Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 11:09

Ozodbek Nazarbekov firmasi. Manfaatlar to‘qnashuvi qachon barham topadi?


Britaniyalik huquqshunos professor Kristian Lasslet Mirziyoyev davridagi manfaatlar to‘qnashuvi borasida bir qancha surishtiruvlar qilgan. Ushbu suratda o‘sha surishtiruvlardan birining muqovasi aks etgan.
Britaniyalik huquqshunos professor Kristian Lasslet Mirziyoyev davridagi manfaatlar to‘qnashuvi borasida bir qancha surishtiruvlar qilgan. Ushbu suratda o‘sha surishtiruvlardan birining muqovasi aks etgan.

O‘zbekiston Senati “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullashi arafasida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq mojaro markazida qoldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazir Nazarbekov Koba san’at majmuasi ta’sischisi ekani aniqlanganini aytib, u rahbari bo‘lgan vazirlikka manfaatlar to‘qnashuviga barham berish yuzasidan taqdimnoma kiritganini ma’lum qildi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan hukumat mulozimiga aylangan Nazarbekov O‘zbekistonda hozirga qadar manfaatlar to‘qnashuvida ayblangan hukumatning eng yuqori martabali a’zosidir.

Bunga qadar Mirziyoyev hukumati manfaatlar to‘qnashuviga doir qator xalqaro surishtiruvlar, jumladan, Ozodlik surishtiruvlarida ko‘tarilgan savollarni javobsiz qoldirgan edi.

Nazarbekov esa zudlikda aksilkorrupsiya agentligi xabarida tilga olingan kompaniyani o‘g‘li Jafarbek nomiga rasmiylashtirib, mojaroni yopganday bo‘ldi.

Dunyoning eng korrupsiyalashgan davlatlari qatorida sanaladigan O‘zbekistonda nihoyat korrupsiyaning asosiy omillaridan bo‘lmish manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid qonun qabul qilinyapti.

O‘zbekiston Senati
O‘zbekiston Senati

O‘zbekiston Senati o‘tgan kuzdan beri kechiktirilayotgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni 1-iyun kuni ma’qulladi. Qonun prezident Shavkat Mirziyoyev imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi.

Mirziyoyev prezidentlik kursisiga o‘tirganidan yetti yil o‘tibgina, qabul qilinayotgan ushbu qonun mansab vakolatidan foydalanib, qarindosh-urug‘lari bilan noqonuniy boylik orttirish holatlarining oldini olishga qaratilgan.

  • Manfaatlar to‘qnashuvi – davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat. (Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonundan)

Korrupsiya faqat poraxo‘rlik degani emas. Davlat va xususiy manfaatlar to‘qnashuvi¸ aniqrog‘i davlat bergan vakolatdan o‘z shaxsiy manfaati uchun foydalanish qonun ustuvor davlatlarda korrupsiya deb tasniflanadi. O‘zbekiston qonunchiligida ham bu shunday qayd qilingan:

  • Korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish. (Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonundan)

Xalqaro ekspertlarga ko‘ra¸ manfaatlar to‘qnashuvi korrupsiya bo‘lmasligi mumkin¸ lekin korrupsiya tarkibida hamisha manfaatlar to‘qnashuvi mavjud.

Shu paytgacha O‘zbekiston qonunchiligida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olish bo‘yicha aniq mexanizmlar mavjud emas edi.

2022-yilning 10-may kuni Adliya vazirligi “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Oradan 5 yarim oy o‘tib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Yetti oydan so‘ng Senat qonun loyihasini ma’qulladi.

- O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuviga doir qonun yoki nizom qabul

Alisher Ilhomov
Alisher Ilhomov

qilish fursati yetganiga ko‘p bo‘lgan. Bu masalani nega buncha paysalga solishgani kishini taajjubga soladi. Shuningdek, qonun loyihasini Senat muhokamasiga yuborish bu qadar cho‘zilib ketganini ham tushunish qiyin. Bu vaziyat menga davlat xizmatchilarining daromadlarini majburan deklaratsiya qildirish bilan bog‘liq manzarani eslatadi. Prezident farmoni chiqqaniga ancha bo‘ldi, farmonda tegishli nizomni ishlab chiqib, Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunga kiritish bo‘yicha ko‘rsatma ham berilgan, biroq O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlarini majburiy deklaratsiya qilish amaliyoti hanuz joriy etilgani yo‘q. Bular bari mamlakatda aksilkorrupsion chora-tadbirlar joriy etilishiga nisbatan davlat darajasida jiddiy qarshilik mavjudligini ko‘rsatadi. Bunaqa qonun-qoidalar qabul qilinishiga prezidentning o‘zi shaxsan sanktsiya bersa ham, davlat apparati turli yo‘llar bilan ijroni paysalga solmoqda, - deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tadqiqot kompaniyasi direktori Alisher Ilhomov.

Dunyoning rivojlangan davlatlarida davlat tizimida ishlovchi mulozimning o‘z vakolati doirasiga kiruvchi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonun bilan taqiqlangan.

O‘zbekistonning yangi qonunida ham manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha asosiy prinsiplar, davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar o‘z aksini topgan.

  • Davlat tashkiloti xodimlariga manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:
    o‘z xizmat mavqe’ini suiiste’mol qilgan holda shaxsiy manfaat ko‘rish;
    davlat tashkilotiga bo‘ysunuvchi yoki bir-birining nazoratidagi tashkilotda o‘rindoshlik asosida ishlash;
    tijorat tashkilotlarining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lish;

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi o‘tgan yili mamlakat bo‘yicha jami 138 nafar hokim va hokim o‘rinbosarlari, 1092 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, manfaatlar to‘qnashuvi holatini sodir etganini aniqlagan. Jami 1378 mulozim davlat xizmatida ishlash bilan birgalikda firmalar ochib unga bevosita rahbar yoki ta’sischi sifatida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.

Shuningdek, agentlik hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lganini aniqlagan. Jumladan, birgina Buxoro viloyatida o‘tgan yilning olti oyi davomida 340ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi sodir etilib, jami 34,3 milliard so‘mlik davlat xaridi hokimlar va o‘rinbosarlari hamda ularning qarindoshlari tashkil qilgan firmalarga berilgan.

“Ushbu qonunning qabul qilinishi davlat idoralarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning bartaraf etilishiga, eng asosiysi - davlat xizmatida tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikning oldi olinishiga xizmat qiladi”,- deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov.

Shu o‘rinda dastur boshida tilga olingan voqea-Ozodbek Nazarbekovning

Ozodbek Nazarbekov
Ozodbek Nazarbekov

vazir bo‘lishiga qaramay, tijoriy firma ta’sischisi ham bo‘lgani voqeasiga qaytsak.

Qonunchilikdan yaxshi xabardor manbaga ko‘ra, vazir Nazarbekov o‘zi ta’sischisi bo‘lgan firmani o‘g‘liga rasmiylashtirgani bilan manfaatlar to‘qnashuvi barham topmagan.

- Ozodbek Nazarbekov firmani o‘g‘lining nomiga o‘tkazgani bilan o‘g‘lining firmasi otasi ishlaydigan ishxona bilan bog‘liq moliyaviy munosabatga kirishsa, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi yuz foiz sodir bo‘lgan hisoblanadi. Shuni tartibga solish uchun huquqiy asos kerak. Shu paytgacha O‘zbekiston qonunchiligida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga soladigan huquqiy normaning o‘zi bo‘lmagan. Holat aniqlangan taqdirda ham bunga nisbatan javobgarlik qonunda belgilanmagani uchun mulozimlar jazosiz qolib ketgan,- deydi qonunchilikdan yaxshi xabardor manba.

Yangi qonunda davlat mulozimining manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qarindoshlari aniq belgilangan.

Qonunga ko‘ra, yaqin qarindoshlar deganda, qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari nazarda tutiladi.

- Men bu qonun haqida optimist kayfiyatda emasman. Boz ustiga bu narsa orqli saylov oldidan jamiyatga pozitiv messej bildirilmoqda. Afsuski, amalda bu qonun ishlamaydi. Ishlamasligining sababi esa mavjud tizimning mohiyatan feodal ko‘rinishga aylanib bo‘lganida. Shu jihatidan bu qonun birinchi galda elitalarning o‘ziga qarshi qaratilgan. Amalda ular o‘zlarining yaqin qarindoshlarini, kuyovlarini, kelinlarini, jiyanlarini, quda-andalarini “yog‘li” joylardan olib tashlab, yangidan tizim yaratilib, yangi elita shakllanishi kerak,- deydi tahlilchi Rafael Sattorov.

Rasmiy matbuotda maqtalayotgan ushbu qonunga oid savollar anchagina. Hozircha manfaatlar to‘qnashuvini yo‘lga qo‘ygan mulozimga qarshi jinoiy javobgarlik masalasi yangi qonunda yo‘q. Hatto mulozim bir yil ichida takroran sodir etilgan huquqbuzarliklari uchun ham faqat ma’muriy jarima bilan qutilishi mumkin.

- To‘g‘ri, qonun mukammal emas, lekin bu jiddiy qadam. Bitta qonun bilan hamma narsa hal bo‘lmaydi. Agar manfaatlar to‘qnashuvi sodir etilsa va u huquqbuzarlik deb topilsa, unga alohida jazo chorasi ham bo‘lishi kerak. Ma’muriy va jinoiy kodekslarga alohida moddalar kiritilishi kerak. Qonunning qabul qilinishi bu birinchi qadam, ya’ni kompleks choraning bitta muhim segmenti xolos bu,- deydi qonunchilikdan yaxshi xabardor manba.

Shavkat Mirziyoyev manfaatlar to‘qnashuvi muammosini avvaliga Karimov

Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev

davri katta amaldorlarini ishdan olish va jinoiy javobgarlikka tortish jarayonida qo‘llagan bo‘lsa¸ so‘ngra nutqlarida qarindosh- urug‘chilikni muntazam tilga olib kelmoqda:

"Adolatsizlik, poraxo‘rlik, korrupsiya, tanish-bilishchilik oyog‘imizga kishan bo‘ladi!".

2020-yilda korrupsiyaga qarshi shiddatli kurash va’da qilindi va Mirziyoyev taklifi bilan o‘ziga hisob beradigan korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ - Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bu yangi tuzilma¸ yil oxiriga kelib¸ BMT minbaridan ko‘z-ko‘z ham qilindi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng davlat boshqaruvidagi korrupsiyaga barham berish yo‘llaridan biri sifati davlat xizmatchilarining daromad deklaratsiyasi¸ o‘zi va yaqinlari nomidagi ko‘chmas mulkni jamoatchilikka ochiqlashini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Biroq to‘rt yildirki, ushbu qonun qabul qilinishi paysalga solinmoqda.

- O‘zbekistondek “o‘ziga xos” mamlakatda qonun qabul qilinishi muammo hal bo‘lganini bildirmaydi. Bu qonun amaliyotda qanday ishlashini kuzatish kerak. Zero, Konstitutsiya va qonunlardagi ko‘plab yaxshi normalar faqat qog‘ozda qolib ketmoqda. O‘zbekistonning qonun ustuvorligi nuqtai nazaridan eng katta muammosi mana shu. Masalan, O‘zbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnatdan foydalanilishi uzoq yillar tanqid qilindi. Akmal Saidov BMT anjumanida bu tanqidlarga javob berarkan “bizda falon-falon qonunlar bor, ular bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishni taqiqlaydi”, degan mazmunda gapirgan, ya’ni qonunlarni argument sifatida ro‘kach qilgan edi. Holbuki bu qonunlarga rioya qilinmaganini hammamiz yaxshi bilamiz. Qayerdaki nufuzli kuchlarning, guruhlarning manfaatlari bo‘lsa, u yerda qonunlar amalda ijro qilinmay qolib ketadi, - deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tadqiqot kompaniyasi direktori Alisher Ilhomov.

Hokimiyat mulozimlarining biznes bilan shug‘ullanishi O‘zbekiston uchun yangi ko‘rinish emas. Ammo mahalliy tahlilchilar Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan mahalliy hokimlar qudratining oshishi barobarida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar ko‘payganini aytishadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham 2017-yili “manfaatlar to‘qnashuvi” mojarosi markazida qolgan.

O‘shanda Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72- sessiyasida qatnashish uchun Nyu-York shahriga borish va MDHning Sochidagi sammitida qatnashish uchun rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning uchog‘idan foydalangani oshkor bo‘lgan va bu tarmoqlarda manfaatlar to‘qnashuvi o‘laroq baholangan edi. Keyinchalik "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati Mirziyoyevning uzoq masofadagi davlatlarga rasmiy tashriflari uchun milliarder Alisher Usmonovning samolyoti vaqtincha ijaraga olingani haqida bayonot bergan.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi agentlik tashkil etilgani va bu borada qator qonunlar qabul qilinganiga qaramasdan, O‘zbekiston hanuz dunyoning eng korrupsiyalashgan davlatlari qatorida qolmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida rasmiylar manfaatlar to‘qnashuvi hamda elitar korrupsiyaga doir ko‘plab holatlar, jumladan, Ozodlik surishtiruvlari natijasida yuzaga chiqqan dalillarni e’tiborsiz qoldirgan.

