Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:37

"Tadbirkorlarni qaqshatgan" sobiq hokim muoviniga tegishli MChJ tenderlarda g‘olib bo‘lmoqda


Chet tillar institutida qurilish ishlarini “Mega temir beton” MChJ olib bormoqda.
Chet tillar institutida qurilish ishlarini “Mega temir beton” MChJ olib bormoqda.

Samarqanddagi davlat loyihasi “tadbirkorni qaqshatish” bilan nom chiqargan sobiq hokim o‘rinbosariga berildi.

Samarqand Davlat Chet tillar instituti hududida 3 qavatli axborot-resurs markazi binosini qurish “Mega temir beton” MChJga topshirildi. Institut rektori 6 - noyabr kuni viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari Olim Ochilovga aloqador bu MChJ bilan qariyb 12 milliard so‘mlik shartnoma imzoladi.

12 - noyabr kuni olingan videotasvirlardan institut hududidagi bog‘ o‘rnida yangi bino qurish ishlari boshlangani ko‘riladi.

Mahalliy nashrlar e’lon qilgan maqola va surishtiruvlar Olim Ochilovning samarqandlik “tadbirkorlarni qaqshatgan”ini fosh qilgan edi.

Ozodlik gaplashgan mahalliy tadbirkorlar bu surishtiruvlarning natijasiz qolayotgani¸ xususan¸ o‘tmish faoliyatidagi noqonuniy holatlar fosh etilganiga qaramay, davlatning yana bir loyihasi Ochilovga berilganidan xavotir bildirdi.

Ochiq manbalardan olingan shartnomada "Bo‘stonsaroy, 93" manzili bo‘yicha qurilish ishlari 11 930 948 099 so‘mga baholangan. Qurilish smetasi tasdiqlangan pudrat shartnomasiga pudratchi tomonidan MChJ direktori Ulug‘bek Usmanov va buyurtmachi nomidan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhom To‘xtasinov imzolaganini ko‘rish mumkin.

"Mega temir beton" MChJsining Chet tillar instituti bilan tuzgan shartnomasi
"Mega temir beton" MChJsining Chet tillar instituti bilan tuzgan shartnomasi

“Mega temir beton” MChJning yagona egasi esa, mahalliy matbuot e’lon qilgan surishtiruvlar markaziga qo‘yilgan Ochilov Olimjon Ismoilovichdir.

Prokuratura nazaridan omon qolayotgan mulozim-tadbirkor

O‘z ismini ochiqlamaslikni so‘ragan samarqandlik tadbirkor Samarqand shahrida olib borilgan ko‘plab qurilishlarga Samarqand viloyat hokimining sanoat, tadbirkorlik, kapital qurilish va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Olim Ismoilovich Ochilovning aloqador ekanini da’vo qildi.

2018 - yilda hibsga olingan uning bevosita rahbari sobiq viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev va uning "jinoiy sheriklari" ekani aytilgan shaxslar 2019 - yilning 2 - avgust kuni Toshkent viloyati sudi hukmi bilan uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 205 ("Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish) va 210 - ("Pora olish") moddalari bilan aybdor deb topilgan sobiq hokim Turobjon Jo‘rayev 13 yilga, hokim o‘ribosari O‘tkir Abdullayev 11 yilga, hokimlik bosh mutaxassisi Bahodir Xo‘jaqulov 7 yilga, mutaxassislar Botir Abdullayev 6 yilga va To‘lqin Sulaymonov 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

"Jinoiy guruh rahbari" deya ko‘rsatilgan Turobjon Jo‘rayev Samarqand shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun pudratchilardan jami 2 140 000 AQSh dollari miqdorida pora olganlikda aybdor deb topilgan.

Ozodlik gaplashgan samarqandlik tadbirkor bu tekshiruvlardan omon chiqqan Olim Ochilov 2018 - yil fevral boshida “Qishloq Qurilish Invest” MChJ injiniring kompaniyasi Samarqand viloyat filiali boshlig‘i lavozimiga tayinlanganini bildirdi.

