27 ta xalqaro matbuot tashkiloti AQSH hukumatini matbuot erkinligini himoya qilishga va AQSHning Global media agentligi (USAGM) orqali boshqariladigan yoki moliyalashtiriladigan OAV xodimlarining xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan bayonot e’lon qildi.
USAGM Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi, shu jumladan Ozodlik Radiosi, "Amerika Ovozi" va boshqa OAV faoliyatini nazorat qiladi.
"Dunyo avtokratlariga sovg‘a"
14-mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp USAGM faoliyatini qisqartirish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Shundan so‘ng, AQSH Kongressi tomonidan tasdiqlangan va "Ozodlik Radiosi" faoliyatini moliyalashtiruvchi grantni bekor qilish haqida bildirishnoma yuborildi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, ushbu OAV xodimlari "repressiv rejimlar hukmron davlatlarda voqealarni yoritish paytida katta shaxsiy xavf ostida qolmoqda".
"Ushbu tashkilotlarni tugatish — matbuot erkinligiga jiddiy zarba va butun dunyo avtokratlari uchun sovg‘a bo‘ladi. "Amerika Ovozi", OY/OR va boshqa tashkilotlar jurnalistlari ko‘pincha keskin senzura ostidagi yoki xavf ostidagi davlatlar hukumatlari tomonidan ta’qibga uchraydi", deyiladi bayonotda.
Murojaatga imzo chekkanlar orasida Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti, Amerika PЕN-sentri, Yevropa jurnalistlar federatsiyasi, Pulitser markazi va Matbuot erkinligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bor.
«Mustaqil OAVlarni bo‘g‘ish»
Xalqaro matbuot instituti (International Press Institute, IPI) Donald Tramp ma’muriyatining qarorini qoralab, bu qadam butun dunyo bo‘ylab yakkahokimlarning mustahkamlanishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Tashkilotga ko‘ra, millionlab tinglovchi va tomoshabinlar ishonchli axborot manbalaridan mahrum bo‘lishi mumkin.
«Bu qadam avtoritar davlatlarda yashayotgan millionlab odamlarning senzurani chetlab o‘tish va mustaqil axborot manbalariga kirish imkoniyatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, — deydi IPI ijrochi direktori Skott Griffen. — IPI Amerika ovozi, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi hamda Ozod Osiyo radiosining minglab jurnalistlari bilan birdamlik bildirib, ularning ko‘pchiligi katta xavf-xatarlar ostida ishlaganini ta’kidlaydi».
IPI Radio Free Asia rahbari Bey Fanning bu qarorni «diktatorlar va zolimlar uchun sovg‘a» deb atagan so‘zlaridan iqtibos keltiradi. Shuningdek, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti Stiven Kapus ham ta’kidlaganidek, «eronlik oyatullohlar, Xitoy kommunistik partiyasi yetakchilari, Moskva va Minskdagi avtokratlar Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tugatilishiini bayram qiladi».
Venada joylashgan xalqaro tashkilot AQSH hukumatini o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishga va OAV hamda ularning xodimlarini himoya qilishga chaqirdi.
Tramp buyrug‘ini Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists, CPJ) ham qoraladi. Nyu-Yorkda joylashgan bu tashkilot Voice of Americaning mingdan ortiq xodimlari ishini to‘xtatganini va bu millionlab odamlarni mustaqil axborot olish imkoniyatidan mahrum qilishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
CPJ Kongress yetakchilarini USAGMni qo‘llab-quvvatlashni tiklashga chaqirdi.
«Bu mustaqil OAVlarni bo‘g‘ish jurnalistlarning hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. Ular ko‘pincha katta qiyinchiliklarni yengib o‘tib, keskin senzura mavjud bo‘lgan mamlakatlarda millionlab odamlarga yangiliklarni yetkazib kelgan, — dedi CPJ bosh direktori Jodi Ginzberg. — AQSH ma’muriyati endi bu boy tarixga ega tashkilotlar uchun mavjud bo‘lish tahdidini yaratayotgani haqiqatan ham utopiya. Biz ma’muriy ta’tilga yuborilgan jurnalistlar bilan birdamligimizni bildiramiz va kongress yetakchilarini USAGM moliyalashtirishini tiklashga chaqirib qolamiz».
Parijdagi «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti bu qarorni "qo‘rqinchli signal" deb atadi.
«USAGM va uning OAVlarini yopib, Tramp ma’muriyati qo‘rqinchli signal yubormoqda: endi Pekin va Moskva kabi avtoritar rejimlar o‘z propagandalarini to‘siqsiz tarqatish uchun to‘liq erkinlikka ega bo‘ladi. Bu qaror agentlik bilan ishlagan to‘qqiz nafar jurnalist qamoqda qolayotgan bir paytda yanada tashvishlidir. Shuningdek, butun dunyo bo‘ylab minglab boshqa jurnalistlarni ishsiz va xavf ostida qoldiradi. Bu ularning USAGMga qarashli OAV bilan hamkorligi tufayli yuzaga kelmoqda. Biz AQSH hukumati va xalqaro diplomatik jamoatchilikni jurnalistlarning xavfsizligini ta’minlashga chaqirib qolamiz. Qamoqqa olinganlar zudlik bilan ozod etilsin», dedi tashkilot Bosh direktori Tibo Bryutten.
Yevropadagi munosabat
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosini "demokratiya mayog‘i" deb ta’riflagan Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas AQSHning moliyalashtirishni to‘xtatgani haqidagi xabarni «noxush yangilik» deb atadi.
