Turkmaniston poytaxti Ashxobodda ham oziq-ovqat taqchilligi boshqa mintaqalarda yuzaga kelgan vaziyatga deyarli yaqinlashdi.
Ashxobodda ham non, yog‘, tuxum va boshqa mahsulotlar taqchilligi kuchaydi. Ashxoboddagi davlatga qarashli do‘konlar oldida navbatda turganlar soni kundan kunga ko‘payib bormoqda.
"Ashxobodda non taqchil"
Ozodlik radiosi turkman xizmati muxbirining bildirishicha, Ashxobodda, ayniqsa, non taqchilligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
“Davlat do‘konlarida non yetishmovchiligi kuchayib bormoqda. Non olish uchun yuzlab odamlar navbatga turmoqda. Nonni soat 10-11larda cheklangan miqdorda sota boshlaydilar. Odatda, non hammaga ham yetmaydi. Nonni 20 daqiqada sotib tugatishadi va navbatda turganlarning to‘rtdan uchi uyga nonsiz qaytadi. Belgilangani kabi uchta non sotib olishga muvaffaq bo‘lgan ayrim odamlar nonsiz qolganlarga ba’zida bitta nonni berishadi”,-dedi Ozodlik radiosi turkman xizmati muxbiri.
Unga ko‘ra, bu kabi holatlarni u har kuni «Desse» davlat do‘konlari tarmog‘ida, 32-, 42- va 8 - davlat do‘konlari oldida kuzatmoqda.
“Davlat do‘konlarida bir buxanka non 60 tanga turadi. Bir odamga faqat uch buxanka non beriladi. Xususiy do‘konlarda esa bir buxanka non 5 manat (taqriban 1,5 dollar)dan sotilmoqda”,-dedi muxbir.
"Tuxumga navbat ertalab soat 5dan boshlanmoqda"
Yana bir taqchil mahsulot tuxum bo‘lib qolmoqda. Tuxumni Ashxoboddagi davlat do‘konlarida hali kun yorishmasdan turib sotishmoqda.
Muxbirning aytishicha, bu ish “tuxum uchun navbatda turganlarni boshqalar suratga olib qo‘ymasligi” uchun shunday qilinmoqda.
“Odamlar tuxum uchun ertalab soat 5dan navbatga turadi. Davlat do‘konlari soat 7da ochilishi kerak. Biroq ular 6:50da ochiladi va kun yorishgunicha 15-20 daqiqa ichida sotib tugatiladi. Savdo vazirligidagi ishonchli manbaning aytishicha, “tuxumga navbatga turganlarni yo‘lovchilar suratga olib qo‘ymasligi uchun” mana shunday qilinmoqda”,-dedi muxbir.
Unga ko‘ra, davlat do‘konlarida bir kishiga faqat 11 dona tuxum 5 manat (taqriban 1,5 dollar)dan sotilmoqda.
Ozodlik radiosi turkman xizmati bu masalada Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligidan izoh olmoqchi bo‘ldi. Biroq bu urinishdan natija bo‘lmadi.
"Yoqqa muddati o‘tgan shirinliklar qo‘shib sotiladi"
Radio muxbiri do‘konlar omborxonalarida un mavjudligini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq un sotuvga kam holatlarda chiqariladi. Davlat do‘konlaridan birining sotuvchisi muxbirga unni bir kilodan qilib tortib qadoqlash uchun vaqt yetishmayotganini aytgan.
“O‘simlik yog‘i sotib olmoqchi bo‘lsangiz, unga qo‘shimcha qilib, albatta gurunch, tomat pastasi, muddati o‘tgan qand-qurs yoki pechenyeni, turli ichimliklarni ham qo‘shib berishadi. Yog‘ning bir litri 13 manat (taqriban 4 dollar). Yoqqa qo‘shilib sotiladigan mahsulotlar bilan birgalikda 25-28 manat (taqriban 7-8 dollar) bo‘ladi”,-dedi muxbir.
Bir necha yildan beri oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilayotgan Turkmanistonda oziq-ovqat mahsulotlari davlat do‘konlarida xususiy do‘konlarga nisbatan bir necha marotaba arzon narxda sotiladi. Shuning uchun iqtisodiy va moliyaviy qiyinchilikda yashayotgan aholining asosiy qismi oziq-ovqat mahsulotlarini davlat do‘konlaridan sotib olishga harakat qiladi.
Turkmanistonda "Do‘kon daftari" bor
Ayni paytda Turkmaniston hukumati mamlakatda oziq-ovqat yetishmovchiligi mavjudligini tan olmay kelmoqda. Davlat ommaviy axborot vositalari esa Turkmaniston hukumati erishgan iqtisodiy yutuqlarni alqab, “oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlangani” haqida bong uradi.
Avvalroq Ozodlik radiosi Turkmanistonning Lebop viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari sotib olmoqchi bo‘lgan aholiga prezident Gurbanguli Berdimuhamedov portretlari ham majburiy ravishda sotilayotgani haqida xabar bergan edi.
Iyun oyida Turkmanistonda oziq -ovqat mahsulotlarini taqsimlash yanada kuchaytirildi, davlat do‘konlarida xaridlarni yozib borish uchun maxsus qayd daftarlari joriy qilindi.
Ozodlikning mamlakatdagi muxbirining xabar qilishicha, har bir oilaga mahalla qo‘mitasi tasdiqlagan, oila a’zolari soni va adresi ko‘rsatilgan daftar beriladi. Davlat do‘konlarida qilingan xaridlar o‘sha daftarga yozib boriladi.
Daftari bo‘lmagan shaxslar hukumat subsidiya ajratgan ayrim mahsulotlarni, jumladan, un, guruch, moy, shakar va kartoshka xarid qila olmaydi.