Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2024, Тошкент вақти: 13:36

Tahlilchilar: Prezidentning yerga oid so‘nggi farmoni vaziyatni yanada chigallashtiradi


O‘zbekiston prezidenti shu yilning 8 - iyunida imzolagan farmonga binoan 1 - avgustdan tuman va shahar hokimlarining tadbirkorlarga yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilindi.

Tuman va shahar hokimliklari 1 - avgustdan yerga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish, sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish vakolatidan ham ajratiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarni ijaraga berish, qaytarib olish va zahiraga ajratish huquqi tuman hamda shahar hokimlaridan olinib, viloyat hokimiga beriladi.

Tahlilchilar fikricha, prezident farmoni qishloq xo‘jaligi oborotidagi yerlar masalasini bozor iqtisodiyoti talablariga mos ravishda hal qilish o‘rniga mavjud vaziyatni chigallashtiradi, xolos.

Farmonga moslangan statistika?

Prezident farmoni kuchga kirgan kunning ertasiga Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati Farg‘ona viloyatining Beshariq, Oltiariq, Bog‘dod; Namangan viloyatining Chortoq; Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanlarida fermerlar, dehqon xo‘jaligi, MChJ rahbarlari yer sotayotganda qo‘lga tushgani haqida xabar qildi.

Prezident farmoni imzolanganidan ikki kun o‘tib esa, Bosh prokuror o‘rinbosari Shavkatjon Rahimov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘nggi ikki yil ichida 120 ming gektardan ziyod yer talon-toroj bo‘lgan yoki hokimlar tomonidan maqsadsiz berib yuborilgani to‘g‘risida bayonot bergan edi.

“Ma’muriy sudlar tomonidan yerga oid tuman hokimlarning 2500 dan ortiq qarori bekor qilingan. Yerga oid qonunchilik bo‘yicha 588 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, degan Sh. Rahimov.

Prezident Mirziyoyevning o‘zi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida bunday degan edi:

“Mana, Yer to‘g‘risidagi farmonga men qo‘l qo‘ydim. 30 ming dollarga yer sotuvchilar paydo bo‘ldi. Farg‘onadayam, Samarqandda, mana, Jomboyda yana paydo bo‘ldi. Bu balodan biz qutulmaymiz, agar qo‘yganim farmonni amalda hamma bajarmasa”.

Biroq O‘zbekistonda yer munosabatlari yillardan buyon muammoli qolayotganini urg‘ulagan ayrim ekspertlar Ozodlik bilan suhbatda prezidentning bu farmonini, amaldagi vaziyatni yanada chigallashtirishi, yerni sotib pul qilayotgan amaldorlar ishini esa aksincha soddalashtirishi mumkin bo‘lgan “ziddiyatli” farmon deb baholagan edi.

Tahlilchilar: Farmon mavjud chigal vaziyatni xaosga aylantiradi

Ozodlik prezident farmonini “qonun tilidan so‘zlashuv tiliga tarjima qilib berishini” so‘rab, iqtisodchi olim Saparboy Jubayevga murojaat qildi.

Olim O‘zbekiston prezidenti 8 - iyunda imzolagan farmon sarlavhasidagi (Er munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”) “yerga bo‘lgan huquqlarni bozor aktiviga aylantirish” degan gapdan kelib chiqilsa, uni muhim hujjat, deb atash mumkin, dedi:

- Shu paytgacha O‘zbekistonda yer, shu jumladan qishloq xo‘jaligi oborotidagi erlar hokimliklar ixtiyorida edi va ular nimani xohlasa, shuni qilar edi. Bu bozor iqtisodiyotiga zid, feodalizmga xos munosabatlar edi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida esa, yer oldi-sotdi obyekti bo‘lishi kerak. Yerni sotib oladigan odam uning egasiga aylanadi. Prezident farmoni sarlavhasidan shunday munosabatlarga asos solinayapti ekan, deb tushunish mumkin.

Olim sarlavhadan paydo bo‘lgan umid qisman oqlanadi xolos, der ekan, undagi mana bu bandni tilga oldi:

“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi”.

Biroq Saparboy Jubayevning fikricha, farmonda asosiy masala - qishloq xo‘jaligi oborotidagi yerlar masalasi hal qilinmagan, boz ustiga yanada chigallashgan va bu holat hujjat sarlavhasi paydo qiladigan optimizmni yo‘qqa chiqaradi.

Mana o‘sha band: “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi”.

Saparboy Jubayev shu kungacha bo‘lgan amaliyot yerning bahosini aniqlashga imkon bermaganini ta’kidlar ekan, fikrini bunday davom ettirdi:

- To‘g‘ri, odamlarning shaxsiy uchastkalari bahosini bozor shakllantirar, lekin qishloq xo‘jaligi oborotidagi yerlar bahosi shakllanmagan edi. Agar prezident o‘z farmonida qishloq xo‘jalik yerlari ham sotiladi, deganda edi, yerning bahosi paydo bo‘lgan bo‘lar edi. Natijada yer O‘zbekistonning ichki yalpi mahsuloti hajmini ko‘paytirishga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lar edi. Yevropada shunday. Yerning narxi baland va bu holat bu mintaqa mamlakatlari aholisining farovonligi oshishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Iqtisodchi olim fikricha, prezidentning yer munosabatlariga oid farmonida qishloq xo‘jalik yerlari ham sotuvga chiqarilishi nazarda tutilganda edi, bu sohadagi korrupsiyani keskin kamaytirishga xizmat qilishi mumkin edi:

