaydigan Abduraim Qori madrasasi o‘z o‘quv dasturi bilan faxrlanadi.

Bu yerda qizlar uch yillik o‘qish davrida diniy ta’limdan tashqari, kompyuter savodxonligi asoslari, jumladan grafik dizayn, tikish-bichish, oshpazlik va boshqa hunarlarni ham o‘rganishadi.

Yaqinda ushbu madrasada bo‘lgan Ozodlik muxbiri oq hijob o‘ragan va qora ko‘ylak kiygan yosh qizlar kulishib, chaqchaqlashib voleybol o‘ynaganlariga guvoh bo‘ldi. O‘yinga erkak o‘qituvchi hakamlik qilayotgan edi.

Qizlar maktabida mobil telefonlar taqiqlangan. Dam olish kunlaridan tashqari, sinfxonalarda ham, yotoqxonalarda ham chiroq soat 23:00 da o‘chiriladi.

“Yotishdan oldin duo o‘qiymiz. Qizlarni Allohning ismini zikr qilib, so‘ngra qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha uxlashga o‘rgatamiz”, deydi madrasa qoshidagi yotoqxona mudirasi Nozgul Risqulova.

Madrasalar diplomi “shariat ilmi asoslari”dan dars berish huquqini beradi. Ammo bu diplom bilan yaxshi ish topish imkoni juda cheklangan.

Diniy maktablar diplomi dunyoviy universitetlar uchun ham biron qiymatga ega emas. Abduraim Qori madrasasi asoschisi Abdurahmon Otaboyev ayrim bitiruvchilar universitetlarda ham o‘qib chiqib, dunyoviy maktablarda ham dars berishayotganini aytadi.

“Buzg‘unchilik bo‘lsa, darrov xabar topamiz”

Otaboyev Ozodlik muxbirining moliyaviy masalalarga oid savollariga javob berarkan, aniq ma’lumotlar keltirmadi va madrasa mahalliy manbalardan moliyalanishini va “yirik homiysi yo‘q”ligini aytish bilan cheklandi. Uning aytishicha, madrasani pul bilan ta’minlashda “mahalliy oqsoqollar va yigitlar”ning katta hissasi bor.

Qirg‘izistondagi qator diniy maktablar Fors ko‘rfazi davlatlarining mablag‘lari hisobiga qurilgan. Arab davlatlarining o‘z ta’sirini kengaytirishga intilib, diniy maktablarga homiylik qilayotgani qirg‘iz jamiyatida islomning boshqa mazhablari yoyilishiga olib keladi, degan xavotirlar bor. Qirg‘iziston muftiyligi esa mo‘tadil Xanafiya mazhabiga tayanadi.

Yana bir qancha maktablarni aholining islomga qiziqishidan foydalanib, ular orasida obro‘ orttirishni ko‘zlagan mahalliy siyosatchilar qurib berishgan.

Qirg‘iziston xavfsizlik xizmatlari vaqti-vaqti bilan diniy ta’lim beruvchi muassasalar faoliyatini tekshirib, litsenziyasiz, yashirin ishlayotgan madrasalarni aniqlagani yoki ayrim madrasalarning litsenziyasi to‘xtatib qo‘yilgani haqida axborot berib turadi.

Mart oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Qirg‘iziston muftiyati ruxsat bermagan adabiyotlar asosida 6–9 yoshli bolalarga diniy ta’lim berilgan hujra aniqlanganini ma’lum qilgan edi.

MXDQ xabarnomasida aytilishicha, madrasada bolalarga dars bergan erkakning diniy ma’lumoti bo‘lmagan, o‘quvchi bolalarning aksari esa oddiy maktabga qatnamaganlar. Hujra ochgan erkak 85 AQSH dollariga teng miqdorda jarimaga tortilgan, ammo unga qamoq jazosi xavf solmaydi.

2023-yilda MXDQ “qurilish, sanitariya va yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani, shuningdek diniy maktablar uchun mo‘ljallangan yagona ta’lim standartlariga rioya qilinmagani uchun” O‘sh viloyatidagi 12 ta islomiy ta’lim maktabini yopgani haqida bayonot bergan edi.

Qo‘mitaning yuqori martabali mulozimi Zamir Qojomberdiyev ushbu o‘quv muassasalari “kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng”, yana ochilganini atadi. Uning fikricha, hukumat madrasalar faoliyatini tartibga solish masalasida o‘z yondashuvini o‘zgartirmasligi kerak.

“Agar madrasalarda kimdir buzg‘unchilikka chaqirsa yoki ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilsa, biz albatta xabar topamiz. Chunki madrasalarda ishlaydiganlar Qirg‘iziston fuqarolari, vatanparvar odamlar. Ular buzg‘unchilik bo‘lsa, bu haqda ochiq gapirishadi, bunaqa narsalarga ular o‘zlari ham qarshi”, deydi Qojomberdiyev.

Стив Свердлов: “Ўзбекистонда диний эркинликлар доираси торайиб бормоқда”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:42 0:00

“Tarbiyaviy soatlar”

Bu javob diniy ta’lim tanqidchilarini sira qoniqtirmaydi. Xususan, madrasalar faoliyatini kuzatuvchi Ensan-Diamond notijorat tashkiloti rahari Jamila Qaparova ayrim madrasalar chet tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan xususiy o‘quv muassasasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani va ularning hujjatlarida diniy ta’lim haqida gap-so‘z yo‘qligini aytadi.

Qaparovaga ko‘ra, ayrim madrasalar ta’lim xayriya mablag‘lari hisobiga bepul olib borilishini iddao qilishgani bilan, talabalardan har oy ma’lum miqdorda to‘lov undirishadi.

Ozodlik suhbatdoshi diniy ta’lim sifatiga oid xavotirlarda jon bor, deb hisoblaydi. “Bir madrasada bo‘lganimda talaba qizlarga “tarbiyaviy soat” o‘tilayotgan ekan. O‘qituvchining ma’ruzasi asosan, qanaqa xotin va kelin bo‘lish, erning xonadoniga qanday xizmat qilish haqida edi. Menimcha, ularga berilayotgan ta’lim deyarli shunaqa narsalardan iborat bo‘lib qolmoqda”, deydi ekspert.

Qirg‘izistondagi madrasalar tizimiga oid xavotirlar Jenevadagi “Bulan” Tinch innovatsiyalar institutining 2019-yilgi hisobotida ham tilga olingan ed. Unda institut rahbari, Qirg‘izistonda tug‘ilgan Cho‘lpon O‘rozbekova “tizimni zudlik bilan isloh qilish”ga chaqirgan.

Biroq “Bulan” institutining madrasalar dasturiga dunyoviy fanlarni kiritish, diniy ham dunyoviy ma’lumotli o‘qituvchilarni jalb etish kabi asosiy tavsiyalari qog‘ozda qolib ketmoqda.

Madrasalardagi ta’lim saviyasi bilan bog‘liq xavotirlar islom hamjamiyati ichida ham bor.

Musulmon ayollar bilan ishlovchi “Mutakallim” notijorat tashkiloti rahbari Jamal Frontbek qizi madrasalarni o‘quv dasturiga matematika, fizika va jamiyatshunoslik kabi fanlarni kiritishga chaqiradi. “Toki madrasani tamomlagan qizlar tashqi dunyoga yaxshiroq tayyorlansinlar, giperkonservati va ekstremistik mafkura oldida ojiz bo‘lib qolmasinlar”, deya izoh beradi u.

Jamalaning tashkiloti hukumat bilan hamkorlik qiladi, G‘arbning donor tashkilotlaridan ham grantlar oladi.

“Bir loyiha doirasida 12 ta madrasada jamiyatshunoslik darslarini joriy qilgan edik. Ammo loyiha tugaganidan so‘ng ayrim madrasalar bu fanni o‘qitmay qo‘ydi”, deydi u.

Qizlar madrasalari o‘zining jamoaviy missiyasini uddalay olmayotganini tasdiqlovchi ko‘rsatkichlardan biri – ushbu ta’lim muassasalarini tashlab ketayotganlar soni ko‘pligidir.

O‘sh shahridagi madrasalardan birining direktori aytishicha, ko‘plab talaba qizlar turli sabablarga ko‘ra o‘qishni bitirmasdan madrasani tark etadilar. Masalan, turmushga chiqishadi, ish topishga majbur bo‘lishadi yoki o‘qishni eplay olishmaydi.

“Bizning asosiy maqsadimiz – qizlarni ota-onasini hurmat qilishga, qalbini pok tutishga o‘rgatish, jamiyatga o‘z vatanini sevadigan yaxshi insonlarni yetishtirib berishlari uchun bo‘lajak onalarni tarbiyalash”, deydi “Saida Hadicha” nomli qizlar maktabi direktori Janara Maqsutova.

Ozodlik bilan gaplashgan ushbu madrasa qizlari oxirigacha o‘qishga qat’iy ahd qilganlarini aytishdi.

“Kelajakda arab tili muallimasi bo‘lmoqchiman, – deydi Mahbuba Abazova ismli talaba qiz. – Xudo xohlasa, ikki yildan so‘ng hofizi Qur’on bo‘lib yetishaman”.

XS
SM
MD
LG