Линклар

Шошилинч хабар
15 апрел 2025, Тошкент вақти: 22:40

Tashqi qarz: Rivojlanish uchun imkoniyatmi yoxud kelajak avlodlar gardaniga yuk?


2024-yilda O‘zbekistonning tashqi qarzi rekord darajaga yetib – 64 milliard dollardan oshdi. Ular haqiqiy iqtisodiy o‘sishga xizmat qilyaptimi yoki mamlakatni moliyaviy bosimga olib kelyaptimi? Davlatga qarz olish — rivojlanish uchun zarur mexanizmmi yoki kelajak avlod gardaniga yukmi?

Qarzning katta ulushi budjet uchun

2024-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi qarzi 64,1 milliard dollarga yetib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 55 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etgani haqida Markaziy bankning shu yil 29-martidagi hisobotida keltirilgan. Summaning 33,9 milliardi davlat qarzi, 30,2 milliardi esa korporativ qarzdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 18-fevralida tashqi qarzsiz oylik ham bo‘lmasligini, o‘qituvchilarning maoshi oshmasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlari tashqi qarzning naqadar zarurligini ko‘rsatishga qaratilgan edi. Ammo bu bayonot tahlilchilar o‘rtasida bahs ham uyg‘otgan: agar davlat xodimlarining maoshlari, tibbiyot va ta’lim xarajatlari haqiqatan ham tashqi qarz hisobidan qoplanayotgan bo‘lsa, demak, byudjet defitsiti jiddiy muammoga aylangan va mamlakat bu yukni o‘z zimmasiga olishga qodir emas. Bu esa yana bir dolzarb savolni kun tartibiga qo‘yadi: O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi mablag‘larsiz qanchalik barqaror?

Tashqi qarz ikkita asosiy turga bo‘linadi: davlat qarzi va korporativ qarz.

Davlat qarzi. Bu – to‘g‘ridan to‘g‘ri davlatning zimmasidagi qarz. Unga quyidagilar kiradi:

  • Xorijiy hukumatlardan olingan kreditlar;
  • Xalqaro moliya institutlaridan olingan pullar;
  • Davlat kafolati bilan olingan qarzlar.

Bu qarzlarni qaytarish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi, ya’ni bu qarz xalqning, soliq to‘lovchilarning mas’uliyatiga tushadi.

Korporativ qarz. Bu – davlatga qarashli yoki xususiy kompaniyalar tomonidan olingan qarz. Masalan «O‘zbekiston havo yo‘llari», «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zbekneftgaz» kabi yirik davlat kompaniyalari.

"Дефолтга етаклаши мумкин". Ўзбекистоннинг ташқи қарзи "юқори суръатларда" ўсмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:39 0:00


Ular qarzni mustaqil ravishda oladi va uni qaytarish uchun o‘z faoliyatidan keladigan daromadga tayanadi. Ya’ni bu yerda davlat to‘g‘ridan to‘g‘ri kafolat bermaydi. Ammo real hayotda muammo shundaki, agar davlat kompaniyalari qarzni to‘lay olmasa, uning yuki baribir davlat byudjetiga tushishi mumkin. Shuning uchun ham tashqi qarz olish siyosati qanchalik samarali olib borilayotgani muhim masala hisoblanadi.

“Butun jahonda shunday bo‘linadi, tashqi qarz umumiy, uning 80-90 foizi xususiy sektorda bo‘ladi, 15-20 foizi budjetda bo‘ladi. Lekin O‘zbekistonda bunday bo‘linish juda sun’iy. Chunki O‘zbekistondagi xususiy sektorning hammasining aksionerlari – davlat. Shuning uchun qarzning hammasi davlatning qarzi deb hisoblanadi. Sababi, kafillikni davlat bergan”, deydi iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayev.

Rasmiy hisobga ko‘ra, bir yil ichida tashqi qarz 10 milliard dollardan ortiqqa o‘sganini ko‘ramiz. Bu so‘nggi yillardagi eng yuqori o‘sishdir. 2020-yili, koronavirus pandemiyasi davrida 9,2 milliardga, 2023-yili esa 9,8 milliardga oshgan edi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, qarzning katta ulushi, ya’ni 45 foizi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Qolgan qismi yoqilg‘i-energetika sohasi, qishloq xo‘jaligi, transport, infratuzilma va ijtimoiy sohalarga sarflangan. Siyosatshunov Alisher Taksanov bunda shaffoflik muammosi borligini ta’kidlamoqda:

Alisher Taksanov
Alisher Taksanov

“E’tibor bersangiz, 2016-yildan beri qarz deyarli 10 barobarga oshgan, tasavvur qilyapsizmi? Karimov davrida u 6 milliard dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir 60 milliarddan oshgan. Bu O‘zbekistonning tashqi manbalarga bog‘liqligi ortganini ko‘rsatadi. Qarzning yarmidan ko‘pi – 33 milliard dollari davlat kafolati ostida olingan bo‘lib, uni qaytarish majburiyati bor. Qolgani esa xususiy korxonalar yoki davlat korporatsiyalari tomonidan olingan. Ular davlat kafolatisiz qarz oladi. Qarzlar qay darajada samarali ishlatilgani noma’lum, chunki jarayon shaffof emas. Buni faqat keyinchalik aniq baholash mumkin bo‘ladi”.

Statistik ma’lumotlar 2024-yilda O‘zbekistonning tashqi qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlarining umumiy miqdori 3,3 milliard dollarni tashkil etganini ko‘rsatmoqda.

Toshkentning kreditorlari kimlar?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ortishini ikkita omil bilan bog‘lagan: qarzning o‘zi va dunyoda foiz stavkalarining keskin o‘sishi.

“Birinchidan, tashqi qarz hajmi so‘nggi yillarda yuqori sur’atlarda o‘sayotgan bo‘lsa, ikkinchidan yirik iqtisodiyotlarda yuqori inflyatsiya sabab foiz stavkalari keskin oshirildi. Ya’ni so‘nggi yillarda qarz jalb qilish qimmat bo‘lishi bilan birga, mavjud qarz tarkibidagi o‘zgaruvchan foiz stavkali qarz qismi uchun ham foiz to‘lovlar keskin oshdi. Xususan, davlat qarzining taxminan 40 foizi o‘zgaruvchan foiz stavkasida jalb qilingan (korporativ qarz bo‘yicha ma’lumot mavjud emas). Ma’lumot uchun, bozor stavkasi 2021-yilda o‘rtacha 0,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 5,3 foizga yetgan. Foiz stavkasidagi bunday yuqori o‘sish tabiiyki qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari keskin o‘sishiga olib keladi”.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarzining asosiy qismi, ya’ni 57 foizi – xalqaro moliya institutlaridan, 31 foizi esa xorijiy hukumatlardan jalb qilingan. Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki Toshkentning eng yirik kreditorlari bo‘lib, ular umumiy qarzning qariyb yarmini tashkil qiladi. Xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlaridan esa Xitoyning taraqqiyot banki va Xitoy eksimbankidan olingan qarzlar yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, mamlakat xalqaro investorlardan ham 4,1 milliard dollar miqdorida mablag‘ jalb qilgan.

Iqtisodchi Saparboy Jubayev qarz olishni uch guruhga bo‘ladi:

Saparboy Jubayev
Saparboy Jubayev

“Qarzlar asosan uch xil chet ellik investorlar beradi. Birinchisi Jahon banki, Yevropa rivjlanish banki, Osiyo rivojlanish banki, Islom rivojlanish banki. Bular struktura o‘zgarishlariga beradi va juda samaradorli. Foizi kam, 20 yoki 30 yilga beriladi. Ikkinchisi davlat banklari olgan qarzlar. Bu ham samaradorli foydalaniladi. Chunki, iqtisodga, kreditga beriladi va qaytariladi. Uchinchi guruh bor, ular davlat korxonalari. “O‘zbekneftgaz” va shunga o‘xshagan davlat korxonalari bor. Bularning ishi qiyinroq Chunki ular qarzlardan kommunal xizmatlariga ko‘p oladi. Lekin bu korxlonalar samarali ishlamaydi, chunki qarzga botgan. Ularning qarzini byudjetdan to‘laymiz. Bu – muammo”.

O‘zbek rasmiylari tashqi qarz hajmi mamlakat iqtisodiyoti va aholi soniga nisbatan katta emasligini ta’kidlab keladilar. Mahalliy nashrlar kelgusi yillarda byudjetdan kreditlar foizlari uchun chiqimlar miqdori ortib borishi kutilayotganini yozmoqda. Jumladan, 2025-yilda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlariga 21,1 trillion so‘m, 2026-yilda 30,3 trillion so‘m, 2027-yilda 33,8 trillion so‘m yo‘naltirilishi prognoz qilingan.

Tashqi qarz iqtisodiyotni rivojlantirish uchun muhim manba hisoblanadi, biroq O‘zbekistonda uning oqibatlari va yuklatilgan majburiyatlar jamoatchilik uchun doim ham ochiq emas.

5 йилда 6 баробар: Мирзиёев орттирган ташқи қарз
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:53 0:00

Markaziy Osiyo davlatlari misoli

Tashqi qarzni iqtisodiy rivojlanish uchun imkoniyat deya hisoblangan Markaziy Osiyo mintaqasida bu masala juda ham dolzarb. Masalan, 2024-yil yakunida O‘zbekiston tashqi qarzi 64,1 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, Qozog‘istonniki 165 milliard dollardan oshib ketdi. Biroq Qozog‘istonning yalpi ichki mahsuloti hajmi O‘zbekistonnikidan ancha ko‘p. Shu bois, tashqi qarzning umumiy hajmidan ko‘ra, uning yalpi ichki mahsulotiga nisbatan ulushi muhim hisoblanadi. Qirg‘izistonning tashqi qarzi 4,5 milliard dollarga yetgan. Tojikiston esa 3 milliarddan ko‘proq summa bilan hududdagi eng kam qarzdor davlatlardan biri hisoblanadi.

“Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyot yo‘lidan yangi qadam tashlayotgan, iqtisodiy ambitsiyalari bor davlatlardir. Shu bois ular uchun tashqi qarzlar juda muhim. Ularsiz rivojlanish deyarli mumkin emas”, deydi bishkeklik tahlilchi Adil Turduqulov.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi moliyaviy resurslarga tobelik darajasi bo‘yicha turlicha holatda. Qozog‘istonda qarzning katta qismi xususiy sektor va to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa davlat kafolati ostidagi qarz hajmi ancha yuqori, bu esa byudjet yuklamasini oshirishi mumkin.

Adil Turduqulov tashqi qarz deganda Xitoy ta’sirini ham inkor qilib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, mintaqada Xitoyning investitsiyalari va kreditlari katta ulushga ega:

Adil Turduqulov
Adil Turduqulov

“Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoydan ham kredit olyapti. Agar yalpi ichki mahsulot hajmi bilan solishtirilsa, Xitoydan eng ko‘p qarz olgan mamlakatlar Tojikiston va Qirg‘iziston hisoblanadi. Qozog‘iston va O‘zbekiston esa boshqa davlatlar bilan ham hamkorlikka e’tibor qaratmoqda. Xitoydan kredit olishning ijobiy tomoni – muddati uzoq va foizi nisbatan pastroq bo‘ladi. Biroq buning xavfli jihatlari ham bor. Agar qarz mablag‘lari infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilsa, Xitoy o‘z ishchilari va resurslarini jalb qiladi. Natijada bu mablag‘lar mahalliy iqtisodiyotdan ko‘ra ko‘proq Xitoy iqtisodiyotiga foyda keltirmoqda. Xitoy barcha mintaqalarda aynan shu siyosatni olib bormoqda. Shuning uchun tashqi qarzlar qanday maqsadda sarflanayotganini nazorat qilish uchun demokratiyaviy institutlar va ommaviy axborot vositalari kuchli bo‘lishi kerak. Shaffoflikni talab qilish fuqarolik jamiyatining asosiy vazifalaridan biridir”.

O‘zbekiston hukumati birinchi prezident Karimov vafotidan keyingina tashqi qarz haqida ma’lumotlarni ochiq e’lon qila boshlagan. Lekin tahlilchilar pullarning qanday sarflanayotgani haqida shaffoflik yo‘qligini aytishadi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi haqida gap ketar ekan, asosiy savol shunda: bu pullar haqiqiy iqtisodiy o‘sishni ta’minlayaptimi yoki kreditga qaram qilib qo‘yaptimi? Bu masala hozircha bahsli va tahlillar davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG