Ayni damda jahon bo‘ylab 100 dan oshiq olimlar guruhi yangi koronavirusga qarshi vaksina yaratish ustida ishlamoqda. London Gigiyena va tropik tabobat maktabiga ko‘ra, ayni damda yettita vaksina klinik sinovdan o‘tmoqda. Xususan, Xitoy va AQShda klinik sinovlar boshlab yuborildi, oy yakunida Germaniyada ham boshlanadi.
Britaniya hukumati Oksford universiteti faoliyatini yaqindan qo‘llab keladi. Sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Xenkok yangi vaksinani insonlarda sinash joriy haftada boshlanishini bildirdi.
Xenkok vaksinani klinik sinovga tayyorlash uchun odatda bir necha yil talab qilinishini aytib, Oksford universiteti xodimlarini juda tez vaksina ishlab chiqqani uchun olqishladi.
Sinovning ilk bosqichida 1 112 nafar ko‘ngillining teng yarmiga COVID-19 ga qarshi yangi vaksina beriladi, ikkinchi yarmiga nazorat vaksinasi qilinadi. Ko‘ngillilar 18-55 yoshda bo‘lib, ularning barchasi COVID-19 ga chalinmagan sog‘lom shaxslardir. 10 nafar sinov qatnashchisiga to‘rt hafta farq bilan ikki marta vaksina beriladi.
Professor Sara Gilbert yetakchiligidagi guruh yangi vaksina 80 foiz holatlarda muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid qilmoqda. Agar sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, yangi vaksina kuzga borib shifoxonalarga yetkazib beriladi. Ammo olimlar bu juda optimistik reja ekanligini, aslida ko‘proq vaqt talab qilishi mumkinligini aytishdi.
Oksford olimlari ishlab chiqqan vaksina shimpanze adenovirusi asosida tayyorlangan. Virus inson hujayralarida COVID-19 keltirib chiqaradigan proteinga o‘xshash proteinni yaratadigan qilib o‘zgartirilgan. Olimlar vaksina inson immun tizimini virus keltirib chiqaradigan proteinni tanib, virus hujayralarga kirishiga to‘sqinlik qilishiga umid qilmoqda.
Adenovirus vaksinasi bir doza ortidan kuchli immun reaksiyasini keltirib chiqarishi hamda infeksiyaga sabab bo‘lmasligi bilan ma’lum. Bu es uni bolalar, yoshi keksalar hamda diabet kabi kasallikka chalinganlar orasida ham ishlatish imkonini beradi.
Britaniya hukumati boshqa vaksina ustida ishlayotgan London imperial kollejidagi olimlar faoliyatini ham qo‘llamoqda. «Darakchi molekulalar»ga tayanuvchi bu vaksinani iyun oyida klinik sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘tgan haftada BMT bosh kotibi Antonio Guterresh faqat vaksina yordamida «normal» hayotga qayish mumkinligini aytib, vaksina loyihalarini tezlatishga chorladi.