Turkiya matbuotining yozishicha, Istanbul shahrida siyosiy va harbiy josuslikda ayblangan olti nafar xorijlik hibsga olindi. Ulardan biri o‘zbekistonlik, yana biri ukrainalik, to‘rt nafari esa Rossiya fuqarosidir.
Ular Turkiyada yashab kelgan chechen muxolifatchilariga qarshi suiqasd hozirlashda gumon qilinmoqda.
Istanbul politsiyasi va chechen diasporasi bu suiqasdlarda rus va chechen maxfiy xizmatlari qo‘li borligiga ishora qilgan.
"Qotillik urinishi"
Istanbul politsiyasi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi va Turkiya Milliy razvedka tashkiloti 9 - oktabr kuni josuslikda gumon qilingan olti nafar xorijlikni hibsga olganini e’lon qildi.
Bir kun o‘tib, gap Qodirov rejimi tanqidchilari bilan "muomala qilish" huquqi berilgan chechenlar haqida ketayotgani ma’lum bo‘ldi.
Turkiyalik tergovchilarga ko‘ra, ular Turkiyada yashab kelgan chechen muxolifatchilariga hujum uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan.
- Bir guruh chet ellik Turkiyada yashayotgan muxolifatdagi chechen faollarining hayotiga suiqasd hozirlagan va shu maqsadda qurol-aslaha sotib olishga kirishgan, deyiladi tergovchilar bayonotida.
Politsiya xabaricha, gumondorlardan uchta ovozsiz to‘pponcha va o‘q-dorilar musodara qilingan.
Xorijliklar hibsga olingani haqida prokuraturadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilgan Hürriyet nashri ularning ismlarini ochiqladi. Bular-rossiyalik Abdulla Abdullayev, Ravshan Ahmedov, Beslan Rasayev, Aslanbek Abdulmuslimov, ukrainalik Igor Yefrim hamda o‘zbekistonlik Amir Yusupovlardir.
Hozircha politsiya o‘zbekiston pasportiga ega ekani aytilayotgan Amir Yusupov to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot bergani yo‘q.
Turkiyadagi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan Ozodlik manbasi qotillikda gumonlanayotganlar orasida o‘zbekistonliklarning paydo bo‘lishi tasodif emas, deydi:
- Ramzan Qodirov 15 yildan beri o‘z yurtdoshlariga qarshi butun dunyoda haqiqiy terror yurityapti. Bu sistematik qotilliklarga aylandi. Turkiyaga kelish oson bo‘lgani uchun ko‘plab chechen qochqinlari shu yerga joylashmoqda. Vaholanki, Turkiya bilan Kavkaz xalqlari ilgaritdan yaqin aloqalarga ega. Qotillar guruhlarida o‘zbeklarning paydo bo‘lib qolgani ham tasodif emas. Ko‘p sonli o‘zbeklarning Turkiyadagi mafiya strukturalari qotillikka moslashgan chechenlar bilan doimo aloqada. O‘zbeklar orasida oson pul topish yo‘liga o‘tganlar ham kam emas. Bu, albatta taxminlar, natijalar tergovdan keyin aniq bo‘lsa kerak, - dedi suhbatdosh.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning ma’lum qilishicha, Tashqi ishlar vazirligi "Turkiyada Rossiya pasportiga ega bo‘lgan chet elliklarning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib bormoqda".
Qo‘yilgan ayblov bo‘yicha ular 15 yildan 20 yilgacha qamalishlari mumkin.
Chechenlar Istanbulda kimlarni izlamoqda?
Ayni paytda Turkiyaga ko‘chib o‘tgan chechenlar Checheniston hukumatining harakatlarini qoralab keladi. Bundan ikki oy oldin Turkiyada yashovchi chechenistonlik muhojirlar Ramzan Qodirov va Rossiya maxsus xizmatlari hujumlaridan o‘zlarini va vatandoshlarini himoya qilish maqsadida birlashganliklarini e’lon qilishgandi. Ular o‘z harakatlarini maxsus tuzilgan Telegram-kanal orqali muvofiqlashtirib kelmoqda.
Turkiyadagi chechen diasporasi vakillari chechenistonlik mustaqil bloger Hasan Xalitovni o‘ldirishga 300 ming AQSh dollari, Suriyadagi "Ajnad al-Kavkaz" chechen jihodchilari otryadi komandiri Rustam Ajievning o‘limi uchun esa bir necha million dollar berishga tayyor ekanliklari to‘g‘risida ma’lumot borligini aytishmoqda. Mahalliy chechenlar Ajievning o‘ldirilishidan Rossiya maxsus xizmatlari ham manfaatdor ekanligi to‘g‘risidagi taxminlarni ham ilgari surishmoqda.
"Sabah" gazetasi tergovchilar hibsga olingan bu shaxslar Rossiya foydasiga ishlagan, degan fikrda ekanini yozgan.
Hasan Xalitov Turkiyada qo‘lga olingan to‘rt nafar rossiyalikning hammasi ham Checheniston vatandoshi ekanligi haqidagi turk manbalari ma’lumotlarini tasdiqladi.
"Men hibsga olingan olti nafardan to‘rttasi chechenlar ekanini tasdiqlayman. Bu guruh rahbari Beslan Rasayev. Biz ular haqida xabardor edik, hozir esa Turkiya prokuraturasi bu ma’lumotlarni tasdiqladi", - dedi Xalitov 21 - oktabr kuni bergan intervьyusida.
Avvalroq Kavkaz.Realii tahririyati mahalliy chechen diasporasi vakillaridan olingan ma’lumotga tayangan holda qo‘lga olinganlar chechenistonlik bloger Hasan Xalitov hamda "amir Abdulhakim Shishoni" nomi bilan tanilgan Suriyadagi "Ajnad al-Kavkaz" chechen jihodchilari otryadi komandiri Rustam Ajievga suiqasd urinishida gumonlanayotgani haqida xabar qilgan.
Sentabr oyi boshida ular Istanbulda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov tarafdoriga qilingan hujumda ishtirok etganlikda gumon qilishgan edi.
Keyinroq Checheniston rasmiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Qodirovning kaltaklangan tarafdori qarindoshlari Xalitovga qon da’vosini e’lon qilishdi.
Bu voqealardan oldinroq, joriy yilning yyun oyida, biznesmen va bloger Hasan Xalitov “qodirovchilar” tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni efirda haqorat qilgan gruzin teleboshlovchisi Georgiy Gabuniya bilan hamkorlik qilganlikda ayblangan edi. Halitov Kavkaz.Realii sayti jurnalistlariga gruzin maxsus xizmatlaridan uni o‘ldirishga Tbilisiga maxsus qotil yuborilgani ma’lum qilgani va u Turkiyaga ketishga majbur bo‘lganini aytib bergan edi.
Chechen muxolifatining 1ADAT telegram kanali qo‘lga olingan guruh amerikalik jurnalist Pol Xlebnikov va Ichkeriyaning sobiq vitse-premyeri Yan Sergunin qotillari bilan hamkorlik qilib kelganini iddao qildi.
Ramzan Qodirovning tanqidchilari hayoti xavf ostida
2016 - yilda Turkiyada qotillikda gumon qilinib, rossiyalik Yuriy Anisimov va Aleksandr Smirnov hibsga olingan va keyinchalik sudlangan edi. Mahalliy sud hukmiga ko‘ra, ular mamlakat hududida Ramzan Qodirov hukumatiga muxolifatda bo‘lgan 7 nafar chechen qochqinini o‘ldirishda ishtirok etganlikda aybdor deb topilgandi.
Turk politsiyasi ayblanuvchilar Rossiya maxsus xizmati xodimlari ekanini taxmin qilmoqda. Turk maxsus xizmatlari ayblanuvchilar Rossiyaga qo‘shib olingan Qrimda hibsga olingan Qrim-tatar Milliy Majlisining raislariga almashtirilgan, degan fikrda.
So‘nggi ikki yil ichida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va uning atrofidagilarni tanqid qilganlarga qarshi bir necha bor qurolli hujumlar uyushtirilgan.
2009 - yildan buyon Yevropaning turli mamlakatlarida (Germaniya, Fransiya, Avstriya, Ukraina) olti chechen qochqini - Umar Isroilov, Timur Maxauri, Amina Okuyeva, Zelimxon Xangoshvili, Imron Aliyev va Mamixan Umarovlar o‘ldirilgan. Hozircha faqat Isroilov va Umarov ishi bo‘yicha aybdorlarga hukm o‘qildi, Xangoshvili ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Bu qotilliklar buyurtmachilari ismlari tergov tomonidan sir tutilmoqda.
Bellingcat surishtiruv jurnalistlari guruhi sobiq chechen bo‘lginchi qo‘mondoni Zelimxon Xangoshvilini Berlinda o‘ldirishni Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati (FXX) rejalashtirib, amalga oshirgan, degan xulosaga kelgan.
Finlyandiya Markaziy jinoiy politsiyasi 2020 - yil oktabr oyida shu mamlakatda yashovchi chechen blogeri Musa Lomayevning hayotiga suiqasd tayyorlanayotgani ustidan tergov-surishtiruv olib boshlagandi.
2020 - yilning fevralida muxolifatchi bloger Tumso Abdurahmonovga hujum uyushtirildi. Hujumchi va uning sherigi uzoq muddatga hukm qilindi. Sud Checheniston rasmiylari bilan bevosita aloqadorligini isbotlay olmadi.
Avstriya huquq-tartibot idoralari shu yilning iyun oyida Ramzan Qodirovni tanqid qilgani bilan tanilgan bloger Said-Xuseyn Magomadovga qilingan suiqasdga urinishni tekshirmoqda.