- Ochilov bundan oldingi viloyat hokimimiz Zoir Mirzayev davridan bu ishlarni qilib kelgan – shu odamning himoyasida bo‘lgan. Odatda, biror katta lavozimdagi odam ishdan ketsa, rasman e’lon qilinadi. Jo‘rayev qo‘lga tushganidan keyin Ochilov to‘satdan yo‘q bo‘lib qoldi, o‘rniga Abdullayev tayinlandi. Lekin Ochilov o‘rniga o‘tirgan O‘tkir Abdullayev ham 11 yilga qamalib ketdi. Olim akani ishdan ketgani hech bir matbuotda xabar qilmadi! Bu odam qanday qilib qutulib qolgani bizga noma’lum - Zoir Mirzayev yordamisiz bo‘lmasa kerak¸ - dedi samarqandlik biznesmen.

Suhbatdosh iddaosicha, viloyatda olib borilgan har bir qurilishga aynan Olim Ochilov ruxsat berib kelgan va qurilgan har bir ko‘p qavatli uydan bitta kvartira shu odamga “otkat” tarzida berilgan.

O.Ochilov "Mega temir beton" MChJsining 100 foizli egasi
O.Ochilov "Mega temir beton" MChJsining 100 foizli egasi

Mahalliy matbuotda ham Olim Ochilovning qurilish faoliyatini fosh etuvchi qator materiallar chop etilgan.

Kun.uz nashri “Samarqandlik tadbirkor: «Viloyatdagi mutasaddilar tufayli korxonam 552 million so‘m zarar ko‘rdi”, “Samarqandda adolat bormi o‘zi?!” – Tadbirkorlarni qaqshatgan Olim Ochilov javobgarlikka tortilmay qolmoqda” degan maqolalar e’lon qilgan.

Unda Pastdarg‘om tumanida “Kamolot” uylarini qurib bergan “Past Darg‘om sifat qurilish” xususiy ixtisoslashtirilgan ta’mirlash qurilish korxonasining viloyat hokimi sobiq o‘rinbosari Olim Ochilov, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi va ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali rahbariyatining o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilishi, tadbirkorlar huquqlarini poymol qilishi oqibatida yarim milliard so‘mdan ziyod zarar qilgani hamda Ochilov va Injiniring kompaniyasining taqsimotiga binoan, 2014 - yilda “Kamolot” uylari qurilishida umuman qatnashmagan tashkilotlarga o‘zaro kelishilib, qonunga xilof ravishda berib yuborilgani bayon etilgan edi.

Bu maqola ortidan Olim Ochilov va unga qarashli tashkilotlar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar borasida boshqa nashrlarda ham qator maqolalar chop etilgan.

Sobiq hokim o‘rinbosari Olim Ochilovga tegishli ekani aytilgan va Nodir Ochilov tomonidan boshqarilayotgan “Mega temir beton” MChJ, shuningdek, qariyb 6 milliard so‘mga baholangan viloyatning Ishtixon tumani ko‘chalarini obodonlashtirish, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 21 - sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruktsiya qilish bo‘yicha tenderlarda g‘olib chiqqan.

Ochiq xaridlar portalidan yana bir qurilish kompaniyasi – “Ishtixon Mega Stroy” MChJ Olim Ochilovga tegishli ekanini ko‘rish mumkin.

Bu tashkilot 2016-2019 - yillarda Samarkand Davlat universitetiga tegishli 9 qavatli o‘quv korpusini ta’mirlash va shaharda Konfutsiy bog‘ini barpo etish ishlarida ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik “Mega temir beton” MChJ bilan bog‘lanib, tender soxtalashtirilgani haqidagi iddaolarga munosabatini so‘radi.

