Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:21

Chaqaloqlar o‘limi: Samarqandlik egizaklarning onasi shifokorlarni loqaydlikda ayblamoqda


Mahalliy matbuot Samarqand viloyatida bolalar, chaqaloqlar va onalar o‘limi yuqoriligicha qolayotgani haqida yozgan - illyustrativ surat
Mahalliy matbuot Samarqand viloyatida bolalar, chaqaloqlar va onalar o‘limi yuqoriligicha qolayotgani haqida yozgan - illyustrativ surat

Samarqandlik oila chala tug‘ilgani bois sun’iy nafas olish apparatiga ulanishi ortidan vafot etgan egizak chaqaloqlarning o‘limiga shifokorlarning loqaydligi sabab bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Farzandlari nobud bo‘lgan ona - Kamola Niyozova hamda yaqinlarining Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, 25 - yanvar erta tongda dunyoga kelgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish uchun mas’ul bo‘lgan vrach hatti-harakatlari, ularning nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

25 - yanvar kuni erta tongda Samarqand shahar Bog‘ishamol mahallasida yashovchi Kamola Niyozova shahar 1-tug‘ruqxonasida egizak o‘g‘il tug‘di - chaqaloqlar 7 oylik tug‘ilgani bois sun’iy nafas olish apparatiga ulangan inkubatorga qo‘yildi.

Kun davomida tug‘ruqxonada kamida uch marta svet o‘chgani ortidan chaqaloqlarning inkubatorda kislorodsiz qolib ketishidan qo‘rqqan yaqinlari ularni Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining jonlantirish bo‘limiga o‘tkazgan.

Xususan¸ yaqinlariga ko‘ra¸ Niyozovaning inkubatordan chiqarilgan chaqaloqlari "o‘ldi" deb xulosa berilganida hayot bo‘lgan va ularning bevaqt kisloroddan uzib qo‘yilgani o‘limga sabab bo‘lgan.

Chaqaloqlarga tegishli malakali yordam ko‘rsatilganini iddao qilgan bo‘lim rahbari¸ ayni paytda davolovchi vrachning “vaziyatga to‘g‘ri baho bera olmaganini” tan oldi.

Samarqand shahar Tibbiyot boshqarmasi mutasaddisi esa¸ bunday malakasizlikka chaqaloqlar o‘limi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazayotgan prokuratura xodimlari qonuniy baho berishini ta’kidladi.

Prokuratura surishtiruvining hozirda qaysi bosqichda ekani Ozodlikka ma’lum emas.

Svet o‘chmaganda edi....

Kamola Niyozovaning Ozodlikka aytishicha¸ u 23 - yanvar kuni suv ketish boshlangani ortidan Samarqand shahridagi 1-tug‘ruqxonaga olib kelingan. 33 yashar ayolning ilk farzandi bo‘lgan egizaklar 25 - yanvar erta soat 4 larda tug‘ilgan.

Normal bolalardek ikkalasi ham yig‘lab tug‘ildi. Bittasi 980¸ ikinchisi 960 gramm edi. Chala tug‘ilgani uchun inkubatorga qo‘yishdi. 25 - yanvar kuni tug‘ruqxonada kamida uch marta svet o‘chdi. Vrachlardan bittasi viloyat mnogoprofilniy markazida svet o‘chmaydi¸ apparatlari ham yaxshiroq¸ deganiga uchib¸ shu joyga ko‘chiringlar¸ deb so‘radik. O‘sha kuni obeddan keyingi 4 larda reanimobil bilan neonatalniy markazning reanimatsiyasiga ko‘chirishdi”¸ - deydi Niyozova .

Niyozova va uning yaqinlari¸ bu qarorning o‘zlari uchun armon va afsusga aylangani¸ ko‘p tarmoqli bolalar markazida¸ kutilgan tibbiy yordam o‘rniga¸ loqaydlik va malakasizlikka duch kelganlarini aytadi.