- Yerga nisbatan shu paytgacha amal qilib kelgan va aftidan bundan keyin ham shundayligicha qoladigan munosabat korrupsiyaning avj olishi, korrupsion sxemalarning ko‘payishi omilidir. Go‘yoki tekin bo‘lgan yerni bo‘lib beruvchilar uchun u mo‘may daromad manbai bo‘lib kelgan va bundan keyin yerni bo‘lib berish huquqi boshqaruvning bir qatlamidan olinib, boshqa qatlamiga berilyapti, xolos.

- Domla, siz qishloq xo‘jaligi oborotidagi yerlar sotilishi kerak, shunda to‘g‘ri bo‘ladi deyapsiz, lekin yer sotilishiga qishloq aholisi, dehqonlar qarshi chiqishi mumkin. Ular umuman yersiz qolib ketishdan, yerlarini shaharliklar olib qo‘yishidan qo‘rqadi...

- Menimcha, bu masalaning yechimi oson. Yerni faqat o‘sha yerda yashaydiganlarga sotishga ruxsat berilishi kerak. Qo‘shni qishloqlik bo‘lsang, bu qishloqdan yer yo‘q senga, o‘zingning qishlog‘ingdan sotib ol, degan prinsip bo‘lishi kerak.

- Har bir qishloqning o‘z boyi bor. O‘sha boy qishloqning hamma yerini sotib olib qo‘ysachi?

- Masalaning bu jihatini ham oson hal qilish mumkin. Masalan, meva bog‘idan bir odamga 100 gektardan ortiq, g‘alla maydoni 200 gektardan ortiq sotilmasin, degan me’yor qiritib qo‘yish mumkin. Qolaversa, bu masala soliqlar bilan ham boshqarilishi mumkin. Yeri qancha ko‘p odam shuncha ko‘p soliq to‘laydi. Ko‘p soliqni to‘lash uchun ko‘proq hosil olishni o‘ylash lozim bo‘ladi.

- O‘zbekistonda dehqonchilikning foyda-zarari suvga ham bog‘liq. Suvsiz yer yer emasku?

- Albatta. Yerning bahosini chiqardik ham deylik. Lekin suv bo‘lmasa o‘sha bahoni ushlab turish mumkinmi? Albatta, yo‘q. Shuning uchun bu masalada Isroil tajribasini qo‘llash to‘g‘ri bo‘lur edi. Ya’ni suvning ham bahosi bo‘ladi. Suv ham tovarga aylanadi. Aytayoganlarimdan vahimaga tushmaslik kerak. Bu ishni boshlash kerak va boshlanganidan so‘ng bu masalalar o‘z navbati bilan hal bo‘laveradi. Qo‘rqib o‘tirversak, sovet davridagi feodalistik munosabatlardan hech qachon chiqa olmaymiz. Lekin prezident farmonidan kelib chiqilsa, aftidan O‘zbekiston rahbariyati bu ishni boshlamoqchi emas.

O‘zbekiston prezidentining 1 - avgustda kuchga kirgan farmoni bilan yana bir iqtisodchi tanishib chiqdi. Aynan yer masalalari bilan bog‘liq sud ishlaridan boshi chiqmayotganini, shuning uchun ismi aytilmasligini so‘ragan mutaxassis gapni qisqa qildi:

“Yer bilan bog‘liq vaziyat shu paytgacha juda achinarli edi. Prezidentning bu farmonidan keyin bu masala xaosga aylanadi”.

"Islohot"lardan boshi chiqmayotgan qishloq xo‘jaligi

Qishloq xo‘jaligi oborotidagi yerlar va bu yerlarda ishlayotgan fermerlar so‘nggi 10 yilda ikki marta "tub islohot"ni o‘z boshidan kechirdi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2010 - yildan boshlab fermer xo‘jaliklari erlarining hajmini ko‘paytirish, ya’ni “optimallashtirish” tadbiri o‘tkazilib kelingan edi.

Optimallashtirishning natijalari to‘g‘risida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi rasmiy sayti Qashqadaryo viloyati misolida maqtanib, 2011 - yilning 23 - iyunida mana bu gaplarni yozgan edi:

“Natijalar tahlili shuni ko‘rsatib turibdiki, fermer xo‘jaliklarini optimallashtirish jarayonida Qashqadaryo viloyatida fermerlarning umumiy soni 24 foizga qisqargan. Endilikda bir fermer xo‘jaligiga o‘rtacha 102 gektardan yer maydoni to‘g‘ri kelmoqda”.

Oradan 5 yil o‘tib mamlakat bo‘ylab fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi er maydonlari hajmini kichraytirish jarayoni boshlangan va bu jarayon “maqbullashtirish”, deb atalgan edi.

Vazirlar Mahkamasi (Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev) 2015 - yilning 15 - dekabrida fermer xo‘jaliklari uchun ekin yerlarining optimal o‘lchamini o‘rtacha 36,1 gektar hisobida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

XS
SM
MD
LG