Moskvada 71 yoshida vafot etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 16 - avgust kuni Samarqand viloyatida dafn etildi. Uni davolagan vrachlar muftiy Moskvada koronavirusdan davolanib kelganini tasdiqlashdi.
So‘nggi oylarda O‘zbekiston musulmonlari rahbari viloyatlarga safar qilgan, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi targ‘ibotining bir qismi sifatida ko‘rilgan diniy ulamolarning masjidlar ahli va aholi vakillari bilan uchrashuvlariga boshchilik qilgan edi. Bu uchrashuvlar va muftiy ishtirokidagi ommaviy tadbirlar koronavirus cheklovlari amalda bo‘lgan bir vaqtda o‘tkazilgan.
Ayni damda jamoatchilikni O‘zbekiston musulmonlarining keyingi rahbari kim bo‘lishi qiziqtirmoqda.
"Muftiy o‘limiga koronavirus sababchi"
Shu yilning 15 - avgust kuni Moskvadagi klinikalardan birida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Usmonxon Alimov vafot etdi.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi 71 yoshli muftiy Rossiya poytaxtidagi vrachlar nazoratida o‘pka va qon-tomir kasalliklari, xususan o‘pka pnevmoniyasi bo‘yicha muolajalar olayotganini ma’lum qilgan edi.
Moskvalik shifokorlarga ko‘ra, nafas olish kasalligi fonida muftiy yurak va qon tomirlari bilan bog‘liq muammolar tufayli jon taslim qilgan.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, bemor oxirgi bir oy davomida avval Toshkentda davolangan, keyin maxsus reysda Moskvaga olib kelingan. Muftiyning "o‘pka kasalligi"dan davolangani aytilgan, biroq uning koronavirus testi natijalari ochiqlanmasdan kelinayotgandi.
Ozodlik Usmonxon Alimov Moskva shahar 52-klinik shifoxonasining 7-sonli reanimatsiya bo‘limida davolangani, o‘limidan bir necha kun oldin u koma holatida bo‘lganini aniqladi.
Ozodlik bilan suhbatlashgan klinika shifokorlari muftiyning o‘limiga COVID-19 sabab bo‘lganini tasdiqlashdi.
"Ha, kecha vafot etdi. Olib ketishdi kecha O‘zbekistonga, xato qilmasam. O‘limga koronavirus sabab bo‘ldi", - dedi Ozodlik bilan telefon orqali qisqa muloqotda muftiyni davolagan rossiyalik shifokorlaridan biri.
Usmonxon Alimovning Moskva klinikasida davolanayotgani 23 - iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy xabaridan keyin ma’lum bo‘lgandi.
Bundan oldinroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi muftiy Usmonxon Alimovning salomatligi to‘g‘risida internetda tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirib, muftiyning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad etgan.
Marhumning janoza namozi 2021 - yil 16 - avgust, dushanba kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘i “Eshoni Temirxon To‘ra” (avvalgi “Orlot” masjidi) jome masjidida ado etildi.
16 - avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston musulmonlari idorasining marhum raisi Usmonxon Alimov uyiga tashrif buyurishib, uning oila a’zolaririga hamdardlik bildirishdi.
O‘zbekiston diniy idorasi rahbari vafoti yuzasidan, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin, Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov, muhaddis olim shayx Muhammad Avvoma va boshqalar hamdardlik bildirgan.
Rasmiy tarjimai holida aytilishicha, Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov 1950 - yil 1 - yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon shahrida tug‘ilgan.
1982−1983 - yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983−1987 - yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989−1990 - yillarda esa Marokashning «Karaviyn» dorilfununida tahsil olgan. U Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980−1982 - yillarda imom-noib, 1987−1989 - yillarda, so‘ngra yana 1990−2006 - yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan. 2000−2006 - yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi bo‘lib mehnat qilgan.
Usmonxon Alimov 2006 - yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgandi.
U umri davomida yigirmadan ziyod kitob va yuzdan ortiq ilmiy -ommabop maqolalar chop etgan. Ummondagi Qirollik strategik tadqiqotlar markazi muftiy Usmonxon Alimovni "Dunyoning eng nufuzli 500 musulmonlari" ro‘yxatiga kiritgandi.
Navbatdagi muftiy kim bo‘ladi?
Usmonxon Alimov 2006 - yilda O‘zbekiston muftiysi bo‘lgunga qadar Samarqand viloyati bosh imom xatibi bo‘lgan.
Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistonda musulmonlar idorasiga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Usmonxon Alimovning diniy idoraga rahbar etib tayinlanishida bevosita prezident Mirziyoyevning hissasi katta.
"Shavkat Mirziyoyev Samarqandda viloyat hokimi bo‘lib ishlagan paytidan uni tanigan. 2006 - yilda oldingi muftiy iste’foga ketganida Usmonxon Alimov Samarqandda viloyatida edi. Karimov Mirziyoyevdan so‘raganida, “kim bor nomzod?”, deb, shuni taklif qilgan. Alimov qori ham emas, diniy bilimlarda undan ustunroq domlalar bor edi. Karimov o‘zi suhbatlashib, tasdiqlaydi. Ammo har ehtimolga qarshi, uning yoniga ikkita-uchta o‘zini odamini qo‘yadi. Ularni hamma taniydi", - deydi ismi ochiqlanishini istamagan manba.
Suhbatdosh muftiy lavozimiga tayinlangan Usmonxon Alimov uzoq yillar davomida avval oldingi prezident Islom Karimov, keyin esa Shavkat Mirziyoyev rejimiga sidqidildan xizmat qilib kelganini aytadi.
Usmonxon Alimov vafot etishi ortidan tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligiga kim tayinlanishi borasida qizg‘in muhokamalar boshlanib ketdi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov yangi muftiy tayinlanishida hukumat qaysi me’yorlarga amal qilishi borasida fikr yuritadi.
"Muftiylarni tayinlashning yozilgan protsedurasi yo‘q. Lekin uni tushunish juda oson: nomzodga muftiy bo‘lish potentsialiga, yuqori diniy bilimlarga ega bo‘lgan asosiy shartlar qo‘yiladi. Qolaversa, bizda oliy hokimiyatga to‘laqonli sadoqatli bo‘lgan va siyosiy o‘yinlarni qilmaydigan odamlar hozirgacha muftiy bo‘lib kelgan. Muftiylar orasida faqat birinchi muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf siyosiy figura edi. Uni Gorbachyov, SSSR hokimiyati qo‘ygan. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin uni tezda almashtirishgan. Bizda odatda, muftiylar hukumat bilan bevosita bog‘liq bo‘lib kelgan. Yangi o‘zgargan vaziyatda, mumkin, bu amaliyot ham biroz o‘zgaradi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.
Siyosatshunos Islom Karimovning vafoti ortidan mamlakatda o‘zgargan diniy-siyosiy muhitda ko‘pgina din peshvolari sahnaga chiqqaniga e’tibor qaratadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirga qadar Usmonxon Alimov o‘rnini kim egallashi mumkinligi borasida biron ishora bermagan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 2043 masjid bor. Shundan eng ko‘pi Samarqand viloyatida bo‘lib, u yerda 285 ta masjid faoliyat yuritadi. Toshkent viloyatida 221 ta, Farg‘ona viloyatida 192 ta, Surxondaryo viloyatida 100 ta masjid musulmonlarga xizmat ko‘rsatib keladi.
Ularda jami 5 mingdan ortiq imom va imom noiblari ishlamoqda.