Nima deb oqlashlaridan qat’i nazar, utilizatsiya yig‘imlarining 4 karra oshirilishi O‘zbekistonda elektromobil olib kelib sotuvchi chayqovchiga aylangan (laqabi mahalliylashtiruvchi) BYD Uzbekistan manfaatlariga ishlaydi, deb yozmoqda iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov.
BYD Uzbekistan Factory va BYD Central Asia maxsus imtiyozga ega, ular elektromobillar sotuvida utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishgan. (Yana bir chayqovchi monopolist, BYD Uzbekistan bilan ota bir, ona bo‘lak Uzauto Motors ham yashirin qarorlar bilan utilizatsiya yig‘imini to‘lamasligini ko‘pchilik bilsa kerak).
JSTga kirish e’lon qilingan va jarayon eng yuqori siyosiy darajada faollashtirilgan bir vaqtda g‘irt ikkiyuzlamachi qadam. Qanaqadir tor to‘dalar uchun butun bir mamlakatning strategik tanlovi va imijini so‘roq ostiga qo‘yish bu.
5 yildan beri undirilayotgan utilizatsiya yig‘imi qayerga ketyapti?
Buni hech kim bilmaydi. Importni cheklash uchun 2020-yilda joriy qilingan utilizatsiya yig‘imi qayerga, qaysi cho‘ntakka tushyapti, kim taqsimlayapti, nimaga ishlatilyapti, hech kim bilmaydi.
Byudjetda utilizatsiya yig‘imidan tushumlar ham, xarajatlar ham biron marta ochiqlanmagan. Xalq tugul, parlament oldida ham. Ya’ni bu utilizatsiya yig‘imi soliq emas (soliqlarni parlament joriy qiladi), qip-qizil o‘lpon.
Buyam mayli. Kulgulisi, utilizatsiya yig‘imini 4 karra oshirish to‘g‘risidagi qaror ijrosi JSTga kirish uchun mas’ul bo‘lgan Xodjayevga topshirilgan.
Xodjayev JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarda importni cheklash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilingani, karrasiga oshirilgani, lekin mahalliy cho‘ntak chayqovchilar uchun darcha va yashirin qarorlar bilan imtiyoz berilganini qanday tushuntirarkin?
Yo JSTga kirishni to‘xtatib turamizmi?
“Akkumlyator” qaror bekor qilinishi kerak
Yuliy Yusupov ogohlantirayotganidek, “iqtisodiyotni yutib yuborayotgan ulkan byurokratik mahluq” maqsadiga erishishiga yo‘l qo‘yilsa, O‘zbekistonning kelajagi yo‘q.
Mazmuniga ko‘ra boj hisoblangan utilizatsiya yig‘imi oshirilishidan maqsad importni cheklash va busiz ham trillionlab yashirin imtiyozlarga ega bo‘lgan oligarxik guruhlarga o‘zbekistonliklarni ko‘proq talash imkoniyatini taqdim etish xolos.
Lekin mahalliylashtirish yolg‘onlarining ishtirokchisi bo‘lgan byurokratiya tushunishi kerakki, endi shartli Seagull Xitoydagidan 1,5 barobar emas, 1,8 va hatto 2 barobar qimmat bo‘ladi, lekin himoya qilayotganingiz uchharfli ajdarholar to‘dasi raqobatli bo‘lib qolmaydi. Uch boshli Ajdarholarning ishtahasi qonmaydi, yangi va yangi taqiqlar talab qiladi hali. O‘zi jimitdek ekonomika yanada kichrayadi, qashshoq xalq yanada abgorlashadi, tamshanib bo‘lishadigan pirogingiz esa o‘sha-o‘shaligicha qoladi. Xuddi Karimov davridagidek. Keyin bir-biringizni chaynashni boshlaysiz.
Shunday ekan, o‘z oyog‘ingizga bolta urishdan boshqa natija bermaydigan “akkumlyator” qaroringizni bekor qiling, ertani o‘ylasangiz, bu sizning ham foydangiz aslida.
Otabek Bakirov
Iqtisodchi, bloger
(Telegramdagi Bakiroo kanalidan olindi)
Tahririyatdan: OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.