Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar rahbari Kaya Kallas Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurdi. Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri 3–4-aprel kunlari mintaqa tarixiy shaharlaridan biri – Samarqandda bo‘lib o‘tadigan birinchi “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti bo‘ldi.
Qozog‘istonlik siyosiy tahlilchi Merxat Sharipjanovning Ozodlik rus xizmatidagi blogida yozishicha, bu sammitni Markaziy Osiyo davlatlari nuqtayi nazaridan, mintaqaning geosiyosiy muhitidagi muhim bosqich deb atash mumkin. Chunki Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri ilk bor beshta sobiq sovet respublikasi yetakchilari Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazib, strategik sheriklik istiqbollarini muhokama qiladilar.
Kaya Kallas o‘z tashrifini Turkmanistondan – mintaqadagi eng yopiq va avtoritar davlatdan boshladi. Uning Ashxobodga tashrifi Bryussel uchun inson huquqlari bo‘yicha yomon vaziyat va prezident Serdar Berdimuhamedov hamda uning otasi Gurbangulining barcha demokratik institutlarni yo‘q qilishga qaratilgan siyosati ikkinchi darajali masalaga aylanganini anglatishi mumkin. Uch yil oldin hokimiyatni o‘g‘liga topshirgan Gurbanguli Berdimuhamedov hanuz mamlakatni to‘liq nazorat qilib keladi.
Sammitning aynan Samarqandda o‘tkazilishi ramziy ahamiyatga ega.Milodiy VI–VII asrlarda bu shahar Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan. Insoniyat dengiz va okeanlarni kemalarda bosib o‘tishni o‘rgangunga qadar, Ipak yo‘li Xitoyni Yevropaning Genuya (Italiya) va Venetsiya shaharlari bilan bog‘lagan asosiy savdo yo‘li bo‘lgan.
Buyuk Ipak yo‘li tufayli Yevropa porox, qog‘oz, qog‘oz pul, kompas, muzqaymoq va xitoycha ugra haqida bilib olgan. Genuyalik hamda venetsiyalik savdogarlar esa uni makaron, vermishel, spagetti va fettuchini kabi mahsulotlarga aylantirgan.
2022 yil sentyabr oyida Samarqand Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) sammitiga ham mezbonlik qilgan va sammit asnosida shaharning tarixiy roli yana bir bor ta’kidlangan edi.
Shuningdek, 2023-yil may oyida Xitoy aynan Ipak yo‘lidagi boshqa muhim shahar – Sianda “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitini o‘tkazdi. E’tiborlisi, bu anjumanga Rossiya taklif qilinmadi.
Xitoy rahbari Si Szinpin bir necha bor ta’kidlaganidek, “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi aynan Buyuk Ipak yo‘lini tiklash g‘oyasiga asoslangan bo‘lib, u Osiyo-Tinch okeani mintaqasini G‘arbiy Yevropa bilan savdo yo‘llari orqali bog‘lashni ko‘zda tutadi.
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitida Bryussel “Global Gateway” tashabbusini “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasiga iqtisodiy muqobil sifatida taklif qilishi kutilmoqda. Ushbu tashabbus barqaror rivojlanish uchun muhim vosita sifatida ko‘riladi.
Sammit kun tartibida Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot, energetika, yashil texnologiyalar va chegaralararo suv xavfsizligi masalalari bor.
Kaya Kallas tashrifi davomida Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetini hurmat qilgan holda, texnologik, ta’lim va infratuzilma sohalarida qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Biroq, Yevropa Ittifoqining diplomatik sa’y-harakatlari mintaqaga ta’sir o‘tkazishda yetakchilik qilayotgan Rossiya va Xitoy bilan raqobat muhitida kechmoqda. Bu ikki davlat Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash niyatidan voz kechmoqchi emas.
Kaya Kallas 28-mart kuni Ostonada Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan muzokaralar o‘tkazayotgan vaqtda, Rossiya ommaviy axborot vositalari Rossiyaning energetika giganti“Tatneft” Qozog‘istondagi Pavlodar va Atirau neftni qayta ishlash zavodlari aksiyalarini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishini ma’lum qildi.
Bu esa Moskva nafaqat Qozog‘istondagi iqtisodiy ta’sirini saqlab qolish, balki uni neftni qayta ishlash va neft-kimyo kabi strategik tarmoqlar orqali yanada kengaytirish niyatida ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 28-mart kuni Rossiya ommaviy axborot vositalari 28-aprel kuni Toshkentda beshinchi – “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ochilishini e’lon qildi. Ushbu ko‘rgazmaning asosiy mavzusi Rossiya va Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘ladi.
Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Denis Manturov va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ushbu ko‘rgazmaning asosiy plenar sessiyasida ishtirok etadi.
Markaziy Osiyo iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida Rossiya kompaniyalari faol ishtirok etayotgani Kreml uchun uzoq muddatli strategiyaning bir qismidir. Rossiya nafaqat resurslar eksportini amalga oshirish, balki ishlab chiqarish zanjirlariga chuqurroq kirib borishni maqsad qilgan. Shu tariqa, Moskva diplomatik sammitlarga emas, balki iqtisodiy ta’sirini mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda.
Xitoy esa mintaqadagi ishtirokini infratuzilma loyihalari orqali faol kengaytirmoqda.
Kaya Kallas Qozog‘istonga tashrif buyurayotgan vaqtda, Qozog‘iston hukumati Xitoy va Rossiya bilan hamkorlikda Sharqiy Qozog‘iston viloyatida logistika markazi yaratish loyihasini muhokama qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu loyiha doirasida Qozog‘istonning Zaysan shahrida yangi aeroport qurish, Tug‘il qishlog‘ida daryo porti barpo etish va Xitoy-Qozog‘iston-Rossiya o‘rtasida temir yo‘l o‘tkazish punktlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Kaya Kallas Ashxobodga kelishidan bir kun oldin, 26-mart kuni Ostonada Qozog‘iston prezidenti Toqayev Xitoy Kommunistik partiyasining markaziy qo‘mitasi vakili Lyu Szyanchao bilan uchrashdi. Unda 2025-yil iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan ikkinchi “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Bu bilan Pekin Qozog‘istonni o‘zining Yevrosiyodagi strategik sherigi sifatida ko‘rayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Shiddat bilan kuchayib borayotgan raqobat fonida Qozog‘iston prezidenti Toqayev, tajribali diplomat sifatida, o‘zining ko‘p qirrali tashqi siyosatini namoyon qilmoqda.
Bir tomondan, Yevropa Ittifoqi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, vizani soddalashtirish to‘g‘risidagi kelishuvlarni muhokama qilish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va barqaror transport yo‘laklari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga intilayotgani kuzatilmoqda.
Ikkinchi tomondan esa, Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik va Xitoy bilan yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yuqori darajadagi siyosiy muloqotni mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda.
Toqayevning pozitsiyasi aniq: uning tashqi siyosati “birini tanlash” emas, balki “har biri bilan hamkorlik qilish” tamoyiliga asoslangan. Bu esa Qozog‘istonga Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi strategik mavqeidan unumli foydalanish va xalqaro maydonda o‘z subyektligini mustahkamlash imkonini beradi.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammit Bryusselning Markaziy Osiyo bilan tizimli va uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini ko‘rsatadi.
Yevropa Ittifoqi o‘z tashabbuslarini faqat Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuziga qarshi chora sifatida emas, balki mintaqa bilan to‘liq hamkorlikni shakllantirish niyatida ekanini isbotlashi lozim.
Bryussel uchun eng katta muammo – Markaziy Osiyoda ilgari o‘rnashib olgan Xitoy va Rossiya bilan raqobatlashishdir. Yevropa ulardan farqli ravishda infratuzilma, energetika va logistika sohalarida katta tajribaga ega emas. Shuning uchun mintaqaga haqiqiy investitsiyalar va strategik sheriklik taklif qilish zarur bo‘ladi.
Sammitdagi muzokaralar Markaziy Osiyoning qaysi tashqi sherikni tanlashi bo‘yicha birinchi qadam bo‘ladi. Lekin buning asosiy natijalari keyingi harakatlarga bog‘liq.
Ya’ni, Yevropa Ittifoqi Xitoy va Rossiya bilan nafaqat siyosiy diskurs va qonunchilik normalari sohasida, balki iqtisodiy mexanizmlar, logistika yechimlari va investitsiya siyosati bo‘yicha ham raqobatlashishga tayyormi?
Markaziy Osiyo rahbarlari uchun bu raqobat diplomatik manyovr qilish va o‘z mamlakatlarining manfaatlarini ilgari surish uchun imkoniyat ochadi.
Haqiqiy muvaffaqiyat esa tashqi sheriklar o‘rtasidagi raqobatni bir-biriga qarshi qo‘yish emas, balki uni o‘zaro manfaatli hamkorlikka aylantira olgan davlatlar tomonida bo‘ladi.
Buni amalga oshira olgan Markaziy Osiyo yetakchilari strategik jihatdan yutadi.
Blog muallifining fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.