Qashqadaryo viloyat, Shahrisabz tumanidagi fermerlarning shikoyat qilishicha, ularga hokimlik qalampirni majburlab ektirib, 1 iyulgacha chet eldan haridor topishni ham ularning bo‘yniga yuklagan.
Fermerlar belgilangan muddatda qalampir eksporti majburiyatini bajarmasa, yerlari qaytarib olinishi haqida ogohlantirilgan.
Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan shahrisabzlik fermerga ko‘ra, tuman hokimi, prokuror, IIB boshlig‘i 5 iyun kuni hamma fermerlarni bitta xonaga yig‘ib, ularga qalampirni tezroq yetishtirish va chet eldan xaridor topish majburiyatini yuklagan.
- Soat 15:00 da tuman hokimligi iqtisod bo‘limidan Farhod aka fermer va tadbirkorlarni bitta-bittadan tuman hokimi Xolbobo Bozorov, hokim muovini Zaynidin Halilov hamda nachalnik melisa o‘tirgan xonaga kiritib turdi. U yerda har bir fermerga yaqinda ekilgan qalampirni tezroq yetishtirib, chet eldan haridorlar topish majburiyati qo‘yildi. Tadbirkorlarga 200 mingdan 1 million dollargacha eksport majburiyati qo‘yildi. Agarda majburiyat bajarilmasa hokimiyat tomonidan ajratilgan yerlar qaytarib olinishi pisanda qilindi, prezidentni topshirig‘i ekan bu, - dedi shahrisabzlik fermer.
Shahrisabz tumani hokimligi mulozimi 5 iyun kuni fermerlar va mahalliy tadbirkorlar bilan qalampir yetishtirish va uning eksporti masalasi muhokama qilinganini Ozodlikka tasdiqladi.
Lekin, mulozim qalampir yetishtirish bo‘yicha dehqonlarga bosim o‘tkazilayotgani haqidagi iddaolarni rad qildi.
- Biz fermer xo‘jaliklar yerini hisobga olgan xolda reja belgilaganmiz. Qalampir chet elga eksport qilish uchun ekilyapti. Mamlakatga valyuta olib keladigan mahsulot bu. Biz shuni birma-bir fermerlarga tushuntirdik. Lekin, planni bajarmaganlarning yerlari olib qo‘yiladi, degan gap bo‘lgani yo‘q, fermerlarga hamma imkoniyat beriladi, - dedi Shahrisabz tumani hokimligining iqtisodiyot masalalariga mas’ul mulozimi.
Bu yil Shahrisabz tumanida 130 gektar maydonga 60-80 kun ichida pishadigan achchiq qalampir ekilgan, eksportga mo‘ljallangan 14 ming tonnadan ziyod qalampir hosili olish rejalangan.
Achchiq qalampirning achchiq mashaqqati
Ozodlik suxbatlashgan kitoblik fermer esa, achchiq qalampir yetishtirish ular zarariga bo‘layotgani, ko‘zlangan hosilga ko‘zi yetmayotganini aytadi.
- Bizga qo‘yilgan muddatda qalampirdan yuqori hosil olishiga ko‘zimiz yetmaydi. Suv yo‘q. Qalampirni ikki baravar qimmat narxda ertapishar, deb bizga majburlab o‘tkazishdi. Ekdik, hammasi qovjirab yotibdi. Bunaqa buyrubozlik bilan qilinmaydi-da bu, - deydi shahrisabzlik fermer.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi shu yil 27 yanvar kuni 62-sonli “O‘zbekistonda xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirshni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda Shiliuz korxonasi ish boshlagan edi.
Hozirda Shiliuz korxonasi dehqon va fermer xo‘jaliklariga achchiq qalampir ekish uchun talab etiladigan urug‘lik va ko‘chatlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.
Lekin, Shiliuz korxonasi axborot xizmati xodimi Zulayho Musurmonova Qashqadaryoda ekilgan qalampir hosiliga ularning aloqasi yo‘qligini aytdi.
- Bizni Qashqadaryo bilan shartnomamiz yo‘q. Boshqa viloyatlar bilan ishlayapmiz. Biz fermerlarga Hindistondan ko‘chat olib berganmiz. Qalampir yetishtirilganidan keyin har kilosini 2 yarim ming so‘mdan sotib olib, o‘zimiz eksport qilishni rejelashtirgandik. Agar Qashqadaryo biz bilan shartnoma tuzganida biz ularning ham mahsulotini sotib olar edik. Fermerlar o‘zlari chetdan haridor izlashiga hojat qolmas edi, - dedi Musurmonova.
Ayni paytda Shiliuz korxonasi bilan ishlovchi ayrim viloyatlardagi dehqon xo‘jaliklarida qalampir hosili barbod bo‘lgan.
Qoraqalpog‘istonda esa qalaptir ko‘chatlari qurib qolgan.
Shiliuz korxonasiga ko‘ra, ko‘chatlarning qurib qolishi sababini ularning o‘z vaqtida qabul qilib olinmagani, yer tayyor emasligi va suv muammosi bilan izohlamoqda.
- Suv muammosi bo‘laturib biz bilan mana shuncha maydonga qalampir ekamiz, deb shartnoma tuzishgan. Keyin ko‘chatlar nobud bo‘ldi, 70 million dona ko‘chat nobud bo‘ldi. Natijada 7 milliard so‘mdan ortiqroq zarar ko‘rdik, - dedi Shiliuz korxonasi axborot xizmati xodimi Zulayho Musurmonova.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil mamalkatda 15 ming gektar maydonga achchiq qalampir ekilgan.
Mamlakat 1 gektarda 16 tonna qalampir yetishtirib, 3,2 tonna quritilgan achchiq qalampir olmoqchi.
O‘tgan yili prezident Shavkat Mirziyoev paxtadan kam hosil olinadigan joylarga Indoneziya va Hindistondan keltiriladigan va 60-80 kun ichida pishadigan achchiq qalampir ekish haqida ko‘rsatma bergandi.