Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:38

OzodDayjest: O‘zbekistonda pandemiya davrida koronavirus testlari narxi ikki baravarga oshdi


Koronavirus testlari narxi 250 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.
Koronavirus testlari narxi 250 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.

Jinoyatga qo‘l urgan O‘zbekiston chempioni aybiga iqror bo‘lib o‘z oyog‘i bilan IIBga bordi. Pandemiya davrida kovid testi ikki baravar qimmatladi. Mehnat vaziri o‘rinbosari homilador ayollarni ishga olmaydiganlarni saviyasi past rahbarlar deb atadi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Jinoyatga qo‘l urgan O‘zbekiston chempioni aybiga iqror bo‘lib o‘z oyog‘i bilan IIBga bordi

Taekwondo WTF bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va Osiyo chempionati sovrindori, Milliy universitet talabasi J. og‘ir jinoyatga qo‘l urdi (www.xabar.uz, 18 - noyabr).

18 yoshni qarshilagan sportchi Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani IIBga qarashli jarima maydonida saqlanayotgan “Jawa” rusumli mototsiklni o‘g‘irlab ketgan.

O‘g‘irlashga o‘g‘irlagan-u, qilgan ishidan afsuslanib, o‘zi yashaydigan mahalla profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilib aybini bo‘yniga olgan. Natijada mototsikl jarima maydonchasiga qaytarilgan, sportchi esa qamoqqa ravona bo‘lgan.

Qayd etilishicha, sud majlisida mototsikl egasi sudyadan mototsiklni deb sportchining kelajagini barbod qilmaslikni, agar u ozodlikdan mahrum qilinadigan bo‘lsa, o‘sha mototsiklni yoqib yuborishini, unga yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismida 10 yildan 15 yilgacha ozodligi mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan. Lekin mahkama jinoyat oqibatida jabrlanuvchiga zarar yetkazilmagani, sudlanuvchining sportda erishgan yutuqlari, qilmishidan pushaymonligini hisobga olib unga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining sudyasi E.Hakimovga ko‘ra, sportchi sud majlisida Taekwondo WTF bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni bo‘lishga va’da bergan.

Mehnat vaziri o‘rinbosari homilador ayollarni ishga olmaydiganlarni saviyasi past rahbarlar deb atadi

Ayollarni ishga olishni asossiz rad etgan yoki homilador xodimaga nisbatan mehnat munosabatlarini buzgan rahbarlar 10-12 million so‘mgacha jarimaga tortilmoqda (www.daryo.uz, 17 - noyabr).

Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, ayollarning ishdan keyingi vaqtlarda qolib mehnat qila olmasligi, farzand ko‘rgandan so‘ng ta’tilga chiqib ketishi vajidan ishga qabul qilmaslik holatlari avvaldan ko‘p bo‘lgan.

“Bizda ayollarning asosiy vazifasi bola tug‘ish deb qaraladi. Universitet, institutlardagi talaba qizlarimiz asosan 3-4 kursda o‘qiyotgan vaqtda turmushga chiqadi. O‘qishni tugatib, homilador holida ish so‘rab boradi. Saviyasi past ko‘p rahbarlar homilador ayolni ishga olmaydi – bo‘sh joy yo‘q deydi. Ana o‘sha gaplar bo‘yicha borib tekshirsak, bo‘sh ish o‘rni bo‘laturib, atayin ishga olmagan bo‘ladi”, - degan vazir o‘rinbosari.

Ma’lum qilinishicha, ayollarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sudlarga 279 ta da’vo arizasi kiritilgan va natijada 115 nafar ayol ishga tiklangan, shuningdek, 199 nafar ayolning maoshi undirib berilgan.

Rasmiy statistikaga qaraganda, joriy yilning 3-choragida xotin-qizlar orasida ishsizlik darajasi 14,7 foizni tashkil etgan.

O‘zbekistonda pandemiya davrida kovid testlari narxi ikki baravarga oshdi

Pandemiya davrida O‘zbekistonda dori-darmonga talab yuqori bo‘lgani sababli xususiy dorixonalar virusga qarshi dorilarning narxini oshirgan; kovid testlari narxi ham deyarli ikki baravar – 250 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha ko‘tarilgan (www.spot.uz, 16 - noyabr).

Ushbu natija O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil may-iyun oylarida 3670 nafar respondent o‘rtasida o‘tkazgan so‘rov jarayonida qayd etilgan.

Pandemiya paytida respondentlar avvalo daromadlarning kamayishi va yo‘qolishi muammosiga duch kelgan. Shuningdek, so‘rov ishtirokchilari maishiy xizmatlardan foydalanish (36 foiz), maktabgacha ta’lim (32 foiz), maktab ta’limi (31 foiz), oziq-ovqat narxining o‘sishi (23 foiz), kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarz (15 foiz), stress va xavotir (9 foiz) kabi muammolarga ham duch kelganini ma’lum qilgan.

Respondentlarning chorak qismidan ko‘prog‘i (25,4 foiz) farovonligi yomonlashayotganidan shikoyat qilgan. So‘rov qatnashchilarining 75,8 foizi vaziyat tez orada yaxshilanishiga ishonch bildirgan.

Tadqiqotga ko‘ra, pandemiya oqibatlari aholi zichligi yuqori bo‘lgan hududlarga (Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlari) ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

XS
SM
MD
LG