Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:21

Qo‘shrabotda 82 yashar qariya 9 yashar qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinib, jinoyat ishi ochildi


Samarqand viloyat, Qo‘shrabot tumanidagi qishloqlardan birida (qaysi qishloqligi Ozodlikka ma’lum) yashovchi 82 yashar erkak 9 yashar qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda.

Qiz o‘qiydigan maktab o‘qituvchilaridan olingan bu ma’lumotni tuman IIB zobiti tasdiqladi. Uning aytishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Voqea yuz bergan QFY raisining Ozodlikka aytishicha, R.O. zo‘rlangani aytilayotgan qizning oilasiga uzoqroq qarindoshdir va "zo‘rlash" voqeasi qarindoshlar orasidagi nizo oqibati bo‘lishi ham mumkin.

Tajovuz tog‘da bo‘lgani aytildi

Tergov-surishtiruvga oid hujjatlarni ko‘rgan Samarqand viloyat huquq-tartibot organi xodimiga ko‘ra¸ voqea tog‘li qishloqda 25 iyul kunduzi yuz bergan:

“81 yoshdagi muqaddam sudlanmagan¸ mahalladan yaxshi tavsifnomasi bo‘lgan R. O. tog‘ tomondagi hovlisidagi ekinlariga suv quyish uchun boradi. U yerda bir devor qo‘shnisi, 1981 yili tug‘ilgan O.B. ning uyiga sababsiz kiradi. Uyda O.B. ning 9 yashar qizi M.B. ning yolg‘ziligidan foydalanib uni zo‘rlaydi. Qiz bexush bo‘lib yiqilganidan keyin R.O. jinoyat joyidan qochib ketadi” dedi matbuotga gapirish huquqi yo‘qligi bois ismi aytilmasligini so‘ragan huquq-tartibot organi xodimi.

Uning yana aytishicha¸ qizga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va gumondor R.O. qamoqqa olinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Qiz davolangan tibbiyot maskani xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ “M.B. ginekolog ko‘rigidan o‘tib, qisqa muddat muolaja qilinib, uyiga qo‘yib yuborilgan".

Qizning ota-onasi Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashishni istamasligini bildirdi.

Ozodlik jinoyat ishini olib borayotgan tergovchi bilan ham bog‘landi. Voqeani tasdiqlagan tergovchi "jinsiy zo‘rlash voyaga yetmagan qizga nisbatan bo‘lgani bois", bu jinoyat ishiga oid tafsilotlarni matbuotga ayta olmasligini aytdi.

Gumonlanuvchi uyiga qo‘yib yuborilgan

Zo‘rlangani iddao qilinayotgan 9 yashar qiz o‘qiydigan maktabda ona-tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan ammasi M.X. ning (Ozodlikda ushbu maqolada tilga olingan barchaning ism-familiyalari bor) Ozodlikka shikoyat qilishicha¸ “qizchani zo‘rlagan R.O. IIB xodimlari tarafidan so‘roq qilinganidan keyin uyiga qo‘yib yuborilgan:

- 81 yashar chol endigina 2-sinfni bitirgan o‘quvchini zo‘rlasayu¸ uni so‘roq qilib sudgacha uyiga qo‘yib yuborishsa?! Bu qanday bedodlik?! Men zo‘rlangan qizning qarindoshi va oddiy o‘qituvchi sifatida bu odamning sudgacha bo‘lsa ham ozodlikda yurishiga qarshiman! ​- dedi M. X.

Voqea sodir bo‘lgan MFY kotibi X.Q. ham “jamoatchilikka xavf tug‘diradigan ehtimoliy jinoyatchining ochiqda yurishiga qarshi” ekanligini Ozodlikka bildirdi.

Qo‘shrabot tuman IIB xodimi esa, “gumondor mavjud qoidalarga asosan¸ tilxat va mahalla kafolati asosida uyiga qo‘yib yuborilganini bildirdi:

- Qo‘yib yuboradi-da endi! 82 yosh cholni qamoqda tutmaymizku?! Tumanni tark qilmaslik haqida tilxat oldik. Mahalla kafil bo‘ldi. Sudga kelsa bo‘ldi. Uning boshqa sho‘xlik qiladigan ishtiyoqi yo‘q.

Voqea yuz bergan qishloq MFY raisi A.M. R.O. ozod qilinishi uchun kafolat xati yozmaganligini Ozodlikka bildirdi:

- Bu voqeada bu odam aybdormi yo yo‘qmi - oxirgi gapni sud aytadi. Qizchaning otasi ham ariza bergani yo‘q. Onasi jahl ustida ariza berdi. Qolaversa, R.O. ularga uzoqroq qarindosh. Qarindoshlar orasidagi nizo bu. Oldinroq suv ustida ham janjallashishgan. Men huquq-tartibot organlari ishlariga aralashadigan vakolatim yo‘q. O‘zi yaqinda MFY ga rais bo‘ldim. R.O. ozod bo‘lsin deb kafolat xati yozmadim.

"Bosti-bosti qilishga intilishmoqda"

Zo‘rlangani iddao qilinayotgan 9 yashar qiz o‘qiydigan maktabda ona tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan ammasi M. X.ning iddaosiga ko‘ra, “jinoyatni bosti-bosti qilib yuborishga intilishmoqda:

- Qizning otasi X.O. juda sodda yigit. Birovga ozor bermagan. U qizining nomusi poymol qilingani uchun prokuraturaga bormoqchi bo‘lsa, cholning badavlat o‘g‘illari tahdid qilibdi. Shundan keyin shashti pasaygan X.O. ariza yozmadi. Hozir qizning onasiga ham bosim o‘tkazishmoqda. Lekin biz qarindoshlar va qizchaning o‘qituvchilari bir yosh qizchaning zo‘ravonlik qurboni bo‘lganidan g‘azabdamiz. Aybdor sud qilinib jazolanishini talab qilamiz.

Balog‘atga yetmaganlarni jinsiy zo‘rlash holatlari haqida Ozodlik bir nechta maqola e’lon qilgan.

O‘tgan yilning noyabrida Farg‘ona viloyat, Beshariq tumanida ikki mahalliy tadbirkor 13 yashar qizning nomusiga tegishda ayblanib sudga tortilgan edi.

Xorazm viloyat, Qo‘shko‘pir tumanida 7 yashar qizchani zo‘rlagani ortidan hibsga olingan 28 yashar yigit uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.

XS
SM
MD
LG