Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:21

Tahlilchi: Yoshlar ittifoqi orqali ishga joylashtirishdan xunveybinchilikning hidi kelmoqda


O‘zbekiston Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov prezident tanbeh eshitmoqda.
O‘zbekiston Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov prezident tanbeh eshitmoqda.

Yoshlar ittifoqining Qashqadaryo viloyat kengashi Moliya vazirligi tizimiga ishga joylashtirish uchun 10 kishining anketalarini Ittifoqning markaziy kengashiga yubordi.

Qashqadaryolik nomzodlar Yoshlar ittifoqi kuni kecha Moliya vazirligiga tavsiya qilgan 490 kishilik guruhning bir qismidir.

Vazirlik uchun kadr tanlash Yoshlar ittifoqi orqali amalga oshirilayotganidan, ba’zi tahlilchilar fikricha, Xitoyning sobiq rahbari Mao Sze Dun tarafdorlari - xunbeybinlarning hidi kelmoqda.

Moliya vazirligiga Qashqadaryodan faqat Yoshlar ittifoqida ishlaganlar tavsiya qilindi

Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat bo‘limining ismi sir qolishini istagan mas’ul xodimiga ko‘ra, viloyat bo‘ylab Moliya vazirligi tizimida ishlash istagini bildirgan 16 yosh mutaxassisdan 10 nafarining anketalari 30 dekabr kuni Ittifoqning Markaziy kengashiga yuborilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Moliya vazirligiga tavsiya qilingan 10 qashqadaryolikning barchasi Yoshlar ittifoqi strukturalarida ishlab kelayotgan mutaxassislar bo‘lib, ularning moliya-kredit sohasida bilimi bor. Vazirlikka tavsiya qilinmagan qolgan 6 qashqadaryolik boshqa tashkilotlarda ishlayotgan yoshlardir.

- Tavsiya qilinganlarning hammasi vazirlik tizimiga ishga qabul qilinsa, Yoshlar ittifoqi ularning o‘rniga yangi odamlar olasizlarmi?

Bu savolga tashkilot vakili “Ha”, deb javob berdi.

Uning aytishicha, mutaxasislar faqat Moliya vazirligi uchun tanlangan, boshqa vazirliklar uchun mutaxassis tanlash masalasi kun tartibida yo‘q.

Hammasi bo‘lib 490 kishi tavsiya qilindi

O‘zA axborot agentligi 5 yanvar kuni Yoshlar ittifoqining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda berilgan e’lonlar asosida moliya organlarida ishlash istagini bildirgan 3 ming 100 dan ziyod yigit-qiz orasidan 490 nafari saralanib, Moliya vazirligiga tavsiya etilgani to‘g‘risida xabar qildi.

Yoshlar ittifoqi tavsiya qilgan 490 kishi Moliya vazirligi tizimiga so‘zsiz ishga olinadimi?

Aftidan, bu masala Moliya vazirligi uchun ancha og‘riqli masala ko‘rinadi. Har holda vazirlikning bir necha mas’ul mulozimi, jumladan, vazirlikning Yoshlar yetakchilari kengashi vakili bu masaladagi savollarga javob berishni istamadi.

Biroq vazirlikning Kadrlar boshqarmasi vakili Ozodlikning bir necha savoliga javob berdi:

- Tavsiya qilingan 490 kishining barchasi ishga imtihonsiz qabul qilinadimi?

- Yo‘q, ular bilan suhbat qilinadi. Kadr tanlash komissiyasi bor. Imtihon qilmaymiz. O‘zimizning o‘quv markazimiz bor. Rahbariyat test o‘tkaz, desa, test uyushtirarmiz.

- Demak, ishga suhbatdan o‘tsagina qabul qilinadi?