Ko‘chma-ko‘ch qilingan chaqaloqlar

Kamola Niyozovaning chaqaloqlari¸ onasi yoniga qo‘yilmagan holda¸ jonlantirish bo‘limida ikki kecha saqlanganidan so‘ng¸ patologiya bilan tug‘ilgan bolalar bo‘limiga o‘tkazilgan.

- Men bolalarni qabul qilib olganimda ularning ahvoli stabil og‘ir edi. Ular chuqur chala tug‘ilgan. Ikkalasining ham o‘pka to‘qimalari rivojlanmagani uchun nafas olishga qiynalardi. Shunga ularni sun’iy nafas apparatiga ulab qo‘ydik¸ - deydi Niyozova chaqaloqlariga qaragan davolovchi vrach Farog‘at Tuvalova.

Kamola Niyozova esa¸ neonatal bo‘limida chaqaloqlarning tegishli yordamsiz qolib ketganini aytadi.

- Bolalarimni krizisdan o‘tdi¸ deb OPN (otdeleniye patalogii novorojdennix) ga ko‘chirishdi. 28 da meni ham shu bo‘limga qabul qilishdi. Bolalarimni ko‘rishga olib kirishganda¸ ularning bitta apparatda yana ikkita bola bilan yotganini ko‘rdim. To‘rtta bola bitta apparatda yotgan edi. Vesi 1 kilo¸ 1¸5 kilo bo‘lgan bolalar bilan mening bolalarim bitta apparatda edi. Bundan noroziligimni aytsam¸ vrachlar apparat kamligini aytishdi. 29 - yanvar kuni kechqurun bir hamshiraning qo‘pol harakati oqibatida bolamning qo‘lidan kateteri chiqib ketib¸ burnidan zondi chiqib ketib qiynalganini ko‘rdim. Bundan ham noroziligimni aytsam¸ vrachlar hamshiralarimiz o‘zining ishini biladi¸ deb aytdi. Bolalarimga qaraydigan Farog‘at degan vrach o‘sha kuni smenaga kelmadi. Ertasiga ertalab¸ 30 - yanvar kuni bolachalarim ko‘karib¸ mazasi qochishni boshladi. Bitta bolamni ertalab noma’lum sababga ko‘ra¸ apparatdan chiqarib qo‘yishdi. Bu bolani apparatdan chiqarish mumkin emasligini o‘zlari ham juda yaxshi biladi!

O‘ldiga chiqarilgan tirik chaqaloq....

Kamola Niyozova va u bilan kasalxonada birga bo‘lgan yaqinlariga ko‘ra¸ 30 - yanvar kuni ertalab davolovchi vrach Tuvalova¸ chaqaloqlar hali hayot uchun kurashayotgan bir paytda¸ ularning ota-onasidan ular o‘lgan taqdirda vrachlarga da’vomiz yo‘q¸ degan mazmundagi tilxatni o‘zi aytib turib yozdirishga uringan.

Vrach¸ aks holda chaqaloqlar jasadining yorilmasdan berilmasligini aytib¸ ota-onaga ruhiy bosim o‘tkazgan. Ammo chaqaloqlarning buvisi bunga rozilik bermagan.

Buning o‘rniga chaqaloqlarga qarasa bo‘lmasmidi? O‘zining bilim va malakasi yetmasa¸ tajribaliroq vrachlarni chaqirsa bo‘lmasmidi? Buning o‘rniga nafas olishga qiynalib turgan egizaklardan bittasini inkubatordan chiqarib qo‘ydi. Birinchi bola obeddan keyingi 2 larda o‘ldi. Uni hali ko‘mishga ulgurmay turib¸ ikkinchisini ham o‘ldi dedi. Kirsak¸ stolning ustida yuzlarini yopib¸ og‘ziga latta tiqib qo‘ygan. Qarasak¸ bola nafas olyapti. To‘polon ko‘targanimizdan keyin¸ qaytadan inkubatorga solishdi. Lekin 31 ga o‘tar kechasi soat bir yarimlarda o‘ldi¸ deyishdi. Bolalarga umuman qarashmadi. Qarashganda¸ yarim kilo tug‘ilib¸ yashab ketgan chaqaloqlar qancha¸ bular ham o‘lmagan bo‘lardi”¸ - deydi chaqaloqlarning buvisi.

