Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:29

Skripallarni zaharlaganlikda ayblanayotgan rossiyaliklar "Solsberiga cherkov ko‘rish uchun borgan" (VIDEO)


O‘zlarini Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov deb atagan shaxslar RTtelekanalida.
O‘zlarini Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov deb atagan shaxslar RTtelekanalida.

13 sentabr kuni Kremlning ingliz tilidagi telekanali - Russia Today o‘zini Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov deb atagan shaxslar bilan "eksklyuziv suhbat"ni namoyish qildi.

5 sentabr kuni London rasmiylari ayni shu shaxslar joriy yilning 4 mart kuni Britaniyaning Solsberi shaharchasida Rossiya xavfsizlik xizmatining sobiq josusi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlaganlikda gumonlanayotganini butun dunyoga e’lon qilgan edi.

"Solsberiga sayyoh sifatida mahalliy cherkovni tomosha qilgani borgandik..."

Solsberidagi qotillikda gumonlanayotgan Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov ismli shaxslar bilan RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanning o‘zi suhbatlashdi.

Margarita Simonyan suhbatni Britaniyada ayblanayotgan shaxslarning o‘zlari qo‘ng‘iroq qilganini ta’kidlash bilan boshladi.

Simonyanning ikkala suhbatdoshi “Solsberida nima qilib yurgan edingizlar?” degan savolga "sayyoh sifatida mahalliy cherkov va uning minorasini tomosha qilgani borgan edik" deya javob berdi.

- Do‘stlarimiz anchadan beri shu cherkov va uning minorasini borib ko‘rishni tavsiya qilayotgan edi. Bu shaharcha butun dunyodan turistlar boradigan joy. Biz 3 mart kuni Solsberida uzog‘i bilan bir soat bo‘ldik, chunki hamma joyni loyqa qor bosdi. Ertasi kuni quyosh chiqib ketdi. Albatta, biz Old Sarum va soborni ko‘rgani borib, sayohatimizni 4 mart kuni tugatishga qaror qildik. Yana yomg‘ir aralash qor yog‘di, dedi o‘zini Aleksandr Petrov deb tanishtirgan shaxs.

Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi siyosiy keskinlikni yanada oshirishga sabab bo‘lgan Skripallarning zaharlanishida gumonlanayotganlar Skripal kimligi va o‘zlarining uning uyi yaqinidan o‘tganlarini hatto bilmaganliklarini iddao qildi. Boshirov va Petrov, shuningdek, hech qanaqa “Novichok” zaharlovchi moddasini olib yurmagani va Rossiya maxfiy xizmatlariga aloqasi yo‘qligini ham ta’kidladi.

“Nima ish bilan shug‘ullanasizlar?” degan savolga Simonьyan “mehmonlari” o‘zlarining o‘rtahol tadbirkor ekanlari - fitnes mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanishini aytdi.

Ruslan Boshirov Britaniyaga sayohat davomida o‘zlarining nega doimo birga yurgani va bitta mehmonxonada qolganini izohlashni istamasligini aytib¸ Simonyandan shaxsiy hayotga aralashmaslikni so‘radi.

- Biz sizga himoya izlab murojaat qildik. Britaniyadan yangragan ayblovlardan keyin bizning hayotimiz “dahshatga” aylandi. Biz nima qilishni, kimdan yordam so‘rashni bilmay qoldik - Tergov qo‘mitasi, politsiya, FSB, Buyuk Britaniya elchixonasidanmi, dedi gumonlanuvchilardan biri.

"Boshirov" va "Petrov" 3 mart kuni Solsberi temir yo‘l bekatida
"Boshirov" va "Petrov" 3 mart kuni Solsberi temir yo‘l bekatida

5 sentabr kuni Buyuk Britaniya hukumati Sergey va Yuliya Skripallarni Solsberi shahrida asabni falaj qiluvchi “Novichok” gazi bilan zaharlaganlikda gumonlanayotgan shaxslar video va fotosuratlarini e’lon qildi.

Bir necha oy davom etgan keng ko‘lamli razvedka va xavfsizlik tekshiruvlari Skripallarni o‘ldirishga uringanlikda gumonlanuvchilarning Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov nomlariga berilgan Rossiya pasporti bilan 2 mart kuni Londonga uchib kelib¸ 4 mart kuni Skripallar zaharlangan kuni Rossiyaga qaytib ketganini ko‘rsatgan.

Parlament oldida qilgan maxsus chiqishida mamlakat bosh vaziri Tereza Mey pasportdagi bu ismlarning soxta bo‘lish ehtimolini qayd etgan va GRU - Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari bo‘lgan Petrov va Boshirovning Britaniya hududidagi bunday qotillikning Rossiya oliy bosh qo‘mondonligi ruxsati bilan amalga oshirilganini bildirgan edi.

Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi sobiq agenti Sergey Skripal va uning qizi 4 mart kuni Solsberida asabni falajlovchi Novichok gazidan zaharlangan edi. Ko‘p o‘tmay qo‘shni shaharchaga tashlab ketilgan atir shisha ichidagi ayni gazdan bir ayol o‘lgan va bir erkak og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan edi.

12 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani Novichok gazi bilan zaharlaganlikda gumon qilinayotgan Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov, Britaniya iddao qilayotganiday, rus harbiy razvedkasi xodimlari emas, oddiy fuqarolar ekanini bildirdi:

-Biz, albatta, bu odamlar kim ekanini aniqladik. Ularni topdik. Umid qilamanki, ular jamoatchilikka ko‘rinish berib, o‘zlari haqida gapirib berishadi. Bu yerda hech qanday o‘zgachalik yoki jinoyat yo‘q, dedi Putin 12 sentabrda Vladivostokda o‘tgan iqtisodiy forum doirasida jurnalistlar savollariga javob berar ekan.

Putinning bu bayonotidan so‘ng Britaniya bosh vaziri Tereza Mey matbuot xizmati Londonning Skripallarning zaharlanishi yuzasidan Moskvadan tushuntirish olish harakatlariga «yolg‘on javoblar» berib kelinayotganini bildirdi.

Rossiya Skripallarning zaharlanishiga aloqador ekanini inkor etib keladi. Mazkur voqea G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yomonlashtirdi.

GRUning sobiq xodimi Sergey Skripal Rossiyada Britaniya razvedkasi foydasiga xoinlikda ayblanib, qamalgan. 2010 yilda u avf etilgan va AQSh-Buyuk Britaniya foydasiga josuslikda ayblangan boshqa rossiyaliklar qatorida almashtirilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG