Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:43

Navoiyliklar avtokredit va’da qilgan ayoldan yuzlab million so‘mini qaytarib ololmayapti


Navoiydagi yakka tadbirkorga aldanganini aytayotgan odamlardan bir guruhi.
Navoiydagi yakka tadbirkorga aldanganini aytayotgan odamlardan bir guruhi.

Navoiy shahrida yashovchi bir guruh «besh yillik avtokredit» va’da qilgan tadbirkor Gulnoza Abdullayeva tomonidan aldanganini iddao qilmoqda.

Navoiylik 27 kishi imzolagan va Ozodlikka yuborilgan shikoyatda iddao qilinishicha, Gulnoza Abdullayeva "100 kishidan kamida 3,5 milliard so‘mni avtokredit uchun boshlang‘ich badal sifatida olib, noqonuniy ravishda o‘zlashtirib yuborgan".

Navoiy viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tergovchisi Ozodlikka bu ma’lumotni tasdiqladi va ayni paytda tergov ishlari olib borilayotganini aytdi.

"Firibgar tadbirkor kamida 3,5 milliard so‘m pulni o‘g‘irladi"

Navoiylik G‘ulomjon Jumayevning Ozodlikka aytishicha, u 2019 yilning martida yakka tartibdagi tadbirkor Gulnoza Abdullayevaga avtokredit uchun boshlang‘ich badal sifatida 25 million so‘m pul bergan:

- Shartnomaga asosan menga avtomashina 2019 yilning iyunida berilishi kerak edi. Men bu mashinani olish uchun 25 million so‘m boshlang‘ich badal berdim. Besh yil davomida har oyda bo‘lib-bo‘lib avtomashina uchun 125 million so‘m to‘lashim kerak edi. Ammo shu kungacha mashina ham yo‘q, badal sifatida bergan pulim ham yo‘q. Surishtirsak, Gulnoza Abdullayeva yuzdan ortiq odamni mana shu tarzda aldab, pulini o‘zlashtirib olgan ekan. Kamida 3,5 milliard so‘mni o‘g‘irlaganini aniqladik,-dedi G‘ulomjon Jumayev.

Yangi moliyaviy piramidami?

Ma’lumotlarga qaraganda, tadbirkor Gulnoza Abdullayevaning ofisi Navoiy shahridagi “Texnoplanet” majmuasining 2-qavatida joylashgan. Tadbirkor 3 yilllik muddatga tilla taqinchoqlarni, 5 yillik muddatga avtomobillarni kreditga olishga ko‘mak ko‘rsatishni va’da qilgan.

Navoiy shahrining asosiy ko‘chalariga Gulnoza Abdullayevaning buyurtmasi asosida avtokredit to‘g‘risidagi reklamalar o‘rnatilgan.

Mijozlarning Ozodlikka aytishicha, Gulnoza Abdullayeva go‘yoki avtosalonlar va tilla taqinchoqlar do‘konlari bilan shartnomalarga ega ekanini aytib, avtomobillar uchun ulardan boshlang‘ich badal olgan. Bu badal evaziga u uch oy ichida mijozni mashina bilan ta’minlashga, mijoz esa keyingi besh yil davomida avtomashina pulini bo‘lib to‘lashga kelishgan. Biroq mijozlarning aytishicha, ular to‘lagan pullar bank hisobiga yoki avtosalon hisobiga borib tushmagan, pullar o‘zlashtirib olingan.

Ozodlik radiosining tadbirkor Gulnoza Abdullayeva bilan ikki kun mobaynida bog‘lanish harakatlari samara bermadi. Uning telefonlari “xizmat doirasidan tashqari”da bo‘lib chiqdi. Tadbirkorga aldangan odamlar ham uni topa olmayotganliklarini aytmoqdlar.

"Uch oy ichida Gulnoza ishi bo‘yicha to‘rtta tergovchi o‘zgardi"

Tadbirkorga aldanganlardan yana biri O‘tkir Muratovning aytishicha, Gulnoza Abdullayevaga nisbatan tergov uch oy oldin boshlangan.

- Uch oy ichida jinoyat ishi bo‘yicha 4 ta tergovchi o‘zgardi. Biz mijozlarni aldagan yakka tartibdagi tadbirkor Gulnoza Abdullayeva, uning sheriklari Maftuna, Farangiz va Firdavs degan shaxslar ustidan prezident portaliga, Navoiy viloyati prokuraturasiga hamda Navoiy viloyat IIBga murojaat qilgan edik. Ammo bizga yuborilgan javob xatlarida negadir ular emas, Gulnozaning turmush o‘rtog‘i Zafar Abdurasulov ayblanuvchi deb ko‘rsatilgan. Hammaning aybini Zafar Abdurasulov bir o‘zi bo‘yniga olib, qolganlar esa ozodlikda qolib, odamlardan o'zlashtirgan pullarga mazza qilib yashashi kerakmi?- dedi O‘tkir Muratov.

Navoiy viloyat Ichki ishlar boshqarmasining mazkur jinoyat ishini olib borayotgan tergovchisi Lazizning (familiyasini aytmadi) 13 yanvarda Ozodlikka bildirishicha, Gulnoza Abdullayevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

- Gulnoza Abdullayevaning o‘rniga eri qamoqqa olindi degan gap noto‘g‘ri, hozircha hech kim qamoqqa olingan emas. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov-surishtiruv harakatlari o‘tkazilib, hozirda gumonlanuvchilarga rasman ayblov bildirish arafasida turibmiz. Aldanganlarga keltirilgan moddiy zarar sud belgilagan tartibda undirib beriladi. Bu ish yuzasidan boshqa hech narsa ayta olmayman.

O‘zbekistonda qamalgan firibgarlar

Moliyaviy piramida tuzib, odamlarning katta miqdordagi mablag‘i va mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani uchun O‘zbekistonda birinchi bo‘lib 2019 yilning 28 oktabrida chinozlik Ahmadjon Tursunboyev 13 yilga qamalgan edi.

“Ahmadboy ishi” doirasida 11 ming 710 kishi jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan, yetkazilgan zarar miqdori esa 386 milliard so‘mdan ko‘proqni (taqriban $40,5 mln) tashkil qilgan.

Ahmadjon Tursunboyev qo‘lga olinganidan so‘ng Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti 2019 yilning iyunida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida moliyaviy piramida qurishda gumon qilinayotgan shaxs ham qamoqqa olingani haqida bayonot bergandi.

Bayonotda xalq orasida "Murodboy" deb tanilgan shaxs tashkil qilgan shirkat rahbarlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Shuningdek, Bosh prokuratura Toshkent viloyati hududida moliyaviy piramida qurish orqali firibgarlik qilishda ayblangan yana bir necha shaxs ushlangani haqida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG