O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, kuniga 130−140 ming kishi COVID-19 kasalligiga qarshi emlanyapti. Hozirga qadar mamlakat bo‘ylab 4,2 mln. dozadan ortiq vaksina ishlatilgan. Deyarli 700 ming kishi emlashning to‘liq kursini yakunlagan.
Bu haqda 6 - iyul kuni Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov bayonot berdi.
Emlash sur’atlarini sust deb baholagan Nurmat Otabekov kasallikning oldini olishga qaratilgan bu chorani majburiy qilish kerak, degan g‘oyani quvvatlashini bildirdi. Hozircha esa, O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi emlash ixtiyoriy va tekindir.
Bir tumandagi vaziyat
Andijon viloyatining Shahrixon tumanida, ramiy ma’lumotlarga qaraganda, 227,5 ming kishi yashaydi. Shahrixonlik vrach-bloger Otabek Ahliddinovning 7 - iyulda Ozodlikka bildirishicha, shu kunda tumandagi 3 ta poliklinika, 6 ta QOP (Qishloq oilaviy poliklinikasi) va 6 ta QVPda (Qishloq vrachlik punkti) aholi COVID-19 ga qarshi emlanmoqda. Shu kungacha tuman bo‘ylab 50 ming kishi vaksina olib bo‘lgan. Vrachning aytishicha, vaksina taqchilligi yo‘q:
“Emlash ishi bilan bevosita shug‘ullanayotgan hamkasblarimning aytishicha, bu masala kundalik nazoratda, ishlatilgan vaksinalar o‘rni yangi dozalar bilan muntazam to‘ldirilmoqda, vaksinalarni saqlash uchun sharoitlar ham yetarli”.
Shahrixonlik vrachning aytishicha, COVID-19 ga qarshi emlash ixtiyoriydir. Hatto ba’zi mamlakatlarda bo‘lgani kabi, tibbiyot xodimlari ham vaksina olishga majbur emas.
Mamlakatdagi vaziyat
Emlash jarayonining umumiy manzarasini Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov 6 - iyul kuni o‘tkazilgan brifingda mana bunday tasvirlab berdi:
“Biz shu yilning 1 - aprelidan boshlab, yoshi 65 dan yuqori bo‘lganlarni, surunkali kasalligi borlarni, tibbiyot xodimlarini, o‘qituvchilarni, maktabgacha ta’lim muassalalari xodimlarini, keyinchalik esa, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini, endilikda Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Samarqand viloyatida yoshi 18 dan yuqori bo‘lgan aholini emlashga ruxsat berdik”.
Nurmat Otabekov keyingi paytlarda o‘lim holatlari ko‘payganini tan oldi:
“Haqiqatan ham keyingi ikki hafta mobaynida har kuni 3-4 bemorning hayotdan ko‘z yumayotgani haqida xabar topyapmiz. Aksariyat holatlarda surunkali kasalligi bor bemorlar: qandli diabet, nafas olish tizimida muammosi borlar, onkologik kasalligi, yurak qon-tomir tizimida kasalligi borlar vafot etyapti”.
"Emlanmaganlar vafot etmoqda"
Notiqning aytishicha, COVIDdan vafot etganlar vaksina olmagan bemorlardir:
“Ming afsuski, hozirgi kunda kasallik tufayli og‘ir ahvolda shifoxonaga tushib, hayotdan ko‘z yumayotganlarning qariyb barchasi emlangan emas”.
Nutqi davomida Nurmat Otabekov nega “qariyb” degan so‘zni ishlatganini izohlamadi. Biroq birozdan so‘ng bunday dedi:
“Hayotdan ko‘z yumganlar orasida bironta ham shu kasallikka emlanganlar yo‘q”. Nurmat Otabekovning aytishicha, “kasallikdan aziyat chekayotganlar emlanmagani uchun afsus-nadomat chekmoqda”.
6 - iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir qator deputatlari koronavirus bo‘yicha vaziyatni barqarorlashtirish uchun respublikada majburiy emlash kiritilishi tarafdori ekanliklarini aytishgan. Deputatlarning fikri O'zbekiston 24 telekanalining “Taraqqiyot formulasi” ko‘rsatuvida yangragan.
Majburiy emlash - to‘g‘ri g‘oya?
6 - iyul kungi brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov qo‘lidagi yozma savollarni o‘qib, ularga javob berdi. U o‘qib eshittirgan savollardan birida emlashni majburiy va pullik qilib qo‘ysa bo‘lmaydimi, deb so‘ralgan.
Nurmat Otabekov o‘zi o‘qib eshittirgan savolga o‘zi bunday javob berdi:
"Mening fikrimcha, majburiy emlash — bu to‘g‘ri g‘oya. Chunki biz o‘zimizni emlash orqali himoya qilamiz. Emlanish orqali biz nafaqat o‘zimizni, balki atrofimizni ham kasallikdan himoya qilamiz. Ehtimol, Rossiyaning tajribasini qo‘llash kerak, u yerda emlanmaganlarga ish joyiga borishga ruxsat berilmaydi".
Nurmat Otabekovning aytishicha, uning o‘zi 3 marta vaksina olgan va kasallikka qarshi immuniteti shakllanganganini tadqiqotlar ko‘rsatgan. Otabekov bundan bir yil muqaddam, 2020 - yilning iyulida koronavirusga chalingan edi.
Emlashga oid shubhalar
Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov 6 - iyul kungi brifingda aytganlarining umumiy mazmuni emlash zarurligini uqtirish bo‘ldi. Biroq jamiyatda emlashga nisbatan skepsis hanuz kuchli.
Andijonlik vrach Otabek Ahliddinov emlashning majburiy bo‘lishiga qarshilar o‘z pozitsiyalari himoyasi uchun nima deyayotganiga to‘xtalib, bunday dedi:
“Hamkasblarim orasida emlash majburiy bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaydiganlar bor. Ularning fikricha, hozircha emlash ixtiyoriy bo‘lib turishi, emlanish natijalarini ko‘rish kerak, agar kasallik tarqalishiga emlanish to‘sqinlik qilishi isbotlansa, ana undan keyin majburiy emlashni boshlash mumkin”.
JSST: Vaksina muhim vosita, biroq baribir niqob taqing!
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) O‘zbekistondagi vakili Lianne Kuppens shu yilning martida COVID-19 ga qarshi vaksina haqida gapirarkan, bunday degan edi:
“Vaksina kasallikning og‘ir kechishi oldini oladi. Biroq u koronavirus yuqishidan saqlashi hozircha tasdiqlangan emas”.
JSST ning O‘zbekistondagi vakili karantin choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirgan.
Ayni paytda JSST “Vaksinalarni COVID-19ga qarshi kurashda o‘ta muhim yangi vosita”, deb hisoblashini, biroq yaqin kelajakda tibbiy niqoblardan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash, ko‘pchilik yig‘ilgan joylarga yaqinlamaslikni o‘zining rasmiy saytida uqtirgan.
Shu kundagi vaziyat
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni, 2021 - yil 6 - iyul holatiga ko‘ra, 114 ming 39 nafarga yetgan.
SSV ma’lumotiga muvofiq, o‘tgan kecha-kunduzda mamlakatning istisnosiz barcha hududlarida 471 kishi koronavirus yuqtirib olgan. Ayni paytda seshanba kuni yana 195 nafar kishida pnevmoniya aniqlangan.
Kecha kun davomida Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlarida 327 kishi tuzalib, sog‘ayganlarning umumiy soni 109 ming 676 nafarga yetgan.
Vazirlik 6 - iyul kuni koronavirusga chalingan bemorlardan yana 4 nafari vafot etib, koronavirus qurbonlari soni 758 nafarga yetganini qo‘shimcha qilgan.
5 - iyul kuni Respublika maxsus komissiyasi mamlakatdagi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.
Virus tarqalishining ko‘payishi, yangi cheklovlar va emlash bilan bog‘liq safarbarliklarga qaramasdan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash rasmiylari mamlakatda SARS-CoV-2 virusining yangi to‘lqini boshlanganini e’lon qilishga shoshilmayapti.