Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:37

OzodDayjest: Yulduz Usmonova yana “zapret”ga tushdi


Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoyevni tabriklash tadbirida (Qalampir.uz fotosurati).
Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoyevni tabriklash tadbirida (Qalampir.uz fotosurati).

Zulfiya mukofotini qo‘lga kiritishda soxtagarchilik kuzatilmoqda. Qashqadaryoda tadbirkordan “to‘yona” olgan soliqchi javobgarlikka tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Zulfiya mukofotini olish uchun pulga she’r yozdirish holatlari kuzatilmoqda

Jamiyatda ilm-ma’rifatga intilish, muayyan mutaxassislik yoki kasb-hunar sir-asrorlarini puxta egallashni emas, balki Zulfiya mukofotiga sazovor bo‘lishni bosh maqsad qilgan toifadagi qizlar safi kengayib bormoqda (“Ishonch” gazetasi, 2 iyun).

Mukofot ortidagi imtiyozga erishish ilinjida nomdorroq ijodkorlarga pulga she’r yozdirish holatlari ham kuzatilmoqda. Qayd etilishicha, ushbu mukofot bilan taqdirlanganlarning barchasi ham nizomda nazarda tutilgan talablarga javob bermaydi.

Gazeta mukofot nizomini (hay’at tarkibini ham) mutlaqo o‘zgartirish, xususan, komissiyaga nomzodning o‘zi hujjat yig‘ib topshirish tizimidan butunlay voz kechishni taklif etgan.

“Rost-da, chindan ham rag‘batga, e’tirofga arziydigan iqtidor egasi nega endi “Menga mukofot bering!” deya yugurib yurishi kerak? Boz ustiga, hujjat topshirish tartib-taomillari shu qadar murakkab hamda ikir-chikirlari ko‘pki, quyi bosqichdan to respublika miqyosiga qadar “eson-omon” yetib olishning o‘zi nomzoddan anchagina ovoragarchilik hamda vaqt talab qiladi”, - deb yozadi gazeta.

Ta’kidlanishicha, iqtidorlarni komissiyaning o‘zi saralab rag‘batlantirishi lozim.

Qashqadaryoda tadbirkordan “to‘yona” olgan soliqchi javobgarlikka tortildi

Qashqadaryo viloyati Kitob tumani davlat soliq tizimidan 1999 yildan beri ishlab kelgan uchastka inspektor Islom Ashurov poraxo‘rlik uchun jazoga tortildi (“Huquq” gazetasi, 2020 yil 21-son).

Bu haqda tuman prokurori Tog‘murod Murodov xabar qilgan. Qayd etilishicha, soliq xodimi to‘y boshlab qo‘yganini aytib, o‘ziga biriktirilgan hududda g‘isht ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor O.Toshevdan pora talab qilgan. Buning evaziga tadbirkorning biznesida yordam va’da qilgan. Soliq inspektori “to‘yona” olayotgan paytda ushlangan. Pora miqdori ochiqlanmagan. Qayd etilishicha, nafsini tiya olmagan soliq inspektoriga 3,6 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Matbuot xabariga ko‘ra, joriy hafta prokuratura huzuridagi departament tomonidan Andijon tumani davlat soliq inspektsiyasi bo‘lim boshlig‘i J.Q.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. DSI bo‘lim boshlig‘i jismoniy shaxslardan olingan daromad solig‘ining ortiqchasini qaytarish yuzasidan soxta xulosalar tuzib, 106,7 mln so‘m mablag‘ni qarindoshi U.Q. va tuman DSI xodimi R.O. nomlariga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib o‘zlashtirgan.

Yulduz Usmonova yana “zapret”ga tushdi

O‘zbekistondagi telekanallarda taniqli xonanda Yulduz Usmonovaning qo‘shiq va kliplariga norasmiy taqiq o‘rnatildi (www.qalampir.uz, 29 may).

Qalampir.uz nashriga ko‘ra, xonanda kliplariga taqiq o‘rnatilishiga uning mamlakat ichki ishlar organlari xodimlariga qaratilgan haqoratomuz chiqishi sabab bo‘lgan.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov u rahbarlik qilayotgan tashkilot tomonidan Usmonovaning qo‘shiq va kliplariga nisbatan taqiq qo‘yilmaganini bildirgan.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bundan avval ham bir necha bor taqiqqa tushgan edi. Bularning eng so‘nggisi 11 yil davom etgan. 2006 yilda Usmonovaning davlat tadbirlarida ishtirokiga chek qo‘yilgan. 2007 yildagi konsert dasturidan keyin “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining eshiklari ham yopilgan. Shundan so‘ng u faoliyatini Turkiyada davom ettirgan. 2016 yil 5 dekabr kuni Yulduz Usmonovaga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlandi.

Eslatib o‘tamiz, Usmonova 3 may kuni Instagram’da jonli efirda ichki ishlar xodimlarini ishlamayotganga chiqarib, “padarla’nati bo‘ldilaring” degan edi. Buning ortidan IIV keskin bayonot bilan chiqdi. Bir oycha avval Oliy sud Yulduz Usmonovaning xatti-harakati ma’muriy sudda ko‘rilishini ma’lum qilgan edi. Sud nega haligacha bo‘lib o‘tmagani rasman ochiqlanmadi.

XS
SM
MD
LG