Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:54

Qo‘ylar namoyishi: Samarqandda klasterdan norozi cho‘ponlar qo‘yini hokimlikka haydab bordi


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda hokimlik binosi atrofida ma’ragan yuzlab qo‘y-qo‘zilarni ko‘rish mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda hokimlik binosi atrofida ma’ragan yuzlab qo‘y-qo‘zilarni ko‘rish mumkin.

Samarqand viloyatining Nurobod tumanida mahalliy cho‘ponlar yaylov yerlarining klasterlarga berib yuborilayotganiga norozilik bildirib, qo‘ylar suruvini hokimlikka haydab bordi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda hokimlik binosi atrofini ma’ragan yuzlab qo‘y-qo‘zi o‘rab olgani, bir guruh odamlar hokimlikdan yaylov talab qilayotgani ko‘rinadi.

Самарқандда қўйлар намойиши
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:23 0:00

Voqea 6 - aprel kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumani hokimligi binosi oldida mahalliy vaqt bilan kechki 4lar atrofida bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan Nurobod tumanining Qilichli mahallasi vakillaridan biri yaylovlarning klasterga berib yuborilishi oqibatida chorvasini o‘tlatishga yer qolmaganini aytdi.

“Shu paytgacha qo‘ylarni yaylovlarda boqib keldik. Tirikchiligimiz chorvadan. Manovi klaster degan narsa chiqqanidan so‘ng qo‘ylarni yaylovga kiritmay qo‘ydi. Hozir haydab borsak klaster meni yerim deydi, u yerga borsak unisi ol qo‘ylaringni, meni yerim deydi. Shunga hokimlikdan yaylov ajratib berishni so‘rab bordik”, - deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Cho‘pon qo‘yini qayda boqsin?

Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yilning kuzida Nurobod tumanida qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun “Samarqand qorako‘l klaster” MChJ korxonasiga 151 ming gektar hamda “SP LUXE” MChJ qo‘shma korxonasiga 197 243,4 gektar yaylov yer maydonlari ajratilgan.

“SP LUXE” MChJ esa tumandagi “Sohibkor Hojiakbar” fermer xo‘jaligi bilan o‘zaro shartnoma imzolab, 834 gektar yaylovni 49 yilga ijaraga bergan.

Shartnomaga ko‘ra, 834 gektar yaylovda 1 yarim ming qo‘y boqish ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan ushbu yer maydonida fermer xo‘jaligi tomonidan 4 mingdan ziyod chorva mollari boqilganligi Qilichli mahallasi fuqarolarining noroziligiga sabab bo‘lgan.

Ozodlik “SP LUXE” MChJdan ham “Sohibkor Hojiakbar” fermer xo‘jaligi rahbariyatidan ham izoh ololmadi.

Nurobod tumani hokimligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda: “Kechani o‘zida majlis o‘tkazilib, “SP LUXE” MChJ va “Sohibkor Hojiakbar” fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi yaylov arendasi bilan bog‘liq shartnomani bekor qilishga kelishildi. Birinchi navbatda, qishloq aholisi chorva mollari uchun yaylov ajratiladigan bo‘ldi”, - dedi.

Ammo hokimlik rasmiysi, aholi chorva mollari uchun yaylovlar qanday shartlarda ajratilishiga aniqlik qiritmadi.

Shu paytgacha hech qanday to‘lov to‘lamasdan yaylovlarda qo‘ylarini boqib kelgan nurobodliklar klaster bilan shartnoma tuzib belgilangan hududlarda qo‘ylarini ma’lum to‘lov evaziga boqishga rozi emasliklarini aytishadi.

“Kechagi majlisda hamma endi to‘lov evaziga boqadi, degan gap ham bo‘ldi-da. Nurobod tumani aholisi asosan chorvachilikdan kun ko‘radi. Mana shu yaylovlar bor ekan, qo‘yimiz bor. Har bir xonadonda 20-30ta qo‘y, kamida 3-4 sigir bor. Bizda hamma yoq dashtlik, yaylov bo‘lgani uchun odamlar molini, qo‘yini shu yaylovda boqadi. Yem-hashak yo‘q. Hozir klaster hamma yaylovlarga egalik qilib olib, qo‘yingni o‘tlatasan, junini berasan yoki pul to‘laysan, degan talablarni qo‘yyapti. Bunaqasi bizda bo‘lmagan. Kecha majlisda har kimni o‘zini yaylovi bo‘ladi, to‘lov evaziga, degan gaplar ham bo‘ldi, shunga hamma norozi bo‘lyapti, - deydi nurobodliklardan biri.

Ayni paytda Nurobodda 40 gektar yaylovni “A. I. S.” MChJga berish haqidagi tuman hokimligi qarori ham bekor qilingan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 7 - aprel kuni Nurobod tuman hokimligi va tuman kadastr bo‘limi mas’ullari ayrim ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari soxta hujjatlar asosida lalmikor yer maydonlari sifatida “A. I. S.” MChJga berilganligi hamda Nurobod tuman hokimining 2020 - yil 23 - dekabrdagi 905-Q-son qarori korrupsion holatlar asosida chiqarilganligi haqidagi mahalliy fuqarolar shikoyatini o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

Agentlikka ko‘ra, Nurobod tuman hokimining mazkur qarori qabul qilinishida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni berish va yaylovlardan foydalanish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmaganligi ma’lum bo‘lgan.

"Jumladan, Nurobod tuman hokim qaroriga asosan “A.I.S.” MChJga Nurobod tumani Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlarda joylashgan yaylov yer maydonlari lalmikor yer sifatida g‘allachilik bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan. Ushbu konturlardagi yer maydonlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2021 - yil 27 - martdagi 01002-sonli xatida uzoq yillardan buyon foydalanilmagan va ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari ekanligi ham ko‘rsatilgan.

O‘rganishlar va Nurobod tuman hokimligi mas’ullari bilan olib borilgan tegishli harakatlar natijasida tuman hokimining qarori bekor qilinib, Nurobod tumani Toshquduq massivida joylashgan yaylov yer maydonlari tuman hokimligi zahirasiga olindi", deyiladi agentlik bayonotida.

Samarqandning Nurobod tumani chorvachilik bo‘yicha ilg‘or tumanlardan sanaladi.

Hokimlik saytiga ko‘ra, tumanda hozir 100 mingdan ortiq qoramol, 250 mingdan ortiq qo‘y-echki boqilyapti.

“Miting uchun jazo bor davlatda qo‘ylar namoyishga chiqadi”

Ijtimoiy tarmoqlarda Nuroboddagi qo‘ylar namoyishi turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi. Twitter foydalanuvchilari ushbu holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov: “Bunaqa ishdan keyin qo‘ylar namoyishga chiqmay kim chiqsin”, - deb yozdi Twitter kanalida.

Mufasa ismli foydalanuvchi esa: “Fuqarolar miting qilgani uchun jazo bor davlatda qo‘ylar chiqadi”, deya tvit qildi.

5 - aprel kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumani Saroy mahallasidagi gaz va elektr muammosiga norozilik bildirib, yo‘l to‘sganlardan besh nafari IIBga olib ketilgandi.

Ba’zi foydalanuvchilar New York Times ro‘znomasida ham bu qo‘ylar haqida maqola chiqishini aytib, hajv qildi.

Nuroboddagi hodisani "Butun O‘zbekiston qo‘ylari, birlashingiz!", deya hajv qilganlar ham bo‘ldi.

Mirziyoyev klasteri

O‘zbekistonning chorvachilikka ixtisoslashtirilgan boshqa hududlarida ham yaylovlarni klasterlar egallashi ortidan mahalliy chorvadorlar jiddiy muammoga yuz tutgan.

Jizzaxning Forish tumanida yaylov yerlarining “Lazzat Kafolat” agroklasteriga berilishi mahalliy chorvadorlar noroziligiga sabab bo‘ldi.

Forishlik fermer Erkin Normurodovning aytishicha, yaylov bilan bog‘liq muammo sabab ayrim cho‘ponlar qo‘y-molini sotishga majbur bo‘lyapti.

“Yem-hashakni zo‘rg‘a amallab qishdan chiqdik desak, yaylovlar klasterlarga berib tashlangan. Hamma norozi. Ayrimlar qo‘y-molini ochlikdan o‘lmasidan oldin sotib yuboramiz, deb turishibdi”, - deydi fermer.

O‘zbekistonda so‘nggi uch yil davomida avvaliga paxtachilik va bug‘doychilik¸ 2020 - yildan esa¸ chorvachilik, meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari tashkil etilishini hukumat qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni “chuqurlashtirish” bilan izohlab keladi.

Ozodlikka murojaat qilgan aksar fermerlar klaster tizimi bahonasida serhosil yerlar mahalliy amaldor va hokimiyatga yaqin mulkdorlar tomonidan qayta bo‘lib olinayotganini aytishadi.

Klasterga majburan biriktirilgan yuzlab fermer xo‘jaliklari yillab o‘z xizmat haqini ololmay¸ bankrotlik yoqasiga kelib qolganini aytmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham klaster tizimidagi korrupsiyani tanqid qilgan, ammo bu tizimga o‘zgartish kiritish yoki uni bekor qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilmagan.

Buxoroda ochlikdan o‘layotgan qo‘ylar

O‘tgan hafta Ozodlik Buxoro viloyatining Peshko‘ tumani cho‘l hududlarida qo‘ylar ochlikdan nobud bo‘layotgani haqda xabar qilgan edi.

Peshko‘ tumani Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi rahbari Zavhiddin Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda ba’zi fermerlar qishlov oldidan ozuqa bazasini g‘amlamagani oqibatida qo‘ylar orasida o‘lim holatlari bo‘layotgani, lekin muammo ko‘lamli emasligini aytgan.

Mutaxassislar chorvachilikdagi inqiroz yaqin oylarda go‘sht narxlarining yanada qimmatlashishiga olib kelishini aytishmoqda.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi o‘tgan yil dekabridagi hisobotida go‘sht mahsulotlari narxlari o‘sishiga sabab bo‘lgan uch omildan biri sifatida yem-xashak bazasi kamayishini tilga olgan..

“Go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasi ta’minlay olinmagani ozuqa bazasi rivojlanmaganligi bilan bog‘liq”, deyilgan vazirlik hisobotida. Bu o‘z navbatida, mazkur mahsulotlar birja narxlarining mos ravishda 17%, 21% va 27%ga oshishiga olib kelgan.

XS
SM
MD
LG