O‘lmagan bolani o‘ldi, deb hujjat rasmiylashtirilganidan xabar topishi bilan Niyozova qarindoshlari Samarqand shahar prokuraturasiga telefon orqali shikoyat qilgan.

Shikoyatimizdan yarim soatcha o‘tmay¸ prokuraturaning ikki xodimi keldi. Ular Tuvalova va reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i bilan gaplashdi¸ tibbiy varaqalarni surishtirdi. Bugun telefon qilsak¸ ish boshqa xodimga o‘tibdi. Prokuratura surishtiruvi qanday borayotganidan xabarimiz yo‘q”¸ - dedi 8 - fevral kuni Ozodlikka bog‘langan chaqaloqlar yaqini.

Bo‘lim rahbari: Vrach vaziyatga to‘g‘ri baho berolmagan!

Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining patologiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga yordam ko‘rsatuvchi maxsus bo‘limi rahbari Aziza Nurmuhammedova¸ Kamola Niyozova chaqaloqlariga “tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilgani¸ ammo ularning samara bermaganini” iddao qildi.

-Bir kiloga yetmay turib tug‘ilgan chaqaloqlar¸ chala bo‘lsa ham¸ sog‘lom tug‘ilgan bo‘lsa¸ yashab qoladi. Lekin Niyozovaning o‘zi ham kasalmand bo‘lgan¸ poliklinikadagilar yetarli e’tibor bermagan. Ular skrining qilganmi yo‘qmi¸ buni ham bilmaymiz. Onasi sog‘lom bo‘lmagani uchun chaqaloqlar chala¸ rivojlanmagan o‘pka bilan tug‘ilgan. Buning oqibatida yurak va miyada ham jiddiy yetishmovchilik bo‘lgan. Chaqaloqlar bir necha marta nafas ololmay qolganda¸ ularga tegishli yordam ko‘rsatilgan. Lekin bu choralar effekt bermadi.

Ayni paytda bo‘lim rahbari¸ vrach Tuvalova ikkinchi chaqaloqni ham o‘ldi deb rasmiylashtirgandan so‘ng yaqinlari chaqaloqning hali ham nafas olayotganini ko‘rib qolgani va shundan so‘ng uning qayta inkubatorga solinganini e’tirof qildi.

- Bu paytda men boshqa bir og‘ir kasalni ko‘rishga ketgandim. Vrachimiz vaziyatga to‘g‘ri baho berolmagan. Klinik o‘lim qayd qilinganidan keyin ham chaqaloqlarni ikki soatgacha apparatdan uzish mumkinmas. Ular hayoti uchun oxirigacha kurashish kerak. Endi shunday malakasizlik bo‘lgan¸ - dedi uzoq jimlik orasida gapirgan bo‘lim rahbari.

Aziza Nurmuhammedova¸ bitta inkubatorda og‘ir ahvoldagi 4 nafar chaqaloqning saqlanishi mumkinmi¸ bu mazkur apparatdan foydalanish normalariga to‘g‘ri keladimi¸ degan savolga:

- Yo‘q, albatta¸ mumkinmas¸ deya javob qildi.

Ayni paytda¸ davolovchi vrach Farog‘at Tuvalova to‘rtta chaqaloqni bitta inkubatorga solib qo‘yganini bo‘limda inkubatorlar yetishmasligi bilan izohlashga urindi.

- Men nima qilgan bo‘lsam¸ hammasini prokuraturaga yozib berdim. Har bitta chaqaloqni bittadan inkubatorda saqlashga apparatimiz yetmaydi. Men patologiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga qarash tajribasiga egaman. Ikkinchi chaqaloqni inkubatordan olganimda klinik o‘lim yuz bergan edi¸ dedi bu bo‘limda ikki yildan beri ishlayotganini aytgan Tuvalova.

Bo‘lim rahbari Aziza Nurmuhammedova¸ Kamola Niyozova chaqaloqlarining ketma-ket o‘lishi bo‘yicha prokuratura tergovga qadar surishtiruv o‘tkazayotgani va kimga qanday chora ko‘rilishi ana shu surishtiruv natijasiga bog‘liq ekanini bildirdi.

Ayni fikrni Samarqand shahar Tibbiyot boshqarmasining Ozodlik gaplashgan mutasaddisi ham takrorladi.

Ayni paytda Aziza Nurmuhammedova¸ vrach Farog‘at Tuvalovaning vaqtincha ishdan chetlatilganini bildirdi. Ozodlik bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlay olmadi.

Samarqand shahar prokuraturasidan 30 - yanvar kuni viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida ro‘y bergan egizaklar o‘limi yuzasidan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi – kun davomida prokuratura telefonlari (66 2211007) ga hech kim javob bermadi.

Bolalar va chaqaloqlar o‘limi

2017 - yilning 7 - yanvar kuni O‘zbekiston prokuratura tizimi xodimlari bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev onalar va bolalar o‘limi sabablarini o‘rganib¸ bu haqda jamoatchilikka jar solish mas’uliyati prokurorlar zimmasida ekanini alohida ta’kidlagan edi.

-Onalik va bolalikni muhofaza qilish aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida ham yetarli nazorat o‘rnatilmagan. Nima uchun bir go‘dakning o‘limidan keyin o‘sha viloyat prokurori jar solmaydi? Nimaga buning tagiga yetib borilmaydi? Kimning aybi bilan hayotdan ko‘z yumdi bular? Nima uchun shifokor o‘z vaqtida qaramagan? Shuning uchun hammasini yaxshilab o‘ylab yozinglar, hammasi uchun javob beradigan vaqt keldi¸ - degan edi prokuratura xodimlariga qarata prezident Mirziyoyev.

33 yoshida egizak farzandli bo‘lib¸ ularning ikkalasidan ham tibbiyot xodimlarining malakasizligi va loqaydligi bois ajraganiga ishonayotgan Kamola Niyozova va yaqinlari¸ bu kabi fojialar takrorlanmasligi uchun prokuratura surishtiruvining mantiqiy yakuniga yetishini kutmoqda.

-Birinchi bolamni apparatdan ertalab chiqarib qo‘yib¸ kuni bilan o‘lishini kutib o‘tirganlaridek¸ ikkinchisiniyam o‘lishini rosa kutgan bu vrachlarga jazo bormi o‘zi? Ikkinchisiniyam bir apparatga qo‘yib¸ bir olib¸ jonini ancha qiynab¸ kechqurun soat 12 lardan o‘tib¸ bunisiyam o‘ldi¸ endi ekspertizaga jo‘natamiz deb¸ bizlarni qo‘rqitgan do‘xtirlarga jazo bormi ?- deydi ikki chaqalog‘ini tuproqqa bergan yosh ayol.

Mahalliy matbuot 2019 - yilda Samarqand viloyatida bolalar, chaqaloqlar va onalar o‘limi yuqoriligicha qolayotgani haqida yozgan. Viloyat hokimligi qoshida tuzilgan ishchi guruh 2019 - yil yanvar - avgust oylari davomida bir yoshgacha bo‘lgan 345 nafar bola va tug‘ish paytida 13 nafar ona o‘limi qayd etilganini aniqlagan.

Ishchi guruh xulosasida chaqaloqlar o‘limiga olib kelgan sabablar orasida "muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sun’iy nafas berish apparati yetishmasligi va tug‘ruqxonalarning to‘lib ketgani" kabi holatlar ham keltirilgan. 2019 - yilning ayni davri mobaynida 270 nafar tibbiyot xodimiga turli ma’muriy jazolar tayinlangani aytilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG