Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:52

Namangandan Andijonga elektr tarmog‘i fermerlarning bug‘doyzorini payhon qilish evaziga tortilmoqda


Fermer Shamshiddin Mirzakarimovga qarashli dalaning elektr tarmog‘i tortilayotgan qismi. Orqa planda temir simyog‘och ko‘rinmoqda. Ulug‘nor tumani, 2020, 3 mart.
Fermer Shamshiddin Mirzakarimovga qarashli dalaning elektr tarmog‘i tortilayotgan qismi. Orqa planda temir simyog‘och ko‘rinmoqda. Ulug‘nor tumani, 2020, 3 mart.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tumanida 45 fermer xo‘jaligining bug‘doy ekilgan dalalari bir qismi To‘raqo‘rg‘on IESidan (Namangan viloyati) Andijon tumanidagi Yulduz podstansiyasiga yuqori kuchlanishli liniya tortish jarayonida payhon qilinmoqda.

Fermerlardan birining aytishicha, birgina uning yuz gektarli yeriga kuzda sepilgan va unib chiqqan bug‘doyning 5 gektardagi qismi nobud bo‘lgan, u ko‘rgan ziyon esa yuz million so‘mni tashkil qilgan. Fermerga ko‘ra, bu yerdan liniya o‘tishi haqida o‘zi ham, boshqa fermerlar ham oldindan ogohlantirilmagan.

Bu holatni tasdiqlagan Ulug‘nor tuman hokimi o‘rinbosari fermerlarga keltirilgan ziyon to‘lab berilishini aytdi. Qurilish ishlarini olib borayotgan “Elektrqishloqqurilish” shirkatining rasmiy vakili esa fermerlar bir necha oy oldin bu haqda ogohlantirilganini bildirdi.

"Birgina men yuz million so‘m ziyon ko‘rdim"

Andijon viloyat, Ulug‘nor tuman, Mirzaahmedov massividagi O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli hududda fermerlik qiluvchi Shamshiddin Mirzakarimov Ozodlik bilan 5 mart kuni bo‘lgan suhbatda:

- Hozir 3 gektarcha yerimni payhon qilishdi. Umuman 5 gektar bug‘doy ekilgan yerimni payhon qilishar ekan. Hozir bug‘doyni sug‘orishim kerak. Lekin yerimga texnika kirib, payhon qilgani oqibatida agrotexnik tadbirlarni amalga oshira olmayapman. Bu esa hosildorlikning kamayishiga olib keladi, -deb aytdi.

Unga ko‘ra, u buning oqibatida kamida yuz million so‘m ziyon ko‘radi. Fermer o‘z yerida yuqori kuchlanishdagi liniya tortilishidan avvaldan ogohlantirilmagan:

- Ogohlantirib qo‘yishganida bu yerga ekin ekmagan bo‘lardim. Shuncha mehnatim, shuncha pul havoga uchdi.

Hokim o‘rinbosari: Buzilgan ekin harajati to‘lanadi. Qachonligi noma’lum

Ulug‘nor tuman hokimi o‘rinbosari No‘monjon Qirg‘izov Ozodlik bilan suhbatda fermerlar ekin ekkan yerlardan yuqori kuchlanishdagi liniya o‘tayotgani, shuning uchun yer payhon qilinganini tasdiqladi:

-Tumanimizdan yuqori kuchlanishli bu liniya jami 45 ta fermer xo‘jaligi yeridan o‘tadi. Liniyani tortayotgan tashkilot fermerlarning pullarini to‘lab berishga va’da bergan. Qaysi tashkilot bu ishni qilayotganidan xabarim yo‘q. Shu elektrga qarashli tashkilot-da...

No‘monjon Qirg‘izovga ko‘ra, fermerlarga keltirilgan ziyon qachon to‘lab berilishi hozircha noma’lum.

“Lekin payhon qilingan yerlarning sotixi aniqlanib, unga ketgan sarf-harajat to‘lab beriladi. Hozircha qanchadan to‘lash kerakligi ham noma’lum. Bu masala endi hisob-kitob qilinadi”,- dedi hokim o‘rinbosari.

Lekin rasmiy "Fermerlar nega ularning yerlaridan elektr tarmog‘i o‘tkazilishi va belgilangan yerlarga ekin ekmay turish haqida ogohlantirilmagan?" degan savolga javob bera olmadi.

Bosh muhandis: Ziyonni to‘lab beramiz, lekin qachon to‘lashimizni bilmayman

Ozodlikning aniqlashicha, Ulug‘nor tumanidagi fermerlarning erlari bu erdan To‘raqo‘rg‘on IESidan Andijon tumanidagi Yulduz podstansiyasiga yuqori kuchlanishdagi 220 kVt.li ikkita liniya o‘tkazilayotgani sababli payhon qilinayapti. Bu ishni Toshkentdagi “Energoqishloqqurilish” shirkatining Namangan filiali 11-mexanizatsiyalashgan jamlanmasi amalga oshirmoqda.

11-mexanizatsiyalashgan jamlanma bosh muhandisi Abdurashid Boydadayev fermerlarga keltirilgan barcha ziyon to‘lab berilishini ma’lum qildi:

“Ziyon to‘lab beriladi. Nafaqat qilingan harajat, balki o‘sha hosildan olinishi mumkin bo‘lgan daromad ham to‘lanadi. Bu maqsadda biz maxsus baholovchi shirkatni yollaganmiz. Qurilish ishlari bitganidan so‘ng baholovchilar ziyonni hisoblab chiqishadi va fermerlarga ziyonni qoplab beramiz. Bu ish qachon amalga oshishi noma’lum, lekin ziyon albatta to‘lanadi”.

Abdurashid Boydadayev elektr tarmog‘i tortilishidan oldin viloyat, tuman hokimliklari va fermerlar ogohlantirilganini aytdi.

Energetika vazirligi rasmiy saytida murojaat e’lon qilgan

Ayni paytda Energetika vazirligi o‘z rasmiy saytida 2019 yilning 16 sentabrida “Andijon, Smaraqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridagi zamonaviylashtirilayotgan podstansiyalar hududiga 25 metrdan yaqin masofada yer uchastkasiga ega bo‘lgan aholiga murojaat” bilan chiqqan edi:

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ xabar qiladiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 sentabr №PQ-3284 sonli Jahon Banki ishtirokida “Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini zamonaviylashtirish va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Qaroriga asosan, Respublika hududida joylashgan 22 ta podstansiyada qurilish-montaj ishlarini o‘z ichiga oluvchi podstansiyalarni zamonaviylashtirish ishlarini bajarish ko‘zda tutilgan”, deyiladi murojaatda.

Vazirlik shundan kelib chiqqan holda “2019 yilning 7-10 oktabr kunlari podstansiyalarga yaqin joylashgan hudud aholisi bilan yuzaga keluvchi ekologik va ijtimoiy savollarni muhokama qilish maqsadida” rejalashtirilgan ommaviy konsultativ yig‘ilishlar o‘tkazilishi haqida e’lon qilgan.

Biroq fermer Shamshiddin Mirzakarimov Ozodlik bilan suhbatda bunday "konsultativ yig‘ilishlar" bo‘lmaganini aytdi.

U shuningdek, “Energoqishloqqurilish” shirkatining Namangan filiali 11-mexanizatsiyalashgan jamlanmasi bosh muhandisi Abdurashid Boydadayev gaplarini rad qilar ekan: “Hech qanday ogohlantirish xati bermagan menga. Qandaydir muhokamalar bo‘lgani haqida ham birinchi marta eshtayapman. Bergan bo‘lsa ham hokimga bergandir. Hokimiyat bizni ogohlantirmagan, hammasi yolg‘on gapiryapti. Men va boshqa fermerlar ahmoq emasku, payhon qilinadigan yerga ekin ekib, mehnat va pul sarflaydigan”, deb aytdi.

Fermer xo‘jaliklarining muammolari

O‘zbekistonda fermerlar bilan bog‘liq muammolar muntazam holatga aylanganini kuzatish mumkin. Jumladan, Ozodlik fermerlar paxta klasterlaridan hosil pulini ololmayotgani haqida qator maqolalarni chop etgan. Bu maqolalar ortidan ayrim klasterlar fermerlarga paxta pullarini to‘lab bergan.

Bundan tashqari Ozodlik O‘zbekistonda hokimlarning noqonuniy ravishda fermer yerlarini olib qo‘yayotgani, yig‘ilishlarda fermerlarni haqorat qilgani va do‘pposlagani haqida ham xabarlar bergan. Bunday haqoratga uchragan fermerlarning ayrimlari o‘z jonlariga qasd qilishgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG