Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:37

Azimjon Asqarov: Qirg‘izistonliklar xalq va qonun oldida aybsizligimni bilishini xohlayman


Ko‘plab xalqaro tashkilotlar, AQSh va Yevropa davlatlari rahbarlari Qirg‘iziston hukumatini Asqarovni ozod etishga chaqirib keladi.
Ko‘plab xalqaro tashkilotlar, AQSh va Yevropa davlatlari rahbarlari Qirg‘iziston hukumatini Asqarovni ozod etishga chaqirib keladi.

19 fevralda 2010 yilgi O‘sh qirg‘inida tartibsizliklarni uyushtirish va militsiya xodimini o‘ldirganlikda ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan huquq faoli Azimjon Asqarov halqaro tashkilotlar va Qirg‘iziston huquq-tartibot organlariga ochiq xat yo‘lladi.

Huquq faoli o‘z maktubida qo‘lga olinganidan boshlab tergov, sud jarayonlarining borishi to‘g‘risida batafsil aytib bergan. Azimjon Asqarov maktubida o‘zining aybdor emasligini, qirg‘iz hukumati inson huquqlari borasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarmayotganini yozgan.

Asqarov o‘zining umrbod qamalishini o‘sha davrda hukumat tepasida bo‘lganlar buyrug‘i deb hisoblaydi. U 2010 yilda Qirg‘izistonni boshqargan Muvaqqat hukumatni “sud ishlariga aralashgan”likda ayblab, “jinoyat ishi faqat meni ayblashga qaratilgan” edi, degan fikrini bildiradi.

Shuningdek, u “sud militsionerlar o‘limida haqiqiy aybdorni aniqlash uchun emas, meni millatlararo nizoni qo‘zg‘aganlikda ayblash maqsadida o‘tkazildi” deb yozgan. Unga ko‘ra, sud jarayonlarida voqea joyidan olingan dalil va hujjatlarga e’tibor qaratilmagan.

Huquq faoli, qo‘lga olinganida qiynoqlarga solingani, uni qiynoqqa solganlarga nisbatan chora ko‘rilmaganiga ham to‘xtaladi. Jumladan, huquq faolining murojaatida quyidagi so‘zlar bor:

“Agarda sudlar huquq va daxlsizlikka ega bo‘lganlarida, meni umrbod qamoqqa hukm qilishni buyurgan Muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva buyrug‘ini bajarmas edi. Uning sud tizimiga aralashuvi 100 foiz isbotlangan, lekin negadir 10 yil o‘tsa ham sudlar mening jinoyat ishim bo‘yicha R. Otunbayeva belgilab bergan ramkadan chiqa olishmayapti”.

Huquq faoli murojatini “Qirg‘iziston xalqi mening Hudo, xalq, qonun oldida aybsiz ekanimni bilishini istayman”, deya yakunlagan.

2020 yilning yanvar oyida Azimjon Asqarovni qamoqxonaga borib ko‘rib kelgan turmush o‘rtog‘i Xadicha Asqarova, Ozodlik bilan suhbatda huquq faolining sog‘ligidan tashvish bildirdi:

“Ancha mazasi yo‘q. Shamollabdi shekilli to‘xtamay yo‘talayapti. Sal nariroqda turib gapirsam qulog‘i eshitmayapti. Biron narsani ko‘rdingizmi deb so‘rasam ham, “Men ko‘zoynaksiz ko‘rolmayman”, deyapti. Tez-tez qon bosimi tushib ketar ekan, 60 -70ga tushib qolayapti ekan. Sovqotadi, men bellariga, oyoqlariga issiq belbog‘ va paypoq to‘qib berganman, qishin-yozin o‘shalarni tutib yuradi”.

O‘n yildan beri ko‘plab xalqaro tashkilotlar, AQSh va Yevropa davlatlari rahbarlari Qirg‘iziston hukumatini Asqarovni ozod etishga chaqirib keladi. Ularning bayonotlarida aytilishicha, Asqarovning aybsiz ekanligiga ishoniladi.

O‘tgan yilning 2 dekabrida Qirg‘iziston Oliy sudi jalolobodlik huquq faoli Asqarovning kassatsiya arizasini ko‘rib chiqib, “Ommaviy tartibsizlikni uyushtirish” ayblovi asosida jazo muddatini qisqartirib, “Milliy nafrat asosida odam o‘ldirish” ayblovini “Odam o‘ldirish”, aybloviga almashtirgan.

Asqarovning ishi joriy yil 25 fevralda Oliy sudda qayta ko‘rilishi rejalashtirilgan.

2016 yilning aprelida BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qirg‘iziston rasmiylarini inson huquqlari himoyachisi ishini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Qo‘mita o‘z qarorini noqonuniy qo‘lga olish, qiynoqlar qo‘llash va Azimjon Asqarovni og‘ir sharoitlarda saqlab turilishi bilan asoslagan. Qirg‘iziston sudi ishni yangi holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqqan, biroq hukmni o‘zgarishlarsiz qoldirgan.

XS
SM
MD
LG