Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:33

Jizzaxda oltin izlovchilarni tuproq bosib qoldi: 2 kishi o‘ldi, yana 2 odam shifoxonada


Guvohlarga ko‘ra, hodisa “Sa’d ibn Abu Vaqqos” ziyoratgohi yaqinidagi tepalikda sodir bo‘lgan
Guvohlarga ko‘ra, hodisa “Sa’d ibn Abu Vaqqos” ziyoratgohi yaqinidagi tepalikda sodir bo‘lgan

26 - yanvar kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Avliyo qishlog‘idagi tashlandiq konda noqonuniy ravishda oltin izlash bilan shug‘ullangan 4 yigitni tuproq bosib qoldi.

Oltin izlovchilardan ikki nafari voqea joyida halok bo‘lgan, ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan, ulardan birining ahvoli og‘ir ekani aytildi.

Hodisa yuzasidan tuman prokuraturasi tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Avliyo qishlog‘idagi fojia

Hodisa 26 - yanvar kuni kechqurun G‘allaorol tumanidagi Avliyo QFY hududida joylashgan “Sa’d ibn Abu Vaqqos” ziyoratgohi yaqinidagi tepalikda sodir bo‘lgan.

Guvohlardan birining aytishicha, o‘nga yaqin yigit tepalikka oltin izlab borgan payti ulardan to‘rt nafarini tuproq bosib qolgan.

“U yerda avval geologlar qazgan tashlandiq konlar bor. Qishloqdagi yigitlar o‘sha joyga borib oltin izlashadi. O‘sha kuni tuproq o‘pirilib, to‘rt yigit uning tagida qolib ketgan. Sheriklari ularni qutqarishga harakat qilgan hamda yordam so‘rab qishloqqa xabar berishgan. Ko‘pchilik bo‘lib, ularni kovlab olishgan. Men ularni Tez yordam mashinasiga ortayotgan payti ko‘rdim”,- dedi Avliyo qishlog‘ida yashovchi yigit anonim qolish istagida.

G‘allaorol tuman markaziy shifoxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, tuproq tagida qolgan to‘rt yigitning ikkitasi kasalxonaga o‘lik holda keltirilgan.

“Ikkitasi o‘lik holda kelgan va srazu morgga o‘tkazilgan. Yana ikkitasi kasalxonaga yotqizilgan. Ulardan birining qo‘l va oyoqlari singan ekan, u operatsiya qilingan. U hozir reanimatsiya bo‘limida yotibdi, ahvoli jiddiy. Ikkinchisi rejali jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan, uning boshi yorilgan, ahvoli qoniqarli, jarohati jiddiy emas”, - dedi kasalxona xodimlaridan biri.

Avliyo QFYdan olingan ma’lumotga ko‘ra, tuproq tagida qolib o‘lganlarning ikkalasi ham hali uylanmagan yosh yigitlar bo‘lgan.

QFY faollaridan biri qishloq ahli orasida yashirincha oltin izlash bilan shug‘ullanuvchilar borligini yashirmadi.

“Bu tepalikda oltin namunalari topilgan. Ilgari geologlar kelib, qazish ishlarini olib borgan. Biroq topilgan oltin miqdori juda kamligi uchun davlat qazish ishlarini to‘xtatgan. Ikki yilcha avval Marjonbuloq tarafdan kelgan yigitlar yashirincha tepalikda oltin izlashni boshladi. Keyin bizning qishloq yigitlari ham ulardan o‘rganib, yarim kechasi oltin izlash uchun tepalikni kovlay boshladi. Bu yerlar davlat muhofazasiga olingan. Uchastkovoylar nazorat qilib turishadi. O‘tgan yili 5-6ta yigitni ushlab, 6 million so‘m jarimaga tortdik. Lekin ular baribir noqonuniy ravishda oltin izlashni to‘xtatmayapti”,- dedi Avliyo QFY faollaridan biri.

Uning aytishicha, 26 - yanvar kungi xodisa bo‘yicha G‘allaorol tuman prokuraturasi va tuman IIBsi surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

G‘allaorol tuman IIBsi ushbu hodisa prokuraturaga o‘tkazilganini bildirdi. Tuman prokuratura bo‘limidan biror ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Avliyo qishlog‘ida yashovchi bir qariyaning aytishicha, ishsizlik sabab qishloq ahli noqonuniy ishlarga ham qo‘l urishga majbur bo‘lyapti:

“Tepalikda oltin izlaganlarni ushlab, shtraf qilgach, bolalar u yerga bormay qo‘ygandi. Biroq pandemiya sabab hamma ishsiz qolib, moliyaviy yetishmovchilik kuchaydi. Shunga bolalar majburlikda yana oltin izlashga chiqqan”.

Sariq ajal

Mamlakatning boshqa hududlarida ham g‘ayriqonuniy ravishda oltin qazish bilan bog‘liq fojialar kuzatilgan.

2019 - yilning 17 - sentabr kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘ton oltin koni tashlandiq shaxtasida g‘ayriqonuniy oltin qaziyotgan uch kishini tosh bosib qolgan edi.

Yoshi 30lardagi, oilali konchi yigitlarning ikki nafari halok bo‘lgan, biri og‘ir ahvolda tuman kasalxonasiga yotqizilgan.

2018 - yilning yanvarida Qoraqo‘tanda g‘ayriqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullangan 30 kishi kon ostida qolgan, ulardan biri halok bo‘lgandi.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning qimmatbaho metallarni qazib olishi prezidentning 2018 - yil 26 - noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.

XS
SM
MD
LG