Xitoyning o‘tgan hafta chiqarilgan DeepSeek sun’iy intellekti yangi modeli katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. AQSH texnologik shirkatlarining qiymati salkam trillion dollarga tushib ketdi, bozorda go‘yo portlash sodir bo‘ldi. U qisqagina vaqt ichida AQSH va Xitoyda eng ko‘p yuklab olingan ilovaga aylanib, ChatGPT'ni ortda qoldirdi. DeepSeek'ni sun’iy intellekt olamida inqilob deb atashmoqda, ammo uning bir qusuri bor – senzura.
Diqqat, birinchi savol!
Yangi SI chiqqanidan so‘ng ko‘p o‘tmay foydalanuvchilar ilova Xtoy siyosati, hududiy nizolari va tarixiga doir savollarga javob bermasligini yoki Pekinning rasmiy pozitsiyasini takrorlashini sezib qolishdi.
“Ozodlik Osiyo” jurnalistlari buni tekshirib ko‘rdi.
Tahririyat botga shunday savol berdi: “Shinjonda vaziyat qanday? Xitoy hukumati musulmon etnik guruhlarni, jumladan uyg‘ur, qozoq va qirg‘izlarni kamsityaptimi?”
DeepSeek quyidagicha javob berdi: “Shinjonda, Xitoyning boshqa barcha viloyatlarida bo‘lgani kabi, barcha millatlar, shu jumladan uyg‘urlar, qozoqlar va qirg‘izlar ham teng huquq va imkoniyatlarga ega. Xitoy Shinjonni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga faol yordam bermoqda, xalqning turmush darajasini muttasil yaxshilamoqda, millatlararo birlikni mustahkamlab madaniy almashuv va integratsiyaga sharoit yaratmoqda”.
So‘ngra jurnalistlar xalqaro inson huquqlari tashkilotlari xabarlarida ko‘p tilga olinadigan maxsus jamloqlar – Shinjondagi uyg‘urlar hamda boshqa etnik guruhlar vakillari uchun qurilgan “qayta tarbiyalash lagerlari” haqida nimalarni bilarkin, deya qiziqishdi.
Servis ushbu lagerlarni “professional ta’lim markazlari” deb atadi va ular terrorizmga va ekstremizmga qarshi kurashda qo‘l kelayotganini, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga ko‘maklashayotganini iddao qildi.
Ushbu markazlar haqida bugun nimalar ma’lum?
2017-yilda Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti e’lon qilgan hisobotda Shinjonda uyg‘urlar, qozoqlar va qirg‘izlar ommaviy ravishda “siyosiy qayta tarbiyalash markazlari”ga jo‘natilayotgani to‘g‘risida gap boradi. Xitoyda asosan turkiy tilli va islom diniga e’tiqod qiluvchi etnik guruhlar boshiga tushgan voqealar haqida o‘shanda ilk bor xalqaro darajada gapira boshlangan edi.
Lagerlarning sobiq mahkumlari u yerda shafqatsiz munosabat, zo‘ravonlarcha assimilyatsiya va majburiy mehnatga duch kelganlarini aytishgan. Odamlar chet eldagi qarindoshlari bilan aloqada bo‘lishgani, boshqa mamlakatga borishgani yoki islom diniga e’tiqod qilishgani uchun lagerlarga qamalgan.
“Xitoy hukumati odamlarni jinoyat sodir etishgani uchun emas, balki siyosiy ishonchsiz deb hisoblagani uchun “siyosiy tarbiya markazlari”da saqlaydi”, deya bayonot bergandi HRW.
O‘shandan beri nimalar bo‘lganini uyg‘ur xalqining huquq va erkinliklari uchun kurashuvchi Jahon uyg‘urlar kongressi raisi Dolkun Isa yaxshi biladi.
“Dastlab Xitoy hukumati hech qanaqa lager degan narsa yo‘q, deb turib oldi. Biroq BMT ekspertlari, inson huquqlari tashkilotlari va mustaqil tahlilchilar dalillar, jumladan sun’iy yo‘ldoshdan olingan fotosuratlar bilan hisobot chop etgach Xitoy ritorikasini o‘zgartirdi va bu “kasb-hunar o‘rgatish” markazlari ekanini iddao qildi. Keyinroq, u yerda talabalar, artistlar, sportchilar, o‘smirlar saqlanayotgani ayon bo‘lgach esa lagerlar go‘yoki terrorizm va radikalizmga qarshi kurashga mo‘ljallangani haqida lof ura boshladi. Xitoyning bahonalari hamisha yangilanib tursa-da, mohiyat o‘zgarmagan – lager va turmalarda hanuz millionlab kishilar zulm chekmoqda”, deydi Isa.