«Endi oldimizda savol turibdi: AQSH qoldirgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun biz o‘z mablag‘larimiz bilan kela olamizmi? Bu savolga avtomatik javob yo‘q», — dedi Kallas 17-mart kuni. U Yevropa ittifoqi ehtimoliy qo‘llab-quvvatlash variantlarini ko‘rib chiqishini qo‘shimcha qildi.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosini qarorgohi joylashgan Chexiya vakillari Yevropa ittifoqi hamkorlari o‘rtasida Ozod Yevropa/Ozodlik radiosini moliyalashtirish bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan jiddiy xavotir bildirilgan bayonot loyihasini tarqatdi.
Ushbu hujjatda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosini o‘nlab yillar davomida «temir parda» ortidagi davlatlar aholisiga obyektiv ma’lumot yetkazgani ta’kidlanadi. Shuningdek, bu media tashkilot erkin matbuot yo‘q yoki cheklangan hududlarda millionlab odamlarga ishonchli va mustaqil yangiliklar taqdim etishda davom etayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi faoliyati Yevropa xavfsizligini mustahkamlashda muhim ekani va uning yo‘qolishi «Yevropa dushmanlari uchun sovg‘a» bo‘lishi aytilgan.
Loyihada Ozod Yevropa/Ozodlik radiosini o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun mablag‘ topish niyati bildirilgan, lekin hozircha hech qanday tafsilot yo‘q.
Polsha Tashqi ishlar vaziri Radek Sikorskiy moliyalashtirish yo‘llaridan biri sifatida Yevropa Demokratiya Jamg‘armasi byudjeti oshirilishi mumkinligini ta’kidladi. «Bular nufuzli institutlar bo‘lib, ularning missiyasi davom etishi kerak», dedi Sikorskiy.
Markaziy Osiyoda jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi AQSH Kongress granti hisobidan Global Media agentligi (USAGM) orqali moliyalashtiriladigan mustaqil media korporatsiyasidir. Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi 23 ta mamlakatda, jumladan, Markaziy Osiyodagi davlatlarda 27 ta tilda ma’lumot taqdim etadi.
Mintaqadagi ko‘plab faollar va tadqiqotchilar Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo xizmatlari bilan birdamlik izhor qilmoqda.
Jumladan, o‘zbekistonlik siyosatshunos Galiya Ibrohimova o‘zining Feysbuk sahifasida mana bunday deb yozdi:
"O‘zbekiston fuqarosi va avtoritar davlatlarda yashagan inson sifatida ayta olaman: Ozodlik radiosi doimo real voqelikka tutilgan oyna bo‘lib kelgan. Davlat OAV lari yillar davomida farovonlik va taraqqiyotni madh etib kelgan O‘zbekistonda, aynan Ozodlik radiosi 2005-yildagi Andijon voqealari haqida xabar bergan, Karimov rejimi jinoyatlarini tergov qilgan va Mirziyoyev oilasidagi korrupsiya holatlarini yoritishda davom etmoqda. Axborot qattiq nazorat qilinadigan mamlakatda, Ozodlik haligacha voqelikni real aks ettiradigan asosiy manba hisoblanadi".
«Bunday tashkilotlar bir kunda paydo bo‘lmaydi. Xalqaro voqealarni endi kim yoritadi? Endi biz dunyoga ORT yolg‘onlari orqali qarashga majbur bo‘lamizmi? Agar [Azattik] yopilsa, ichki va tashqi propagandaga to‘liq botib ketamiz. Bu kimga manfaatli?», deb yozdi qirg‘izistonlik siyosatshunos Ruslan Akmatbek.
AQSH prezidenti Donald Tramp 7 ta federal agentlik, jumladan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi, Amerika Ovozi va boshqa bir qancha ommaviy axborot vositalarini boshqaruvchi AQSHning Global Media agentligi (USAGM) faoliyatini qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjatda aytilishicha, 7 kun ichida har bir agentlik rahbari Prezident budjeti boshqarmasiga Tramp farmoniga muvofiqligini tasdiqlovchi hisobot taqdim etishi va agentlikning qaysi tarkibiy qismlari yoki funksiyalari “qonun bilan majburiy va qay darajada” ekanligini tushuntirib berishi kerak.
Farmon chiqqanidan bir necha soat o‘tib, ABC News telekanalining sobiq muxbiri, jurnalist Tara Palmeri Ozodlik radiosi uchun Kongress tomonidan ma’qullangan grant mablag‘lari to‘xtatilgani haqidagi USAGM maktubini e’lon qildi.
Maktub Keri Leyk tomonidan imzolangan bo‘lib, u o‘zini (USAGM) bosh direktor vazifasini bajaruvchisining yetakchi maslahatchisi sifatida tanishtirgan.
Leyk Tramp tomonidan "Amerika Ovozi" rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan, ammo uning tayinlanishi Teleradioeshittirishlar bo‘yicha xalqaro maslahat kengashi tomonidan ma’qullanishi kerak.
18-mart kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi AQSH Global Media agentligi (USAGM) hamda uning rahbarlari Keri Leyk va Viktor Moralesga qarshi AQSH Kongressi tomonidan tasdiqlangan va tashkilot faoliyatini moliyalashtiradigan grantni bekor qilishga urinish harakati ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi.
Shikoyatda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi uchun AQSH Kongressi tomonidan ajratilgan mablag‘ning rad etilishi federal qonunlar, shu jumladan AQSH Konstitutsiyasiga zid ekani, chunki Konstitutsiya Kongressga federal xarajatlar bilan bog‘liq maxsus vakolatlarni bergani qayd etilgan. Da’vo AQSHning Kolumbiya okrugi tuman sudida ko‘rib chiqiladi.