Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:42

Ta’lim va tibbiyot xodimlari turi aytilmayotgan soliqni oldindan to‘lashga majburlanmoqda


Kosonliklarning aytishlaricha, ulardan "maoshimdan 300 ming so‘m soliq uchun ushlab qoling" qabilida tilxatlar olinmoqda.
Kosonliklarning aytishlaricha, ulardan "maoshimdan 300 ming so‘m soliq uchun ushlab qoling" qabilida tilxatlar olinmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida byudjet tashkiloti xodimlari oyligidan “2020 yil solig‘ini oldindan to‘lash” degan bahona bilan 300 ming so‘mdan ushlab qolinmoqda.

Ozodlik gaplashgan kosonliklarning aytishicha, ulardan “oyligimdan soliq uchun 300 ming so‘m ushlab qolinishiga roziman”, degan ma’noda tilxat yozdirib olingan; rahbarlar bu holatni “hokimning buyrug‘i” sifatida taqdim etgan.

Koson tuman xokimligining Ozodlik bog‘langan rasmiylari bu ma’lumotni inkor etdi. Ayni tizim mas’ullaridan biri ismini aytmaslik sharti bilan shunday jarayon borayotganini tasdiqladi.

"Fevral va mart oyligidan 300 ming so‘mdan ushlab qolishmoqda"

Koson maktablaridan birining o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda maktab direktori fevral oyida “oyligimdan soliq uchun 300 ming so‘m ushlab qolinishiga roziman”, degan ma’noda tilxat yozdirib olgani va mart oyida qo‘liga tekkan maoshidan 300 ming so‘m chegirib qolinganini aytdi:

“Qarzing bormi, yo‘qmi, bizni qiziqtirmaydi. Bu hokimning buyrug‘i”, deyishdi.

- Mening soliqdan qarzdorligim yo‘q edi. Shuning uchun soliqdan “qarzi yo‘q” degan ma’lumotnomani olib tuman Xalq ta’limi boshqarmasiga topshirmoqchi bo‘ldim. Ammo u yerda ma’lumotnomani qabul qilishmadi. “Qarzing bormi, yo‘qmi, bizni qiziqtirmaydi. Bu hokimning buyrug‘i”, deyishdi. Sababini so‘rab janjal ko‘tarsam, “Bu 2020 yil uchun soliq to‘lovini oldindan amalga oshirish”, deb aytishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bunday holat nafaqat xalq ta’limi tizimi¸ balki boshqa byudjet tashkilotlari, jumladan, tuman tibbiyot birlashmasida ham kuzatilmoqda.

- Bizning mart oyidagi oyligimizdan 300 ming so‘mdan ushlab qolishar ekan. Martning boshlarida buxgalteriyaga chaqirib, hammamizdan “maoshimdan soliq uchun 300 ming so‘m ushlab qolishingizni iltimos qilaman”, deb yozdirib olishdi. “Soliqning har xil turlari bo‘ladi. Biz qaysi turdagi soliq uchun to‘lashimiz kerak, soliq ish haqidan o‘zidan-o‘zi ushlab qolinadiku, nega ariza yozishimiz kerak?” desak javob berishmadi. Hozir ikki marta soliq to‘layotgan bo‘layapmiz. Birinchisini oyligimizdan ushlab qolishadi, ikkinchisini yozgan arizalarimizga muvofiq “ixtiyoriy-majburiy tarzda” ushlab qolishmoqda.

Biri tasdiqlamadi, yana biri tasdiqladi

Ozodlik bu masala yuzasidan Koson tuman hokimi Asrol Boyqarayev, tuman Soliq inspeksiyasi rahbari Sharofiddin Aliboyevdan munosabat olishga urindi. Ammo ularning mobil telefonlari o‘chiq bo‘lganligi sababli, bog‘lanishga imkon bo‘lmadi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari Muzaffar Nazrullayev esa maktablarda o‘qituvchilardan “soliq uchun 300 ming so‘mdan ushlab qolinayotgani” to‘g‘risidagi xabarni tasdiqlamadi.

“Yo‘q, yo‘q, yo‘q... Bunday gap yo‘q”, degan Muzaffar Nazrullayev telefonini o‘chirib qo‘ydi. Muzaffar Nazrullayev keyingi qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

Ayni paytda Koson tuman hokimiyat tizimida mas’ul lavozimda ishlovchilardan biri ismini aytmaslik sharti bilan bu ma’lumotni tasdiqladi. Unga ko‘ra, tumanda soliqdan katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelgan. Buning ortidan tuman hokimi Asrol Bayqorayev har bir byudjet tashkilotidan soliq qarzdorligini yopish uchun 12-15 million so‘mdan pul yig‘ishga og‘zaki ko‘rsatma bergan.

Har kuni ikki-uchta tashkilot 12-15 million so‘m yiqqani va soliqqa topshirgani to‘g‘risida hisobot berishi kerak.

-Tuman hokimi bir necha haftadan beri har kuni kechqurun byudjet tashkilotchilari rahbarlari va bosh hisobchilari bilan shaxsan o‘zi yig‘ilish o‘tkazayapti. Har kuni ikki-uchta tashkilot 12-15 million so‘m yiqqani va soliqqa topshirgani to‘g‘risida hisobot berishi kerak. Biz rahbarlar bunga qarshimiz, ammo bu og‘zaki buyruqni bajarmasak¸ ishdan olinishimiz mumkin. Shuning uchun 300 ming so‘mdan yig‘ib berayapmiz.

Suhbatdoshga ko‘ra, tumanning soliqdan qarzdorligiga soliq tizimidagi korrupsiya sabab bo‘lgan:

- Har bir uchastkaga soliq inspektori birlashtirilgan. Ularning ayrimlari o‘z uchastkalarida yiqqan naqd puldagi soliq yig‘imlarini o‘z vaqtida davlatga topshirmagan va o‘zlashtirib yuborgan. Buning natijasida tuman naqd pulda soliqlarni yig‘ishda ortda qolib, katta qarzdorlik yuzaga kelgan. Qarzdorlik qancha ekanini bilmayman. Lekin bu qarzdorlikni mana shunday yo‘l bilan yopishga harakat qilishmoqda. Qizig‘i, soliqdan qarzdorlikni to‘lashga majbur qilinayotganlar soliqning qaysi turlarini va qanchadan miqdorda to‘layotganlarini, soliq chegirib qolinganidan keyin olingan maoshidan yana soliq uchun to‘lagan 300 ming so‘m puli qaysi oy solig‘i uchun ushlab qolinayotganini bilmaydi.

Soliqlarni avvaldan majburiy to‘lash amaliyoti avval ham kuzatilgan

O‘zbekistonda soliq tushumlari rejasi bajarilmayotgani ortidan shirkatlar va tadbirkorlardan soliqlarni oldindan majburiy to‘latish amaliyoti avval ham kuzatilgan.

Ozodlik 2019 yil 25 noyabrda Toshkent shahar va Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan shirkat va xususiy tadbirkorlardan qator soliqlar kabi daromad solig‘ini oldindan to‘lash so‘ralayotgani haqida xabar bergan edi.

O‘shanda Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan viloyatdagi soliq inspektorlaridan biri¸ “byudjet tushumlari bo‘yicha belgilangan rejani bajara olmayotgan og‘ir tumanlarda” daromad solig‘ini oldindan to‘lash bo‘yicha kompaniya va tadbirkorlarga bosim bo‘layotganini e’tirof qilgan edi.

O‘tgan yilning 4 aprel kungi videoselektorda davlat byudjetiga soliq tushumlari bo‘yicha belgilangan reja bajarilmagani uchun ayniqsa¸ Toshkent shahri¸ xususan esa¸ Shayxontohur tumani prezident Mirziyoyevning keskin tanqidiga uchragan edi.

Bu tanqid ertasiga mazkur tuman soliq inspeksiyasining 133 nafar xodimi yoppasiga ishdan bo‘shatilgan¸ tuman inspeksiyasi sobiq rahbarlariga jinoyat ishi ochilgan edi.

4 aprel kungi tanqidlar ortidan Toshkentdagi yetti tuman barobarida Samarqand va Andijondagi qator tuman soliq idoralari rahbarlari ham ishdan olingan¸ maxsus qaror bilan soliq tizimining 13 ming xodimini attestatsiyadan o‘tkazish jarayoni boshlangan edi.

XS
SM
MD
LG