Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:00

Ukraina elchisi: O‘zbekistonda urush haqidagi haqiqatni bilishlarini xohlayman


Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko Ozodlik bilan suhbatda. 9-mart, 2022
Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko Ozodlik bilan suhbatda. 9-mart, 2022

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi borasida "neytral pozitsiya"ni egallagan O‘zbekistonning rasmiy matbuoti Ukrainadagi urushni deyarli yoritmayotir.

Bu mavzuda yozayotgan va gapirayotgan mustaqil nashr va jurnalistlar esa bosim va yashirin senzuraga duch kelayotganini aytmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston aholisi urush haqidagi ma’lumotni asosan, Rossiyaning Kreml nazoratidagi rasmiy telekanallaridan olayotgani aytiladi.

O‘zbekistonlik faollar mamlakat aholisi Kremlning bir yoqlama targ‘iboti ta’siri ostida qolayotganidan xavotir bildirib keladi.

Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko esa, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya telekanallari translyatsiyasini to‘xtatishni so‘rab, nota yuborgan.

Ozodlik rasmiy Kiyevning Toshkentdagi vakili bilan urushgacha va urush boshlanganidan so‘ng ikki o‘rtadagi munosabatlar hamda O‘zbekistonning Ukrainadagi urush yuzasidan tutgan mavqei haqida suhbatlashdi.


Janob elchi, siz Ukrainadagi urush haqida yolg‘on axborot tarqatayotganini aytib, Rossiya telekanallarining O‘zbekistonda translyatsiyasi to‘xtatilishini so‘ragansiz. Sizningcha, Rossiya telekanallaridagi yolg‘on nimadan iborat?

Mikola Doroshenko: Rostdan ham elchixona nota yo‘llagan va bu quyidagi holatlar bilan bog‘liq:

Bugun Ukraina Yevropa Ikkinchi jahon urushi davridan beri ko‘rmagan agressiyaga duch kelganini ko‘rib turibsiz va Yevropa bu agressiyaning darajasini anglamoqda. Ukraina Rossiya harbiy mashinasi arsenalining butun zarbalariga o‘zini tutib, nafaqat o‘zining, balki butun qit’aning xavfsizligini himoya qilyapti.

Biz nega nota yubordik? Biz Putinni va uning jinoyatkorona buyruqlari ijrochilarini Nyurnberg tribunali kutayotgani haqida gapiryapmiz. Biz nafaqat Ukraina va Yevropa mamlakatlarida, balki O‘zbekiston Respublikasida bu ma’lumotlarni odamlar bilishlarini xohlaymiz. Biroq, taassufki, Rossiya telekanallari butkul boshqa urushni ko‘rsatmoqda, to‘g‘rirog‘i – urush go‘yo yo‘qligini iddao qilishadi.

Shu bois biz nota hozirlashga majbur bo‘ldik, men uni imzoladim va 1-martdayoq uni jo‘natdik. Uning qisqacha mazmuni shunday:

“Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan olib borilayotgan axborot kampaniyasi harbiy kampaniyaning bir qismi bo‘lib, dunyo jamoatchiligini yolg‘on ma’lumotlar bilan aldashga qaratilgan. Shuning uchun bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda Rossiyaning propaganda telekanallari translyatsiyasi taqiqlab qo‘yildi, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari esa Kremlning propagandachilariga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror berdi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ukraina tomoni O‘zbekiston hukumati va vakolatli idoralaridan Rossiya televizion kanallari translyatsiyasini va ijtimoiy tarmoqlardagi yoyinlarini taqiqlash haqida qaror qabul qilishni so‘radi”.


Bu notaga javob bo‘ldimi?

Mikola Doroshenko: - Afsuslar bo‘lsinki, biz hanuz javob olganimiz yo‘q.

Shu o‘rinda eslatish joiz, hozir Ukrainadagi urush borasida Kiyev va Moskva berayotgan bayonotlar bir-biridan keskin farq qilmoqda. Asl vaziyat haqida ma’lumot olish va tomonlar bayonotini mustaqil ravishda tasdiqlatish mushkul.

Janob elchi, Ukrainada urush boshlanganidan beri, rasmiy Toshkent tomonidan sizga va siz orqali Ukraina xalqiga biror munosabat, masalan qurbonlar yuzasidan hamdardlik bildirildimi?

Mikola Doroshenko: Afsuski, elchixona orqali rasmiy murojaatlar bo‘lgani yo‘q. Ammo O‘zbekistonning ko‘plab fuqarolari telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali biz bilan bog‘lanib, dalda berishmoqda. Biz ularning dastagini his etib turibmiz. Shuning o‘zi ham jamiyat Ukrainada ro‘y berayotgan voqealarni tushunishini va shunga reaksiya ko‘rsatayotganini bildiradi. Biz buni yuksak qadrlaymiz.

Elchixonamiz saytida va mening o‘z sahifamda Ukrainadagi o‘z uylarini tark etayotgan urush jabrdiydalariga gumanitar yordam to‘plash uchun ochilgan hisobraqam joylashtirilgan. Bilasizmi, 9 ming so‘mdan boshlab 23, 25, 30, 50 ming so‘mlik pul o‘tkazmalari bo‘lyapti. Men bu odamlardan juda ham minnatdorman. Ular o‘ziga to‘q kishilar emasligini tushunib turgandirsiz, albatta. Shunday bo‘lsa ham, Ukraina yordamga muhtojligini tushunib, imkon qadar xayriya qilishyapti.

1966-yili Toshkentda kuchli zilzila bo‘lganida Ukrainadan 30 mingdan ortiq odam – quruvchilar kelishgan va ular shaharni tiklaganlar. Toshkentning Chilonzor tumanida “O‘zbekiston xalqiga – Ukrainadan” deb yozilgan uylar bor. O‘zbekiston bilan Ukrainani bog‘lab turadigan ko‘plab rishtalar bor, biz bu aloqani hamisha his etamiz, ozgina bo‘lsa ham pul o‘tkazayotgan odamlarni, bizga g‘amxo‘rlik qilayotgan o‘zbek xalqini va fuqarolarini yuksak qadrlaymiz, ularga katta rahmat.

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi borasida, juda oz sonli davlatlar qatorida, O‘zbekiston neytral pozitsiyani tutdi. Siz bu pozitsiyani qanday baholaysiz?

Mikola Doroshenko: Bilasizmi, bu davlatning, hukumatning siyosati, ularning qarori. Albatta, biz bu og‘ir kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan do‘stona mamlakatlar guruhiga boshqalar ham qo‘shilishini istardik. O‘zbekiston yuz berayotgan bu voqealarga befarq emas. Biz O‘zbekistondan gumanitar yordam oldik, dori-darmon va tibbiy vositalardan iborat 28 tonna gumanitar yordam allaqachon Ukrainaga jo‘natildi. Va, bilishim qadar, o‘zbek jamiyati, yuqorida aytganimdek, Ukraina uchun gumanitar yordam to‘plashda davom etmoqda.

Tushunarli. Janob elchi, shu o‘rinda aniqlashtirmoqchi edim: Siz O‘zbekiston Ukrainaga gumanitar yordam jo‘natdi, dedingiz. Bu mamlakat nomidan jo‘natildimi, ya’ni rasmiy yordammi yoki volontyorlar yordami?

Mikola Doroshenko: Yo‘q, yo‘q, volontyorlar ham yordam yig‘ishni tashkil qilishyapti. Ammo biz O‘zbekiston hukumatidan gumanitar yordam jo‘natilishi haqida rasmiy xabarnoma oldik, bu yordam allaqachon jo‘natildi.

Ayni paytda, Rossiya davlat axborot vositalari, Ukraina urushini ozmi-ko‘pmi yoritayotgan o‘zbek nashrlarini, Ukraina tarafini olganlikda ayblab, tanqid qilmoqda va hatto, Moskvadan turib, rasmiy Toshkentdan bunga chora ko‘rishni talab qilmoqda. Bu vaziyatni qanday sharhlagan bo‘lardingiz?

Mikola Doroshenko: O‘zbekiston OAVlari so‘nggi paytlarda Ukrainada bo‘layotgan voqealar bo‘yicha sharhlar bera boshladi. Yaqinda blogerlar, Telegram-kanallar mualliflari va OAVlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdim. Ulardan iltimos qildim: Haqiqatni gapiringlar, yuz berayotgan voqealar haqida haqiqatni yozinglar, dedim.

Xabaringiz bordir, albatta: Ukrainadagi urushning 13 kunida Rossiyaning 12 mingdan ortiq bosqinchi askari halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq askari asirga olindi, juda ko‘p harbiy texnikasi yo‘q qilindi – ekspertlar baholashicha, Rossiyaning aynan harbiy texnika bo‘yicha ko‘rgan talafoti summasi 3 mlrd dollardan oshgan. Lekin bu haqda hech kim gapirmayapti. Xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning ko‘plab fuqarolari urushdan, ya’ni askarlikka chaqirishlaridan qo‘rqib, atrofdagi mamlakatlarga, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga qochib kelishyapti.

Shu bois ham Rossiya ommaviy axborot vositalari o‘z imkoniyatlaridan, xususan, 24/7 rejimida translyatsiya qiluvchi “Rossiya 24” kanalidan foydalangan holda O‘zbekistonga o‘z axborot siyosatini tiqishtirmoqchi bo‘lyapti. Biz esa o‘z navbatida O‘zbekiston aholisi orasida ularning translyatsiyasini taqiqlashni so‘rab, murojaat qildik.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Marina Kozlova, siz bilan intervyuni e’lon qilgach, bosimga uchraganini bildirdi. Undan bu intervyuga ilova qilingan surat va videolarni olib tashlashni talab qilishgan. Sizningcha bu holat, siz va umuman mustaqil o‘zbek matbuoti uchun nimani anglatadi?

Mikola Doroshenko: Men bunaqa signallarga ko‘nikib ketganman. Rossiya bizni rusofob, fashist deb biladi, shunday ekan? hech hayron qoladigan joyi yo‘q. Men o‘z mamlakatim haqida gapiraman, o‘z davlatim va bugungi kunda erk va ozodlik uchun kurashayotgan xalqim manfaatlarini himoya qilaman.

Aminmanki, Ukraina bosqinchi va agressorlarga qarshi umumxalq urishini olib borayotganidan, bosqinchilar hatto zamonaviy urush qoidalarini tan olmay, O‘rta asrlardagidan ham shafqatsiz usullarni qo‘llayotganidan jahon OAVlari orqali juda yaxshi xabardorsiz. Shu bois, siz aytgan holat meni umuman taajjubga solmadi.

Men intervyu so‘rab murojaat qilgani uchun jurnalist Mariya Kozlovadan minnatdorman. Uning so‘roviga darhol javob berib, intervyu berishimni aytdim. Men unga bo‘layotgan voqealarga doir bor haqiqatni so‘zlab berdim. Hozir siz yozib olayotganingizdek, u ham intervyuni yozib oldi va bo‘yamay-bejamay e’lon qildi. Men unga xat yozib, dadilligi va to‘g‘riso‘zligi uchun minnatdorlik bildirdim. Va Martin Lyuter Kingning buyuk so‘zlarini esladim, undan bajonidil iqtibos keltiraman: “Pirovardida biz dushmanlarimizning haqoratlarini emas, balki do‘stlarimizning sukutini eslayajakmiz”, degan edi u.

Bu urushga qadar O‘zbekiston va Ukraina orasidagi siyosiy muloqot qay darajada ediyu, hozir qay ahvolda?

Mikola Doroshenko: Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, Zafar Hoshimov yaxshi maqola yozgan ekan. U Ukraina-O‘zbekiston ishbilarmonlari kengashining raisdoshi. 2-3 kun oldin u mazkur urush Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga qay darajada ta’sir etishi haqida qiziq bir maqola e’lon qildi.

Men 2020-yilda mamlakatingizga kelganimda ikki mamlakat o‘rtasidagi mahsulot aylanmasi 345 million dollar edi.

O‘tgan yili mahsulot aylanmasi hajmi 747 million dollarga yetdi. Ko‘rib turganingizdek, raqamlarni ancha kattalashtirishga erishdik. Biz iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlaro komissiya uchrashuvini o‘tkazishni rejalagan edik, umid qilamanki, u o‘tkaziladi, unga bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rahbarlik qiladi. U O‘zbekistonda o‘tkazilishi kerak, urush tugaganidan so‘ng Ukraina ishlab chiqaradigan mahsulotlar uchun biznes-forumlar tashkil qilmoqchimiz.

Binobarin, O‘zbekiston va Ukrainaning savdo-iqtisodiy aloqalari darajasi anchagina yuqori. Ukraina prezidenti O‘zbekiston prezidenti janob Mirziyoyevni Mustaqillik kuni bilan tabriklar ekan, uni rasmiy yoki ishchi tashrif bilan Kiyevga taklif etgandi. Umid qilamanki, urush tugaganidan so‘ng bu tashrif amalga oshadi.

Janob elchi, aytingchi, ayni paytda Toshkent bilan Kiyev o‘rtasida biron bir siyosiy muloqot bormi?

Mikola Doroshenko: Ayni paytda faqat biznes o‘rtasida va iqtisodiy yo‘nalishlardagina muloqot mavjud. Tushunsangiz kerak, albatta, siyosiy muloqotlar mavridi emas, urush ketyapti. Muloqotlar tez orada qaytadan yo‘lga qo‘yiladi, deb umid qilaman.

Keyingi paytlarda parlamentlararo aloqa yaxshi rivojlanayotgan edi, noyabr oyida biz parlament darajasida ikki mamlakat do‘stlik guruhi yig‘ilishini o‘tkazgandik. Bu ham siyosiy muloqot.

Shuningdek, ikki mamlakatning tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ham siyosiy muloqot va siyosiy maslahatlashuvlar mavjud, navbatdagi siyosiy maslahatlashuvlar may oyida Kiyev shahrida o‘tkazilishi kerak. O‘tkaziladi, deb umid qilaman.

Shu kunlarda rasmiy Kiyev O‘zbekistonni qanday davlat sifatida ko‘rmoqda - ehtimoliy ittifoqchimi yoki ko‘proq Rossiyaga yaqin davlat sifatidami, yo boshqa bir sifat bilan?

Mikola Doroshenko: O‘zbekistonda ekanman, ko‘cha-ko‘yda, odamlar orasida yurganimda oddiy fuqarolarning dastagini ko‘raman, ular bizga shunchaki hamdardgina emas, yordam berishga tayyorligini ham his etaman. Ha, tushunaman, O‘zbekiston o‘z geosiyosiy maqomi, qo‘shnilari bilan ish aloqalari va iqtisodiy munosabatlariga ega bo‘lib, bularning bari siyosiy muvozanatni belgilab beradi. Nazarimda, Ukraina O‘zbekistonni o‘ziga nisbatan do‘st davlat sifatida ko‘radi.

Hozir O‘zbekistondagi aksariyat ko‘pchilikda Ukraina NATO va G‘arbga ishonib, xatoga yo‘l qo‘ydi, degan xulosa shakllangan. Siz bunga nima deysiz?

Mikola Doroshenko: Bu gapni aytayotganlar Rossiya TVsini ko‘rib, unda nimani ko‘rsatishsa, nimani gapirishsa, bariga ishonadigan odamlar bo‘lsa kerak. Lekin tafakkur qiladigan, o‘qiydigan, zamonaviy OAVlarni kuzatib boradigan kishilar butunlay boshqacha fikrda.

E’tibor bersangiz, haqiqiy voqelikni – Ukraina o‘zini muhofaza qilayotganini, nafaqat o‘zini, boshqalarni, jumladan O‘zbekistonni ham himoya qilayotganini idrok etayotganlar ko‘payib bormoqda. Zero, men O‘zbekiston o‘tmishga – Sovet Ittifoqiga qaytishni istaydi, deb o‘ylamayman. O‘zbekiston o‘z mustaqil siyosatiga ega kuchli davlat, kelajakda yanada qudratli bo‘ladi. Odamlar buni juda yaxshi tushunishadi. Men umid qilaman, ishonamanki, O‘zbekiston Ukrainani siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.

Bizning bu gaplarimizni o‘zbek xalqi eshitishini juda-juda xohlayman. Yana istaymanki, o‘zbeklar Ukraina xalqi urush yovuzliklarini boshidan kechirayotganini bilsin.

Ko‘rib turibsiz, hozir Rossiyada Z belgisini taqib yoki yopishtirib olib, maqtanchoqlik qilish avjiga chiqyapti, buni telekanallar ham targ‘ib qilmoqda. Odamlarga bir ma’lumotni yetkazib qo‘yishingizni xohlardim: bunday belgi Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlarning Zaksenhaus konslageridagi mahkumlar ommaviy qatl qilinadigan binolarning taniq belgisi edi.

Endi shunaqa ommaviy qotilliklar ukrain xalqiga, Ukraina fuqarolari nisbatan amalga oshirilyapti. Buni ham odamlar eshitsin deyman.

Qolaversa, ommaviy axborot vositalaridan haqiqatni boricha ko‘rsatishni iltimos qilaman. O‘zbek xalqiga ushbu murakkab davrda ulkan muvaffaqiyatlar va ravnaq tilayman. Ishonchim komilki, iqtisodiy aloqalarimizni yanada yuqori darajada yo‘lga qo‘yishga qurbimiz yetadi.

Yana men aminman va aniq bilamanki, bu og‘ir urushdan so‘ng Ukraina butkul boshqa – yangi, modern davlatga, jumladan, o‘zbek biznesi va madaniyati uchun ham tortish markaziga aylanajak.

XS
SM
MD
LG