Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:36

Bosh prokuratura Karimova uyidan chiqqan boyliklar musodara etilganini bildirdi


O‘zbekistonning avvalgi prezidenti qizi Gulnora Karimova.
O‘zbekistonning avvalgi prezidenti qizi Gulnora Karimova.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Toshkentdagi yashash manzillarida 985 turdagi tarixiy madaniy va badiiy ahamiyatga ega qimmatliklar deb topilgan hamda umumiy qiymati 12,7 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan san’at asarlari aniqlangan va musodara qilingan.

Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 11 yanvar kuni ma’lum qildi.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, Karimovaning uyidan topilgan va xatlangan ashyolar orasida san’at asarlari, kartina, so‘zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog‘ochdan ishlangan milliy hunarmandchilik asarlari va hokazolar bor.

"Kartinalar va san’at asarlari sud hukmiga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘zbekiston amaliy san’ati va hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyi, Farg‘ona viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Andijon viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Chirchiq shahar tarix muzeylariga topshirilgan", - deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Avvalroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan G. Karimova va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlangani, ish sudga oshirilgani haqida ma’lum qilgandi.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, ayni paytda tegishli soha idoralari ishtirokida Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya va boshqa davlatlar vakolatli idoralari bilan hamkorlikda Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan aktivlarni qaytarish masalasida ish olib borilmoqda.​

"Shveysariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilingan holda G.Karimovaning Jeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san’at ashyolari (kartinalar, amaliy san’at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning milliy boylikka taalluqliligini aniqlash hamda ularning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda", - deyilgan Bosh prokuratura bayonotida.

Bosh prokuraturaning o‘tgan yil 6 dekabridagi bayonotida tergov tomonidan G. Karimova fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘llari orqali ularning mulklarini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgani aniqlangani bildirilgan.

“Mazkur tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSh dollari va 85 mlrd. so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi. G. Karimovaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan tovlamachilik, talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish va jinoiy uyushmani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlarini sodir etganligi bo‘yicha yangi ayblov e’lon qilindi”, deyilgandi Bosh prokuratura xabarnomasida.

Gulnora Karimovaga bog‘liq oldingi xabarlar va maqolalarni shu sahifadagi "Aloqador" rukni ostida o‘qishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG