Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:03

"Talabalar bezovta qilmasin!" Toshkentda minglab talaba ijara uy topishga qiynalmoqda (VIDEO)


Talabalarga yotoqxonalar yetishmayotgan oliygohlardan biri Toshkent davlat texnika universitetidir.
Talabalarga yotoqxonalar yetishmayotgan oliygohlardan biri Toshkent davlat texnika universitetidir.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili 6 - sentabrdan an’anaviy tarzda boshlandi.

Talabalarning aksari oilasi bag‘ridan olisda tahsil olishi sabab shu kunlarda ularni eng qiynayotgan muammo - turar-joy.

Ayniqsa, asosiy OTMlar joylashgan Toshkent shahrida bu muammo yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan talabalar o‘zlari o‘qiydigan OTMlarda yotoqxonalar yetishmayotgani, ijara uyni esa yetarli pul bilan ham topib bo‘lmayotganini aytishadi.

“Bu yil Toshkent davlat texnika universitetiga davlat granti asosida o‘qishga kirdim. Vaqtincha qarindoshimnikida turibman. Talabalar shaharchasidagi yotoqxonalarda joy qolmagan. Uch-to‘rtta sherik bilan aytgan narxiga ijaraga kvartira olaylik, desak talabalarga bermaymiz, deyishadi. Qaerdadir turishimiz kerak-ku! Rektoratga borsak, yotoqxona so‘rab kelganlarga rad javobi berib yuboryapti”, - deydi surxondaryolik Eshquvvat.

Toshkent kimyo-texnologiya institutiga qarashli talabalar turarjoyida yotoqxona uchun navbat.
Toshkent kimyo-texnologiya institutiga qarashli talabalar turarjoyida yotoqxona uchun navbat.

Bu yil Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirgan xorazmlik Guljahon uchun ham joy masalasi muammo bo‘lib turibdi.

“Hozir kvartira qidirishga majbur bo‘lyapman, bir haftadan beri sarsonman. Yotoqxonalarda joy yo‘q. Toshkentda bir xonali kvartira ijarasi 200 dollardan tepada. Markazda 400 dollar. Lekin, shu pulga rozi bo‘lsangiz ham uy egalari talabalarga bermaydi. Gazetalardagi e’lonlarga qarasangiz, “talabalar bezovta qilmasin”, “faqat oilalilarga beramiz”, deb yozilgan”, - deydi Guljahon.

Toshkent Davlat yuridik institutiga kirish.
Toshkent Davlat yuridik institutiga kirish.

Nega talabalarga yotoqxonalar yetishmayapti? OTMlar bu muammoni qanday hal qilmoqda? Bu savolga javob topish uchun Ozodlik Toshkent davlat Texnika universiteti rektoratiga qo‘ng‘iroq qildi.

Universitet rektorining nomini aytishni istamagan yotoqxonalar bo‘yicha yordamchisi: “Bu yil viloyatlardan ko‘proq talaba qabul qilindi. Yotoqxonalarda joy cheklangan. Shuning uchun birinchi navbatda “temir daftar”ga kirgan oilalar farzandlariga, ikkita shartnoma bilan o‘qiyotganlarga berilyapti. Boshqalarga hozir kutib turinglar deyilgan, har bir talabani imkoniyati alohida o‘rganilgan xolda qilinyapti bu”, - deydi.

Тошкент кимё-технология институтидаги ҳолат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:27 0:00

“Bir xonadonda yetti kishi turamiz”

Ba’zi talabalar uy-joy muammosini o‘zlaricha hal qilishmoqda.

Toshkent Jahon tillari universitetining 3-bosqich talabasi Aziz tashlandiq uyda olti kursdoshi bilan yashashga majbur bo‘layotganini aytadi.

“Chilonzorda ikki xonali kvartirani egasini aytganidan ko‘proq pulga ko‘ndirib, ijaraga oldik. Yetti kishi turamiz. Har birimizga 40 dollardan tushyapti oyiga. Boshqa ilojimiz yo‘q. Universitet hech qachon yotoqxona masalasini hal qilib bermaydi”, - deydi Aziz.

Toshkentdagi eski yotoqxona. Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Gavhar mahallasidagi Dilxush ko‘chasi 38-uy.
Toshkentdagi eski yotoqxona. Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Gavhar mahallasidagi Dilxush ko‘chasi 38-uy.

Ammo bir xonadonda ko‘p bo‘lib turish ba’zida halokatli bo‘lishi ham mumkin.

Shu yilning fevral oyida Toshkentda besh nafar talaba ijaraga olgan uyida o‘lik xolda topilgan edi.

Yunusobod tumani, Firdavsiy mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Injobod ko‘chasi, 61-uyda 5 nafar talabaning is gazidan zaharlanib o‘lgani bildirilgandi.

Bu holat O‘zbekistonda talabalarning yashash sharoitiga jamoatchilik e’tiborini qaratgandi.

Ba’zi deputatlar universitet rektorlarini talabalarni uy-joy bilan ta’minlab berolmayotgani uchun tanqid qilib chiqishgandi.

150 ming talaba yotoqxonaga muhtoj

Hozirda mamlakatda mavjud yotoqxonalar respublika bo‘yicha tahsil olayotgan 600 mingdan ziyod talabaning 30 foizinigina turar-joy bilan ta’minlay oladi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda talabalar yotoqxonalari soni 228 taga ko‘paygan, shunga qaramasdan 149 ming 400 talaba yotoqxonaga muhtoj.

Bu sondagi talabani yotoqxona bilan ta’minlash uchun har biri 400 o‘ringa ega bo‘lgan 170 ta yotoqxona qurish zarurligi, bunga esa 3 trillion so‘m mablag‘ lozimligi aytilmoqda.

O‘zbekistonda 2003 - yilgacha faoliyat yuritgan Ochiq jamiyat institutining Oliy ta’lim dasturiga rahbarlik qilgan, hozirda AQShda yashayotgan Shahlo Tursunova talabalarga yotoqxona muammosini yotoqxona qurmasdan ham hal qilish mumkinligini aytadi.

“Yotoqxonalar yetishmovchiligi bugun bo‘layotgan hodisa emas. Sovet davridan bo‘lgan bu muammo, Hozir zamon o‘zgaryapti. Shuning uchun universitetlar chet davlatlar tajribasini o‘rganib, bu masalani hal qilishi mumkin. O‘qishlar kontrakt bo‘yicha bo‘lyapti, qancha talaba muhtoj, shularni hisob-kitob qilib, universitetlar kontrakt pullaridan tushgan mablag‘ evaziga qo‘shimcha imoratlarni ijaraga olib, ma’lum haq evaziga talabalarga yotoqxona qilib berishi mumkin. Yoki bo‘lmasa, bilim yurtiga yaqin mahallalarda talabalarni oilalarda yashashini ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqsa bo‘ladi. Bu AQSh, Kanadada bor tajriba”, - deydi Shahlo Tursunova.

Prezident Mirziyoyev 9 - sentabr kungi saylovoldi chiqishida 2026 - yilgacha mamlakatda 100 ming o‘rinli talabalar yotoqxonalari qurilishini aytdi. Shu yil boshida hukumat yotoqxonalar qurilishini davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirish rejasini e’lon qilgan edi. Ammo hozirgacha shu tartibda bironta yotoqxona qurilgan-qurilmagani noma’lum.

XS
SM
MD
LG