Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:26

Saudiyalik o‘zbeklar haj harajatining bir qismini ko‘taradigan bo‘ldi


Nuriymon Abulhasan Movarounnahr vaqfi mutasaddilari bilan
Nuriymon Abulhasan Movarounnahr vaqfi mutasaddilari bilan

O‘tgan asr boshida Turkistondan Saudiyaga ko‘chib kelgan o‘zbeklar asos solgan Movarounnahr vaqflar qo‘mitasi (Jidda shahri) 2019 yilda 3000 nafar o‘zbek hojisining haj paytidagi mehmonxona harajatlarini to‘lab beradi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi mulozimiga ko‘ra, “Bu qaror Movarounnahr vaqflar qo‘mitasi raisi doktor Habib Mirza Buxoriyning Haj-2018 mavsumining ishchi guruhi rahbari Nuriymon Abulhasan bilan 2 sentabr kungi uchrashuvi paytida” e’lon qilingan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur 3 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda “Bu - o‘zbek musulmonlari uchun xushxabar” dedi.

O‘zini "Din ishlari qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Abror Po‘latovning yordamchisi" deb tanishtirgan mulozimga ko‘ra¸ “Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Saudiyadagi Movarounnahr vaqflar qo‘mitasi mablag‘larining O‘zbekiston vatandoshlari uchun sarflanishi masalasida yakuniy kelishuvga erishilgan”:

- Bu kelishuvga ko‘ra¸ kelasi yildan boshlab 3 ming nafar hoji Makka shahridagi shinam va zamonaviy mehmonxonalarda bepul turishi ta’minlanadi. Shu paytgacha mazkur vaqf daromadi Markaziy Osiyodagi O‘zbekistondan boshqa davlatlar vatandoshlari uchun sarflanib kelingan edi. Xolbuki bu vaqf tuzilganidagi vasiyatda o‘zbek hojilariga moddiy ko‘mak berish ta’kidlangan.

Din ishlari qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Abror Po‘latovning yordamchisiga ko‘ra¸ O‘zbekistonda kelasi yil “Arzon Haj” dasturiga kirgan vatandoshlar Movaraunnaxr vaqfi yordamidan foydalanishi mumkin.

"Arzon haj"

Ozodlik “Arzon haj” dasturi nima degan savol bilan Din ishlari qo‘mitasi mulozimiga murojaat qildi. Mulozimga ko‘ra¸ xajga masalasini O‘zbekiston prezidenti ko‘targanidan keyin bu masala yechimi qidirilgan.

Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining joriy yil mayida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Haj ziyoratiga yuborish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan edi. «Endi hajga qandaydir tijoratchilar emas, qalbi toza odamlar yuboriladi. Bundaylar kam bo‘lsa, haj kvotasi ham kamayadi», degan edi davlat rahbari.

- Bu gapdan kelib chiqib, din ishlari qo‘mitasi haj harajatlarini kamaytirish yo‘llarini izlashdi va Saudiyadagi vaqflar ko‘magida bunga qisman erishildi¸ - dedi Din ishlari qo‘mitasi mulozimi.

Unga ko‘ra¸ “Yo‘ldan adashganlarni kafillikka olgan va mahalla aholisi ma’naviyatini ko‘tarish uchun xizmat qilganlar arzon haj dasturidan foydalanishi mumkin".

O‘zbeklar vasiyati

Shu kunlarda Jidda shaxrida yashab¸ haj qilishga imkoni bo‘lmagan o‘zbekstonliklarga “haj badal” qilib berish bilan shug‘ullanadigan 31 yashar namanganlik yigitning aytishicha¸ Saudiyada “1920 yillarda sho‘ro rejimidan qochib kelgan o‘zbeklarning mulklaridan tarkib topgan o‘nlab vaqflar bor”:

- Bu vaqflar o‘sha paytda ko‘chib kelgan o‘zbeklar mulkidan tashkil topgan. Qizillardan qochib kelgan o‘zbeklar tijorat bilan shug‘ullanib boyib ketgan. Ular o‘zlarining uy-joy yoki boyligidan bir qismini vaqflarga vasiyat qilishgan. Toif¸ Makka va Madinada vatandosh otalarimiz tomonidan vaqf qilingan 300 dan ziyod madrasa va masjidlar bor. Bu vaqflar Movarunnaxr vaqflar qo‘mitasiga birlashgan.

O‘zbekstonliklarga “haj badal” qilib berish bilan shug‘ullanadigan 31 yashar namanganlik yigitga ko‘ra¸ keyingi 20 yildan ko‘proq vaqt davomida¸ O‘zbekistondan kelgan hojilarga bu vaqflar bilan aloqa qilish taqiqlab qo‘yilgan:

- Shu bois bu vaqflar asosan Qirg‘iziston va Qozog‘istondan keladigan hojilarga homiylik qildi¸ o‘sha mamlakatlardan kelgan talabalarga stipendiya ajratdi. Endi kelasi yildan boshlab o‘zbeklarga ham yordam berishini eshitib quvondim. Chunki qizillardan qochib kelgan otalarimiz o‘z mulkini o‘zbeklarga atab vasiyat qilishgan edi.

Bu yil 7200 nafar o‘zbekistonlik haj qildi.

XS
SM
MD
LG