Jumladan, Ozodlik surishtiruvi prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovga qarashli shirkat Yunusobodda 100 ga yaqin tadbirkorning yerlarini tekinga olgan Urban Developers MChJga aloqador bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Biroq ushbu shirkat prezident kuyovi bilan aloqalarni rad etib keladi.

Ozodlikning boshqa surishtiruvlarida Mirziyoyevning kenja kuyovi¸ prezident xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Otabek Umarov va uning qarindoshlariga aloqador kompaniyalar tilga olingan.

Jumladan, Otabekning ukasi Oybek Umarov mulkdorlaridan biri bo‘lgan Orient Group Ozodlik surishtiruvining ko‘rsatishicha¸ Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakat suveren jamg‘armasidan eng katta mablag‘ olayotgan ko‘p milliard dollarlik biznes imperiyasiga aylangan.

- Manfaatlar to‘qnashuvi haqida qonun qabul qilinar ekan, biz bir narsani unutmasligimiz kerakki, har qanday antikorrupsion qonun-qoidalar ishlashi uchun asosiy shart bu yuqoridan amaliy mujda berilishi, amaliy namuna ko‘rsatilishi. Ya’ni eng yuqori mansabdorlar, prezident bo‘ladimi, vazir bo‘ladimi, hokimlar bo‘ladimi ular o‘zlarining namunalari bilan shu qonunning ijrosini ko‘rsatishlari kerak. Agarki, u tanlovli qo‘llaniladigan bo‘lsa, qonun o‘zining aksiga aylanib qoladi. Nosog‘lom siyosiy idora qilish, boshqarish vositasiga aylanib qoladi. Deylik, kimdir yoqmay qoladi, uni yo‘qotish uchun mana shu qonun qo‘llanilishi mumkin, - deydi iqtisodchi Jamshid Muslimov.

O‘zbekistonda davlat mulozimlarining yirik biznes holdinglari¸ biznes imperiyalari egasi ekani Toshkent hukumati ko‘z tikayotgan G‘arb investorlarini cho‘chitadigan asosiy jihatlardan biri.

Xususan¸ Britaniya matbuotida Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent shahar hokimi lavozimida ishlab turgan payti davlat nomidan yirik qurilish loyihalarini ochiq tenderlarsiz o‘z shaxsiy kompaniyalariga berishi Mirziyoyev hukumatining aynan davlat va shaxsiy manfaatlar qorishgan va ikkinchisi ustunlik qilayotgan boshqaruvga asoslanganini ko‘rsatuvchi yorqin misol sifatida talqin etildi.

- Menimcha, manfaatlar to‘qnashuviga oid yangi qonunning olqishga

Kristian Lassletning O‘zbekistondagi manfaatlar to‘qnashuviga oid surishtiruvlaridan birining muqovasi.
Kristian Lassletning O‘zbekistondagi manfaatlar to‘qnashuviga oid surishtiruvlaridan birining muqovasi.

arziydigan elementlari aniq bor. U prezident administratsiyasiga o‘z kompaniyalari yoki qarindoshlari kompaniyalariga yon bosish imkonini bergan holda o‘z lavozimlarini suiiste’mol qilayotgan turli xil vazirliklar va davlat tashkilotlarining quyi va o‘rtacha lavozimdagi ishchilarini nishonga olish imkoniyatini beradi. Ikkinchidan, ushbu qonun hukumat foydalanishi mumkin bo‘lgan yana bir qonuniy instrument bo‘ladi. Bu esa hukumatga ham ichki, ham tashqi kuzatuvchilarga "Qarang, biz korrupsiyaga jiddiy qaraymiz. Bunga amal qilayotganimizni ko‘rsatuvchi yana bir misol mana", deyish imkonini beradi. Endi, bu qonunga tanqidiy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, unning samaraligi bir necha sababga ko‘ra cheklangan bo‘ladi. Birinchidan, mamlakatni boshqaradigan eng yuqoridagi siyosiy dinastiyalar iqtisodiyotni yurituvchi eng yuqori biznes-dinastiyalardir. Ammo, bu bog‘liqlik ochiq-oydin emas. Tuzumning eng yuqori siyosiy figurantlari hamda ularning oila a’zolari o‘zlari qo‘ygan odamlar yordamida bizneslarini yuritishadi, hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki ochiq-oydin ishtirok etishmaydi. Bunday yashirin holatlarda yangi qonun samara bermaydi, yashirin sxemalarni fosh qila olmaydi. Hech qanday manfaatlar to‘qnashuvi oshkor bo‘lmaydi,- deydi britaniyalik huquqshunos professor Kristian Lasslet.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG