Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:36

Moskva viloyatidagi avariyada besh o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi (VIDEO)


Avariya Eski Simferopol shossesida sodir bo‘ldi. 2018, 17 oktabr.
Avariya Eski Simferopol shossesida sodir bo‘ldi. 2018, 17 oktabr.

Moskva oblastida sodir bo‘lgan avariya oqibatida o‘lgan o‘zbekistonliklar soni 5 kishiga yetdi. Nobud bo‘lgan migrantlar Moskvaning “Saxarovo” migratsiya markaziga ishga ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun ketayotgani ma’lum bo‘ldi.

17 oktabr, soat 13-larda Moskva oblastidagi Podolsk shahar okrugi hududida, Eski Simferopol shossesining 44 kilometrida Toyota Land Cruiser avtomobili yo‘l chetida to‘xtab turgan Mitsubishi mikroavtobusini katta tezlikda kelib urishi oqibatida 4 kishi nobud bo‘ldi, yana 3 kishi og‘ir ahvolda Podolьsk shahar shifoxonasiga olib ketildi.

Hodisa joyiga yetib kelgan yo‘l politsiyasi xodimlari o‘lgan va jarohatlanganlarning barchasi O‘zbekiston vatandoshlari ekanini aniqladi.

Ozodlik 18 oktabr kuni jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan muhojirlardan biri o‘lganini aniqladi.

- Podolsk yaqinidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir ahvolda olib kelinganlardan biri halok bo‘ldi. Yana ikki kishi Podolsk shahar klinika shifoxonasida qolmoqda. Yana bir jarblangan ayol yashash joy bo‘yicha ambulatoriya davolanishiga yuborildi, dedi Moskva viloyat Sog‘liqni saqlash vazirligining ismini bildirmagan xodimi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Mitsubishi Grandis haydovchisi 27 yoshdan 48 yoshgacha bo‘lgan o‘zbek migrantlarini Saxarovo qishlog‘ida joylashgan Ko‘ptarmoqli migratsiya markaziga ishga ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun olib ketayotgan bo‘lgan.

Yo‘lda tojikistonlik bo‘lgan haydovchining mashinasi balloni yoriladi va u mikroavtobusni bir chetga to‘xtatib, yo‘lga belgi qo‘yish uchun ketayotganida ichida migrantlar o‘tirgan mikroavtobusga tezligini pasaytirmasdan Toyota avtomashinasi kelib uradi.

- Men mashinadan chiqib znak qo‘ymoqchi edimki, qarasam - mashina tezlikda kelayapti. Qo‘limni ko‘tardim – ulgurmadi qarashga: bor tezligida kelib mikroavtobusimga urdi, dedi jurnalistlarga haydovchi.

Avariya vaqtida mikroavtobus ichida 6 nafar muhojir bo‘lgani ma’lum. Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar maxsus instrumentlar yordamidagina majaqlanib ketgan miniven ichidan odamlarni chiqarib olgan.

4 kishi hodisa joyida o‘ldi, oyoq-qo‘li singan va miyasi chayqalgan yana 2 kishi shifoxonaga olib ketildi.

Politsiya travmatologiya bo‘limiga Toyota Land Cruiser haydovchisi bo‘lgan ayol ham tushganini xabar qildi.

Politsiya boshqarmasida avariyada halok bo‘lgan va shaxsi aniqlanayotgan o‘zbekistonliklardan uchtasi ayol, yana biri erkak ekanini tasdiqlashdi. Hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 264- moddasi, 6- qismi (“Yo‘l harakati qoidalarini buzish va mast holatda bo‘lgan shaxs tomonidan transport vositasini boshqarish oqibatida 2 va undan ortiq odam o‘limi”) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi Toyota avtomobilini boshqarib kelayotgan ayol mast holatda bo‘lganidan darak bermoqda.

Ismi sir tutilayotgan moskvalik ayol aybi sudda isbotlansa 4 yildan 9 yilgacha qamalishi mumkin.

Ta’kidlash joyizki, Rossiya poytaxtidan 55 kilometr narida joylashgan Saxarovo Migratsiya markazi 2015 yilda ochilgan bo‘lib, Moskva shahrida mehnat qilmoqchi bo‘lgan muhojirlarga ishga ruxsatnoma rasmiylashtirish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Ozodlik Rossiyaning turli mintaqalarida mehnat muhojirlari qatnayotgan avtotransport bilan bog‘liq baxtsiz xodisalarda minglab xorijlik, jumladan O‘zbekiston vatandoshlari nobud bo‘layotgani to‘g‘risida qator xabarlar bergan.

XS
SM
MD
LG