Линклар

Шошилинч хабар
10 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:15

Rossiya Adliya vaziri migrantlarni mahbuslar bilan almashtirish g‘oyasini qo‘llab chiqdi


Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko FSIN tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko FSIN tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko Jazoni ijro etish federal xizmatining (FSIN) mehnat migrantlarini Rossiyadagi mahbuslar bilan almashtirish taklifini ma’qullab chiqdi. Migratsiya mutaxassislari Rossiya hukumatining bu tashabbusini "amalga oshirib bo‘lmaydigan populizm” deb atamoqda.

FSIN ma’muriyati: "Bu GULAG bo‘lmaydi!"

Rossiya hukumati mulozimining fikricha, axloq tuzatish lagerlarini yaratish mahbuslarning jazoni almashtirish huquqini amalga oshirish imkonini beradi.

Chuychenko hozirda ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi 180 mingga yaqin odam jazoni axloq tuzatish ishlari shaklida o‘tashga o‘tish huquqiga ega ekanini qayd etdi.

- Biz biznes bilan muzokaralar olib bormoqdamiz, bitimlar imzolayapmiz, FSIN bu masala ustida faol ish olib bormoqda. Yaqin muddatli rejalarimizda axloqni tuzatish markazlari va joylari sonini oshirish bor. Bu juda ijtimoiy muhim va qiziq narsa, chunki odamlar bu bilan jamiyatdan ayrilmaydi, maosh oladi, sud qarorlarida belgilangan majburiyatlarini bajara oladi, - dedi jurnalistlar oldida chiqish qilgan Chuychenko.

Bu g‘oyani yaxshi deb hisoblashini aytgan Adliya vaziri jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar yaxshi ishchi bo‘lish uchun yetarlicha malakaga ega ekanini ta’kidladi.

Ammo mamlakatda jami 8 mingtacha axloq tuzatish markazlari tashkil etilgan, shu bois hukumat kishilarning jazoni almashtirish huquqini to‘liq amalga oshirolmaydi.

O‘tgan hafta Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) direktori Aleksandr Kalashnikov Rossiyada migrantlar ishlaydigan sohalarda mahkumlarni faolroq jalb etish va, hatto, ular o‘rniga ishlatish taklifini o‘rtaga tashlagandi.

- Yaqinda Vladimir Vladimirovich Putin Markaziy Osiyo mintaqasi - O‘zbekiston, Tojikiston rahbarlari bilan uchrashdi. ... Unda ishchi kuchi yetishmayotgan obyektlarga migrantlar oqimini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi, - dedi FSIN rahbari.

Yangrayotgan tanqidlarga javoban Kalashnikov bu tuzilmalar Stalin davridagi “axloq tuzatish muassalariga aylanmasligi”ga ham kafolat berdi.

- Bu GULAG bo‘lmaydi, bu mutlaqo yangi munosib sharoitlar bo‘ladi. Chunki bu kishi yotoqxona yashab, yoki kvartirani ijaraga olib mehnat qiladi, yoki ish beruvchi unga oilasi bilan yashash uchun sharoit yaratib beradi, - dedi Kalashnikov.

Bundan tashqari, ishchi-mahbusga munosib maosh berilishini aytgan FSIN rahbari har bir hududda bu masalani ko‘tarish kerakligini alohida ta’kidladi.

Rossiya FSIN rahbari majburiy mehnatga jalb qilingan mahbuslar iqlimi juda sovuq bo‘lgan Nenets muxtor viloyati, Taymir, Magadan viloyati, Norilsk va Baykal-Amur magistrali (BAM) qurilishlarida ishlatilishi mumkinligini aytdi.

Ayni vaqtda Rossiyada 483 ming mahbus jazo o‘tamoqda. Ulardan 188 ming nafari jazoni majburiy mehnatga almashtirishni so‘rab murojaat qilish huquqiga ega.

Qamoqxonadagi minglab mahbuslarni Rossiyadagi yirik qurilish obyektlariga jalb qilish masalasi anchadan buyon muhokama qilib kelinadi. Rossiya qonunchiligi jazoni ijro etish muassasasidan tashqarida mahbuslar mehnatidan foydalanishni taqiqlamaydi. Biroq Stalin davridagi GULAG tizimidan farqli ravishda hozirgi mahbuslar mehnatiga haq to‘lanishi, ular jamiyatdan izolyatsiya qilinishi va qo‘riqlanishi lozim.

"Bu navbatdagi saylovoldi populizm!"

Rossiya hukumatining ushbu tashabbusi Rossiyadagi migratsiya mutaxassislari tanqidiga uchradi.

Rossiya Migrantlar federatsiyasi rahbari Vadim Kojenov mehnat muhojirlari mahbuslardan ko‘ra malakaliroq ekani, u yoki bu ish bilmaydigan sudlanganga ish o‘rgatish qo‘shimcha harajatlarni keltirib chiqarishiga e’tibor qaratdi.

- Kim mahbuslarni o‘qitishi kerak? Migrantlar har biri o‘z o‘rnida, ular yetarli darajada malakaga ega. Ya’ni, FSIN bacha mahbuslarni tartibga keltirmog‘i, ulardan qay biri tosh teruvchi, suvoqchi yo duradgor ekanini aniqlashi lozim.

Federatsiya rahbari, masalan, taksichi yoki kuryer bo‘lib ishlayotgan mahbuslarni tasavvur qila olmayotganini aytdi.

Migrant.mobi portali asoschisi, yurist va jamoatchilik faoli Botirjon Shermuhammad Rossiya hukumat a’zolarining migrantlarni mahbuslarga almashtirish g‘oyasini “saylovoldi populizmi” deb atadi.

- 550 ming ishlashi mumkin bo‘lgan mahbus bor ekan Rossiyada. Birinchidan, ularning hammasini olib chiqqandayam barcha migrantlar o‘rnini bosolmaydi. Ikkinchidan, migrantlar asosan xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaydi. Sudlangan odamni savdo-sotiqqa, “dostavka”ga, taksiga kim jalb qiladi?! Har birini qo‘riqlash masalasi va biznesmenlar jazoni o‘tayotgan shaxslarga biror narsani ishonib topshiradimi, degan savol paydo bo‘lyapti. Bu populizm - saylovga yaqin ko‘tarilayotgan gaplar. Bu harakatlar “Noqonuniy migrantlar ko‘payib ketdi, ularga qarshi kurash olib borilmayapti”, degan jamiyatdagi migrantofob fikrlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘lyapti, reyting oshirilyapti. Aslida birortasi amalga oshmaydigan narsa.

Suhbatdosh Rossiyadagi qamoqdagilarning asosiy qismi shusiz ham foydali mehnat bilan shug‘ullanishini aytadi:

- Aslida juda ham ko‘p muassasalarga mahbuslar ishlab keladi. Aytishadiki, bu muassasalar FSIN rahbariyati bilan aloqador odamlarga tegishli va qamoqdan chiqayotgan mahbuslarga ular ishlagan pul berilmaydi ko‘pincha. Umuman olganda, mahbuslarni ishlatish tizimi butun dunyoda mavjud va uni bunday shaklda jamiyatga taqdim etish noo‘rin, deb hisoblayman, - dedi Ozodlikka Botirjon Shermuhammad.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy yurgan muhojirlar soni 500 mingdan ziyod va ularning eng ko‘p qismi -332 mingni o‘zbekistonliklar tashkil etadi. Avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy “15 - iyunga qadar o‘z migratsiya maqomlarini qonuniylashtirmagan muhojirlar Rossiyani tark etishlari lozim”, deya bayonot bergandi.

Bugungi kunda mehnat muhojirlari uchun hujjatlarni rasmiylashtiruvchi ko‘plab migratsiya markazlarida, xususan yirik megapolislardagi idoralarda ulkan navbatlar yuzaga kelgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

Shu kunlarda Moskvaning Saxarovo mavzesidagi migratsiya markazida minglab xorijliklar navbatda turgani xabar va videlari Ozodlikka kelib tushmoqda.

Rossiya FSIN oxirgi ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya qamoqxonalarida 30 mingga yaqin xorij fuqarolari jazo muddatini o‘tamoqda. Bu muassasalardagi odam hisobi bo‘yicha tojikistonliklardan (8000 ziyod) keyingi o‘rinni o‘zbekistonliklar (6400 yaqin) egallaydi.

XS
SM
MD
LG