Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:22

"Turkmanistonda yashayapsanmi, davlat tilini bilishing shart". Rus tilidan voz kechish urinishi va Kreml bosimi


Ashxoboddagi turkman-rus maktabida matematika darsi. 19-yanvar, 2010
Ashxoboddagi turkman-rus maktabida matematika darsi. 19-yanvar, 2010

Turkmanistonda o‘ttiz yildan ziyod vaqtdan beri davom etayotgan “turkmanlashtirish” rus tilining mavqeiga putur yetkazdi. Ammo undan ikkinchi til sifatida hamon foydalanishadi, ayniqsa siyosatchilar. Ilgari rus tilidan voz kechishga urinishlarni Rossiya juda og‘riqli qabul qilar, matbuotda “Rus tilisiz Turkmaniston o‘rta asrlar qa’riga sho‘ng‘iydi” kabi sarlavhalar paydo bo‘lardi. Til masalasiga oid so‘nggi bahslarga TikTok’da chiqqan bir rolik sabab bo‘ldi.

Shu oy boshida TikTok’ning mo‘’jazgina turkman segmentida bir qo‘shiqchi qiz Ashxobod restoranlaridan birida uni go‘yo turkman tilini bilmasligi uchun izza qilishganidan shikoyat qilib chiqdi.

“Menejer ruscha gapirdi, shu bois unga ruscha javob berdim”, deb yozadi xonanda ijtimoiy tarmoqda va menejer undan: “Rus tilini juda buzib gapirar ekansan, qo‘shiq ayta olishingga ishonching komilmi?” deb so‘ragani haqida so‘zlab beradi.

“Barcha xonandalar rus tilini bilishga majburmi? – deya turkmanchalab so‘raydi qiz obunachilaridan. – Menimcha, o‘zaro hurmat muhimroq, axir unga [menejerga] Turkmanistonda yashayotgan odam turkman tilini bilishi shart, demayapman-ku”.

Video bir haftada qariyb 70 000 layk va 500 dan ziyod izoh yig‘di, aksar foydalanuvchilar xonandaga xayrixohlik bildirishdi.

Ko‘pchilik fikricha, bu yerda restoran menejeri uyalishi kerak, chunki “Turkmanistonda yashayaptimi, u davlat tilini bilishga majbur”.

Rolik ortidan chiqqan rezonans yana bir karra isbotlaydiki, rus tili turkman jamiyati hayotidan g‘oyib bo‘lgan esa-da, hamon snobizm va ixtiloflar manbai bo‘lishi mumkin ekan.

Ozodlik turkman xizmatining “Dunyo turkmanlari” haftalik dasturi postsovet makondagi eng avtoritar va yopiq mamlakat bo‘lib qolayotgan Turkmanistonda rus tili qo‘llanishining zamonaviy va tarixiy tendensiyalari haqida turkum suhbatlar e’lon qilmoqda.

Ushbu suhbatlardan xulosa shuki, mamlakatda rus tilining nufuzi aniq kamaygan bo‘lsa-da, u ijtimoiy hayotdan butkul yo‘qolib ketgan emas.

OzodNazar: Шерзод Қудратхўжа узр сўраши керакми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:50:11 0:00

Pandemiya davri va rusiyzabon maktablardagi vahima

Sardor Berdimuhamedov xorijga safarlarini Rossiyadan boshlagan edi. 2022 yilning 10-iyunida, otasi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rniga prezident kursisiga o‘tirganidan uch oy o‘tar-o‘tmas u Moskvaga kelgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘sha uchrashuv chog‘ida Turkmanistonda “rus tili va madaniyati asrab-avaylangani uchun” hamkasbiga minnatdorlik bildirgan.

Putin Ashxoboddagi Aleksandr Pushkin nomi bilan ataluvchi rus-turkman maktabini ham tilga olgan. Ozodlikning turkman xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya ta’lim dasturi joriy qilingan ushbu maktab mahalliy siyosiy elita orasida juda mashhur.

Turkmanistonning yangi lideri Rus-turkman universitetini tashkil qilish bilan ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qilgan va ushbu taklif, TASS agentligi xabariga ko‘ra, “Putin tarafidan tamomila xayrixohlik bilan qabul qilingan va qo‘llab-quvvatlangan”.

Ushbu muzokaralar ohanggi Rossiya matbuotining 2020-yilda, o‘quv yili boshida chiqqan Turkmanistonda go‘yoki qolgan-qutgan rus tilli ta’lim muassasalari yopilayotganiga doir vahimali xabarlari mazmunidan keskin farq qildi.

Ozodlikning turkman xizmati o‘shanda davlat idoralarida xizmat qiluvchi etnik turkmanlarga o‘z farzandlarini turkman tilida ta’lim beriladigan maktablarga o‘tkazish talabini yuklovchi buyruq chiqqanini xabar qilgan edi.

Poytaxtdagi rus tilli maktablar o‘quvchilarining ota-onalari rus tilidagi darslar vaqti keskin qisqartirilganini va hatto – ko‘p hollarda – rus tilida dars o‘tish to‘xtatilganini ma’lum qilishgan.

Turkmaniston hukumati esa vaziyatga izoh bermadi, mamlakatda rus tilida ta’lim berish to‘xtatilgani haqida rasmiy farmoyish chiqqani yo‘q.

Biroq kremlparast OAVlar o‘zicha xulosa qilib bo‘lgandi.

“Rus tilisiz Turkmaniston o‘rta asrlar qa’riga sho‘ng‘iydi” deya ayuhannos soldi shunday nashrlardan biri – “Vzglyad” gazetasi.

Maqolada Turkmanistondagi Rossiya elchixonasining koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya me’yorlariga rioya etish bilan bog‘liq qiyinchiliklar yuzaga kelgani munosabati bilan turkman hukumati rus tilida ta’lim beriladigan sinflar yopilishi haqida xabarnoma yo‘llagani to‘g‘risidagi mo‘’tadil bosiq bayonoti iqtibos sifatida keltirilgan edi.

Elchixona turkman mulozimlarining bu xatti-harakatidan taassuf bildirgan, xolos.

Moskva tarafidan bosim bo‘ldimi, yoki bolalari turkman tilida o‘qishga ko‘nikishi qiyin kechayotgan ota-onalarning noroziligi ta’sir qildimi, ishqilib qisman yoki to‘liq rus tilida ta’lim beradigan maktablar o‘sha “bo‘ron”dan eson-omon o‘tib oldi.

Turkmanistonda o‘shandan beri yana o‘nlab rus tilli maktablar ochildi va ularga talab hanuz yuqori.

Rusiyzabonlar ahvoli

Turkman hukumati mustaqillikning ilk yillaridan boshlab turkman tili ustunligini zo‘r berib targ‘ib qildi. 1992-yilda rus tili millatlararo muloqot tili maqomidan mahrum bo‘ldi. Hatto rus tilida chiqadigan gazetalar o‘z o‘quvchilarini turkman tilini o‘rganishga da’vat etdi.

Kelasi yili davlat TVsi rus tilidagi ko‘rsatuvlar vaqtini kuniga bir necha soatgacha qisqartirdi. Davlat radiosi esa rus tilida eshittirishlar uzatishni 2000-yilda butunlay to‘xtatdi.

Natijada minglab etnik ruslar mamlakatni tark etishdi. Bugungi kunda Ashxoboddan tashqari, Turkmanboshi va Bolqonobod shaharlarida yirikroq rusiyzabon guruhlar saqlanib qolgan.

Ozodlikning Bolqon viloyatidagi muxbiriga ko‘ra, Turkmanboshidagi Kenar bozorida “faqat rus tilida so‘zlashiladi”.

Sun’iy yo‘ldosh antennasi orqali ishlaydigan Rossiya telekanallari butun mamlakatda ommabop bo‘lsa-da, aynan Turkmanboshida ular mahalliy va boshqa xorijiy kanallardan yaqqol ustunlik qiladi.

Kaspiy bo‘yidagi 100 ming aholi yashovchi ushbu shaharni Rossiya imperiyasi 1989-yilda bosib olib, hozirgi O‘zbekistonning Xiva hamda Buxoro shaharlariga hujum qilishda undan platsdarm o‘laroq foydalangan.

Istiloga qadar Qizil Su atalgan qal’ani ruslar keyinchalik o‘z tiliga moslab Krasnovodsk deb o‘zgartirdi.

Bu nom qariyb 125 yil saqlandi va 1993-yilda birinchi prezident Saparmurod Niyozov o‘ziga o‘zi bergan Turkmanboshi (“Turkmanlar otasi”) unvonini shaharga nom qilib taqadi.

Turkmanboshi va Bolqonobodda rus tili saqlanib qolishi sababi ushbu shaharlar aholisi nisbatan ko‘pmillatli ekani bilan izohlanadi. Aholi sonida turkmanlar salmog‘i baribir katta bo‘lsa-da, etnik ozarbayjon, arman va slavyanlar ham sezilmas darajada oz emas.

Mahalliy aholi orasida rus tiliga talab katta ekaniga qaramay, rus tili o‘qituvchilari soni cheklangan bo‘lib, bu mazkur til asosan chet tili sifatida o‘qitilishini bildiradi.

Ozodlikning Bolqon viloyatidagi muxbiri darsliklar yetishmasligini o‘tkir muammolardan biri deb atagandi.

Muxbirga ko‘ra, aksar maktablarda rus tili darslari haftasiga olti soatdan ikki soatga tushirilgan, faqat yuqori sinflargina haftasiga uch soat dars o‘tiladi.

Markaziy Osiyodagi boshqa respublikalar bilan qiyoslaganda, Turkmaniston, shubhasiz, etnik jihatdan eng unitar mamlakatdir.

2003-yilda hukumatning qo‘shfuqarolikni tan olish haqidagi ikki tomonlama bitimni bekor qilishi rusiyzabonlar muhojirlarning yangi to‘lqini paydo bo‘lishiga olib keldi, chunki ular ikki mamlakatdan birini tanlashga majbur bo‘lishdi.

Biroq Sardor Berdimuhamedovning Rossiyaga 2022-yilgi tashrifidan so‘ng turkman hukumati ham Turkmaniston, ham Rossiya fuqarosi bo‘lmish vatandoshlarga yana xorijga chiqish pasporti bera boshladi.

Migratsiya tendensiyalari o‘zgarmoqda, bu rus tili maqomiga qanchalik ta’sir qiladi?

Chet mamlakatlarda rus tili va madaniyatini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchi Rossotrudnichestvo agentligi o‘tgan yili “Turkmanistonda 40 foiz aholi ruscha gapira oladi yoki tushunadi – bu Markaziy Osiyodagi qolgan to‘rt respublikaning har biridagidan kam”, deya bayonot berdi. Yana, agentlik iddaosicha, Turkmaniston aholisining qariyb 12 foizi hamon rus tilini ona tili deb bilar emish.

Bu ma’lumotlar qaerdan olingani noma’lum, lekin Turkmanistondagi so‘nggi aholini ro‘yxatga olish natijalaridan emasligi aniq, chunki turkman hukumati etnik yoki til ozchiliklariga doir ma’lumotlarni e’lon qilmay qo‘ygan.

Ўзбек муҳожирлари: Рус тили бизга иш ва мулоқот учун керак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:05 0:00

Ammo rus tili asosiy xorijiy til maqomini turkman tiliga juda yaqin va 1993-yili lotin alifbosiga o‘tilganidan so‘ng o‘rganish yanada osonlashgan turk tiliga boy bergani fakti yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Bunga turkmanlarning Turkiyaga migratsiyasi ham sabab bo‘layotir.

Turkiya hukumati qaydlariga ko‘ra, 2022-yil sentabr holatiga Turkiyada yashash ruxsatnomasi yoki ishchi vizasiga ega 230 ming nafar turkman bo‘lgan.

Yetti million aholi yashaydigan mamlakat uchun bu juda katta ko‘rsatkich. Darvoqe, tahlilchilar turkman hukumati iqtisodiyot zaifligi va jamiyat asosiy erkinliklardan mahrum bo‘lishi ortidan paydo bo‘lgan ommaviy migratsiyani xaspo‘shlash maqsadida mamlakat aholisi sonini atay oshirib ko‘rsatadi, deb hisoblaydilar.

Turkiyadagi turkmanlar salmog‘i Rossiyadagi turkman fuqarolari soniga nisbatan juda ko‘p, ammo buning izohi bor: Rossiya Turkmanistonning yopiq migratsiya siyosatiga javoban ushbu mamlakat fuqarolarining o‘z hududiga vizasiz kirishiga ruxsat bermaydi.

Biroq bu raqamlar, Turkiya Ashxobod talabiga binoan turkmanlar uchun vizasiz rejimni bekor qilganidan so‘ng o‘zgarmoqda.

Turkiyada rasman yashaydigan turkmanlar soni o‘tgan yili 200 ming nafardan kamaydi.

Migratsiya qoidalarini buzgani uchun turkmanlarni Turkiyadan deportatsiya qilish avj olayotganiga hisobiga ishlab pul topgani Rossiyaga ketishga intilish kuchaydi va Turkmanistonda rusiyzabonlar sonini oshirishi mumkin bo‘lgan tendentsiyadir.

2023-yilning yozida Rossiya elchixonasi mamlakat universitetlarida turkmanlarga avvalgidan ancha ko‘p – 300 ta o‘rin ajratilishini, hujjat topshirish jarayoni soddalashtirilganini e’lon qilgan edi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini muhokamasi sobiq SSSR mamlakatlarida rus tili atrofidagi bahs-munozaralarni keskin olovlantirdi, biroq Turkmaniston bundan mustasno.

Turkmanistonning umumiy axborot izolyatsiyasi urush jamiyat darajasida ham, davlat darajasida ham muhokama qilinmasligini anglatadi.

Ammo 2022-yil oxirlarida Ozodlikning turkman xizmati ta’lim, ichki ishlar va milliy xavfsizlik vazirliklari birgalikda Ukrainadagi urushga “Amerika va Yevropa OAVlarining fitnalari” sabab bo‘lganini yoshlarga tushuntirish maqsadida tadbirlar o‘tkazgani haqida yozgan edi.

“Dunyo turkmanlari” turkumidan materiallar tayyorlashda ishtirok etgan Ozodlik muxbiriga ko‘ra, ichki ishlar va milliy xavfsizlik vazirliklari mulozimlari uchun rus tilini bilish majburiy hisoblanadi.

“Ular malaka oshirish uchun vaqti-vaqti bilan Rossiya Federatsiyasiga xizmat safarlariga jo‘natiladi”, deydi muxbir ushbu vazirliklardagi manbalariga tayanib.

XS
SM
MD
LG