O‘zini Nodir Ochilovning akasi Husan Ochilov deb tanishtirgan shirkat vakili loyihani "tanlov asosidagi tender"da yutib olganliklarini ta’kidladi:

- Tender bo‘lgan - biz yutib olganmiz. Faqat loyiha, smetalari aniq emas. Aniqlik kiritib, ishni to‘liq boshlamoqchimiz. Hozir faqat yer ishlarini bajaryapmiz, qurilishni boshlaganimiz yo‘q. Tender masalasida anig‘ini aytolmayman, chunki u onlayn bo‘lyapti. Tanlov hammasi tender asosida bo‘lyapti, dedi Husan Ochilov.

Chet tillar instituti binosi uchun tender masalasiga aniqlik kiritgan “Mega temir beton” MChJ bosh muhandisi Norboy Aliqulov qurilish kompaniyasi tashkilotchisi Olim Ochilov bo‘lsa-da, boshqaruv uning o‘g‘li Nodir Ochilov qo‘lida ekanini aytdi:

- Hech bir qurilish bugungi kunda O‘zbekistonda tendersiz amalga oshmaydi va qurilishga busiz ruxsat berilmaydi. Shu yilning 29 - oktabr kuni tenderga 7 tashkilot qatnashdi va biz g‘olib deb topildik. Lotimiz raqami 15184 edi. Biz olib borayotgan ishlar hammasi shaffof. Tashkilotimizga Olim Ochilovning aloqasi yo‘q - u odam pensiyaga chiqib ketganlar. Tashkilotni Amerikada o‘qib kelgan Nodirbek degan yigit boshqaryapti.

Bog‘ o‘rnida temir-beton?

12 - noyabr kuni olingan videotasvirlardan Samarqand Chet tillar instituti hovlisida “Mega temir beton” shirkati nomi ostida qurilish ishlari olib borilayotganini ko‘rish mumkin.

Самарқанд чет тиллар институтида қурилиш ишлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:48 0:00

Qurilish mashinalari institut hovlisidagi park o‘rnida yer kovlayotgani tasvirga olingan.

Chet tillar institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fazliddin Ro‘ziqulov Ozodlik so‘roviga salkam 12 milliard so‘mlik qurilish loyihasining nega aynan “Mega temir beton” shirkatiga berilganiga izoh bera olmasligini bildirdi.

- "Mega temir beton” degan MChJ qurilishni olib boryapti. 12 milliardlik smetasi ham aniqlangan. Tashkilot Ochilovga tegishlimi-yo‘qmi – undan xabarim yo‘q. Lekin tenderda qatnashib, olgan. Hozir podval kovlab, beton quyish mumkinmi-yo‘qmi, geologorazvedkachilar ko‘ryapti. Qurilish institutimiz territoriyasida bo‘lyapti, daraxtlar yo‘q, asfaltlangan kichkina territoriyasida, - dedi Fazliddin Ro‘ziqulov.

Institut mulozimi bu qurilish loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgani iddao qilingan tenderda “Mega temir beton” MChJdan boshqa yana qaysi tashkilotlar ishtirok etgani haqidagi savolga javob bermadi.

O‘zbekistonda davlat loyihalarini tendersiz olish yoki tender natijalarini soxtalashtirish yangilik emas. Shu yil aprelida Qurilish vaziri Botir Zokirov Mustaqillik maydoni va Oliy Majlisdagi qurilish-ta’mirlash ishlari uning yaqin qarindoshlariga aloqador «Trest-12» kompaniyasiga tendersiz berilganini tasdiqlagan. Qurilish sohasida tenderlarni soxtalashtirish holatlari keng tarqalganini shu yil boshida Jizzaxdagi turar-joy binosi qulashi ortidan Prezident Mirziyoyevning o‘zi ham e’tirof etgan edi.

Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov "viloyatda qurilish sohasi rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qo‘yib, ular orqali milliardlab byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish"da ayblangan”.

XS
SM
MD
LG