- Komissiya hujjatlarni ko‘rib chiqa boshladi. To‘liqsiz oliy ma’lumotlilarining hammasini praktikaga olamiz. Stajirovkaga olamiz. Tavsiya qilinganlar orasida moliyachi emas, boshqa mutaxassislar ham bor. Hammasi bilan suhbatlashiladi, dedi vazirlikning Kadrlar boshqarmasi vakili.

Moliya vazirligi hanuz "tozalanmoqda"

O‘zA axborot agentligi 27 dekabr kuni Moliya vazirligi tizimidan 500 dan ortiq xodim ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

O‘sha xabarda mana bu ma’lumotlar keltirilgan edi:

Moliya vazirligining hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan joylardagi moliya idoralaridan 273 nafar (23 nafari rahbar xodimlar);

G‘aznachilik idoralaridan 65 nafar (12 nafari rahbar xodim);

Pensiya jamg‘armasidan 100 nafar (1 nafari rahbar xodim);


Davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari xodimlaridan 100 nafari (4 nafari rahbar xodim) jami moliya tizimi bo‘yicha 562 nafar davlat idorasi nomiga dog‘ tushirgan xodimlar o‘z lavozimidan ozod etildi.

Moliya vazirligi Kadrlar boshqarmasi mulozimining 11 yanvar kuni Ozodlik muxbiri bilan muloqot chog‘ida aytganlaridan vazirlikdagi “tozalash” hanuz davom etmoqda. Mulozim Ozodlikning “Shu kunda qancha vakansiya bor?” degan savoliga “Buni dabdurustdan aytolmayman, men qog‘ozlarni ko‘rishim kerak, chunki har kuni o‘zgarib turibdi”, dedi.

Tozalashning boshlanishi

Moliya vazirligi tizimida kadrlarni tozalash jarayoni prezident Mirziyoevning 22 dekabrda Oliy Majlisga qilgan murojaati davomida aytgan gaplaridan so‘ng boshlanib ketdi.

O‘shanda Shavkat Mirziyoev Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovni tik turg‘izib¸ unga keskin ohangda “moliyada o‘tirganlarning hammasini haydash topshirig‘ini bergan edi.

“(Qo‘chqorovga qarab) Atrofingdagilarning hammasini haydavor¸ yangi-yangi odamlarni ol. (Zalga qarab) Qo‘chqorov agar o‘zgarish qilmasa¸ sizlarning oldilaringda aytayapman – bir oyda buniyam ishdan olaman. Manga bundaqa moliya kerak emas. Hammasini haydaydi moliyada o‘tirganlarni”, degan edi Prezident.

Prezident 22 dekabrda Moliya vazirligiga nisbatan belgilab bergan munosabat yo‘nalishini rasmiy matbuot inja ilg‘adi. Masalan, O‘zAning 27 dekabrdagi xabari mana bunday boshlangan:

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi tanqiddan keyin Moliya vazirligi tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.

Sobiq Moliya vaziri va Xodimlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i panohida bo‘lgan va hanuzgacha tizimda ishlab kelayotgan, moliya tizimining nomiga dog‘ tushirayotgan “kalamushlar”ni haydash yuzasidan hududiy rahbarlarga qat’iy topshiriqlar berilgan”.

O‘zA “sobiq Moliya vaziri”, der ekan, albatta, Rustam Azimovni nazarda tutayapti. 2017 yil yozida hukumatdan chetlatilgan Azimov hozirda qandaydir sug‘urta kompaniyasini boshqarayotgani aytiladi.

Yoshlar ittifoqi - yoshlar uchun ijtimoiy lift...

Qator tahlilchilar fikricha, Moliya vazirligi tizimi Mirziyoev – Azimov munosabatlari qurboniga aylandi va prezident bu tizimni yangi kadrlar bilan “sog‘lomlashtirmoqchi”. Bu ishda u Yoshlar ittifoqiga tayanmoqda.

Ba’zilar ildizi Sovet komsomoliga borib taqaladigan Yoshlar ittifoqi (VLKSM < Kamolot < Yoshlar ittifoqi) yosh mutaxassislar uchun ijtimoiy lift vazifasini bajarayotganiga e’tibor qaratib, Moliya vazirligini kadrlar bilan ta’minlashning shu kunda davom etayotgan usulini olqishlamoqda.

... yoki kurash vositasimi?

Biroq, Toshkent Davlat Agrar universiteti va Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti qoshidagi Boshqaruv instituti¸ so‘ngra Janubiy Koreyadagi nufuzli Yonsey universitetida o‘qib¸ iqtisod bo‘yicha magistrlik darajasini qozongan G‘olibbek Xolnazarov optimistlar qatorida emas.

- Ishga Yoshlar ittifoqi orqali joylashtirish, ya’ni mutaxassis tanlashda uning yosh ekani asosiy kriteriy qilib olinishi, menimcha, noto‘g‘ri. Masalan, Koreyani olaylik. Bu mamlakatda davlat idoralariga ishga kiruvchi mutaxassis maxsus davlat imtihonini topshiradi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan odamgina davlat boshqaruvi organiga ishga qabul qilinadi. Bu ish Janubiy Koreyada 50- yillardan buyon tizimli ravishda amalga oshiriladi. Xuddi shunday tartib Yaponiyada ham, qolaversa, boshqa qator rivojlangan davlatlarda bor, dedi G‘olibbek Xolnazarov.

Tahlilchi Mirziyoevning “tozalash”i ortida qanday sabablar yotganini taxmin qilib, bunday dedi:

- Sezib turibman, muhtaram prezidentimiz "xunveybinchilarni" yaratib, ularning qo‘li bilan eski partokratiyani yo‘qotmoqchi. Lekin Xitoy xunveybinchilari davri – 60- yillar boshqa bo‘lgan. Xunveybinchilar revolyutsion yoshlar bo‘lgan, ular qilayotgan ishiga o‘zlari ishongan. Lekin bizning yoshlar 25 yilga cho‘zilgan “buyuk kelajak” yo‘lida so‘zi bilan ishi boshqa odamlar bo‘lib o‘sgan. Ular orasida ham, balki, bordir haqiqiy vatanparvar yigitlar. Lekin yosh ekanligi uchungina ishga olaverish to‘g‘ri emas. Bu jarayon ochiq bo‘lishi kerak, vakant o‘rinlarga e’lon berilsin matbuot orqali. Nomzodlar imtihondan o‘tsin, dedi G‘olibbek Xolnazarov.

Xunveybinlar

Tahlilchi tilga olgan xunveybinlar 1966-1967 yillarda butun Xitoy bo‘ylab talaba yoshlardan tuzilgan jangovar otryadlar a’zolaridir. Xunveybinlar otryadlari Xitoy rahbari Mao Sze Dun boshlagan va tarixga “madaniy inqilob” atamasi bilan kirgan kampaniya davomida Maoning dushmanlariga qarshi kurash uchun tuzilgan.

Mao o‘tkazgan madaniy inqilob davomida (1966-1976 yillar) butun Xitoy bo‘ylab 100 milliondan ortiq kishi jabrlangan, 1 milliondan ortiq kishi halok bo‘lgan. Madaniy inqilob yillarida Xitoy Kompartiyasi saflarida tozalash o‘tkazilib, 17 mln partiya a’zosidan 5 mln nafari repressiya qilingan.

VLKSM < Kamolot < Yoshlar ittifoqi

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi prezident Mirziyoevning tashabbusi bilan 2017 yilning 30 iyunida tuzildi. Tashkilotga Lenin komsomolining merosxo‘ri - “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati asos bo‘ldi.

Yoshlar ittifoqining ustavida uning maqsad va vazifalari bunday belgilab qo‘yilgan:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, yoshlarni tashqi tahdidlar va “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan muhofaza qilish, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish va shart-sharoitlarni yaratish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan ittifoq tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilgan, O‘zbekiston yoshlarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir…

XS
SM
MD
LG