Huquq faoli Xitoyning repressiyalari uning oilasiga ham katta kulfat keltirganini aytadi.
“Kenja ukam umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Matematika professori bo‘lgan katta akamni ham sud qilishdi: turli ma’lumotlarga ko‘ra, 17 yoki 24 yil berishgan. 2017-yildan beri qarindoshlar bilan aloqa qila olmaymiz. 2018-yilda onam 78 yoshida lagerda vafot etdi. Mening taqdirim yakka-yagona emas – chet eldagi deyarli barcha uyg‘urlar shunaqa ahvolda qolgan”, deydi yana Dolkun Isa.
Diqqat, ikkinchi savol!
Agarda DeepSeek'dan “Xitoy hukumati o‘z tanqidchilarini, jumladan uyg‘urlarni chet elda ta’qib qiladimi?” deb so‘rasangiz, shunday javob olasi: “Xitoy hukumati hamisha qonun va xalqaro huquq doirasida harakat qiladi, milliy birlik va ijtimoiy barqarorlikni himoya qilishga intiladi”.
HRW baholashicha, Xitoyda “mustaqil fuqarolik jamiyati, so‘z erkinligi, uyushish va e’tiqod qilish erkinligi yo‘q, huquq faollari va boshqa mustamal tanqidchilar esa hukumat tarafidan ta’qibga olingan”.
“Xitoy hukumatining axborot ustidan nazoratni kuchaytirishi xalqaro oqibatlarga olib keladi, chunki u Xitoyning quvg‘indagi tanqidchilariga va chet davlatlar fuqarolariga qaratilgan”, deyiladi inson huquqlari tashkilotining Xitoydagi vaziyatga doir yangi hisobotida.
Hozirda Germaniyada yashayotgan Dolkun Isa bu xulosani tasdiqlar ekan, o‘z boshidan o‘tkazgan voqealardan misol keltiradi:
“Xitoy meni terrorizmda aybladi, holbuki men umrimda hatto tovuq so‘ygan emasman. Ular meni ta’qib qilish uchun Interpoldan foydalanishdi, rejimning boshqa tanqidchilariga nisbatan ham xuddi shunday yo‘l tutishmoqda. Xitoy hukumatining maxfiy politsiya idoralari faqat Qozog‘iston yoki Markaziy Osiyoda bor, desangiz adashasiz. Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSH doxil 50 dan ortiq mamlakatda, 150 ta shaharda bor bunaqa ofislar. Xalqaro tadqiqot institutlari va inson huquqlari tashkilotlari buni allaqachon tasdiqlashgan”.
Xitoy hukumati “transmilliy qatag‘onlar sxemasi”ni tashkil qilgani haqida AQSH Adliya vazirligi ma’lum qilgan edi.
Xitoyning barcha yirik texnologik shirkatlari bilan bog‘liq muhokamalarda hamisha senzura, propaganda va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish haqida bahs-munozara chiqadi. Huquq himoyachilari ushbu xavotirlar bejiz emasligini va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlaydilar.
“Xitoy SIni o‘z propagandasini mamlakatdan chetga yoyish maqsadida qo‘llamoqda. Xitoydagi istalgan shirkat hukumat bilan hamkorlik qilishga majbur. DeepSeek – bu nazorat quroli. Masalan, undan uyg‘urlar genotsidi haqida so‘rasangiz, “bu G‘arb propagandasi” deb javob beradi, holbuki Londonda o‘tgan Uyg‘ur tribunali 100 ming sahifadan ziyod dalillar yiqqan edi, uyg‘ur genotsidini dunyoning 11 ta mamlakati parlamenti tan olgan”, deydi Dolkun Isa.
Huquq faoli aytishicha, uning va hamkasblarining ishi kun sayin og‘irlashmoqda, chunki ular Pekinning millardlab dollar sarflanayotgan ulkan propaganda mashinasiga qarshi kurashmoqdalar.
“Bugun odamlar chuqurroq tadqiqot qilib o‘tirmay, internetdan tayyor ma’lumotni olishga o‘rganishdi. Shu bois yolg‘on ma’lumotni haqiqat deb qabul qilishmoqda. Xitoy esa SIni dezinformatsiyani yoyish va bizning haqiqatni yuzaga chiqarishimizga xalal berish uchun qo‘llamoqda”, deya so‘zini yakunlaydi Dolkun Isa.
Diqqat, uchinchi savol!
“Ozodlik Osiyo” tahririyati DeepSeek'dan u nima uchun yaratilgani haqida ham so‘radi. Bot esa: “Foydali va aniq ma’lumotlarni taqdim etish, murakkab mavzularni tushuntirish, yechimlar va g‘oyalar taklif etish orqali odamlarning hayotini sodda va qulay qilish uchun”, deb javob berdi.