Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:29

Tolibon va radikallashuv. Ekspertlar O‘zbekistonga chegara osha tahdidlarni baholamoqda


Tolibon boshqaruvi ostidagi hayotdan qochayotgan minglab afg‘onistonlik Kobul aeroportiga yopirildi.
Tolibon boshqaruvi ostidagi hayotdan qochayotgan minglab afg‘onistonlik Kobul aeroportiga yopirildi.

16 - avgust kuni aksar dunyo toliblar qo‘liga o‘tgan Afg‘oniston poytaxti¸ undagi xaos, xususan¸Kobul aeroportidagi insoniy fojia tasvirlariga guvoh bo‘ldi.

Bu sarosimaning O‘zbekiston hududiga ham qisman ko‘cha boshlagani ko‘rildi – mamlakat harbiylari ruxsatsiz o‘z havo hududiga kirgan afg‘on harbiy uchog‘ini urib tushirdi.

Rasmiy Toshkent mamlakat hududiga Tolibondan boshpana istagan 84 shaxs kiritilgani¸ hozirda chegara hududida osoyishtalik hukmron ekanini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda Ozodlik gaplashgan tahlilchilar¸ Afg‘onistonda toliblar boshqaruvidagi islomiy amirlik o‘rnatilishining yaqin muddatli oqibatlari tahlikali ekanini aytmoqda.

Bu tahlikalar orasidagi eng jiddiysi¸ ekspertlar fikricha¸ Tolibon mafkurasining chegara osha yoyilishi va O‘zbekiston ichkarisidagi diniy qatlamning tolibonlashuvidir.

Termizda hamma yoq tinch?

16 - avgust kuni Ozodlik gaplashgan termizliklarning barchasi¸ shaharda normal hayot davom etayotgani¸ favqulodda asabiylik yoki qo‘rquv kuzatilmayotganini bildirdi.

Ayni paytda ular janub tomondan otishma va shovqin-suron ovozlari eshitilayotganini aytishadi.

Chegaradan hech kimni o‘tkazmayapti biznikilar. Lekin daryoning naryog‘idan shovqin¸ bang-bung ovozlari kelyapti. Kecha Termiz aeroportida rosa to‘polon bo‘ldi¸ afg‘onlarning samolyoti o‘tgani uchun. Qo‘nishni so‘rayotgan afg‘on uchqichlariga O‘zbekiston ruxsat bermayapti¸ eshitishimcha. Hozir hamma kattalar chegara hududida”¸ deydi Ozodlik gaplashgan termizlik mulozim.

Bu va boshqa termizliklar shahar osmonida harbiy uchqichlar va vertolyotlar tinimsiz parvoz qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Termizda vaziyat yaxshiku¸ lekin kechasi yaqinimizda otishmalar bo‘lyapti, afg‘on tarafda. Bizga eshitilib turadi. Kecha kechqurun dron hujumi bo‘ldi shekilli¸ osmonda 30 tacha svetli narsa ko‘rdik”¸ deydi chegaraga yaqin hududda yashovchi termizliklardan biri.

Termiz xalqaro aeroportining Ozodlik gaplashgan mulozimi¸ aeroport hududida favqulodda hodisalar qayd etilayotgani haqidagi savollarga javob berishga “vakolati yo‘qligi"ni aytdi.

Termizdan Toshkentga rejalashtirilgan reyslar qatnayotganini aytgan bu mulozim vaziyat haqida Chegara qo‘shinlari yoxud viloyat hokimligidan izoh olishni tavsiya qildi.

Ozodlik hozircha bu ikkala tizimdan o‘zbek-afg‘on chegarasidagi so‘nggi vaziyatga oid ma’lumot ololmadi.

O‘zbekiston yana ODKBga qaytish bosimi ostida qoldimi?

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston va rossiyalik tahlilchilari¸ Afg‘onistonning to‘lig‘icha Tolibon boshqaruviga o‘tishi¸ xususan¸ O‘zbekiston janubiy chegarasida islomiy amirlik paydo bo‘lgani oqibatlari uzoqqa cho‘zilishini ta’kidladi.

Rossiyalik harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer Ozodlik bilan suhbatda Tolibonning hokimiyat tepasiga kelishi butun dunyo¸ xususan¸ Markaziy Osiyodagi geopolitik kuchlar nisbatini o‘zgartirib yuborishini ta’kidlaydi.

- AQSh Afg‘onistondan chiqib ketish orqali 20 yil bog‘liq turgan qo‘lini yechib¸ o‘z harbiy va moliyaviy resurslarini boshqa jabhalarga tashlash imkonini qo‘lga kiritdi. Rossiyaning ham asosiy e’tibori NATO bilan chegara hududlariga qaratilgan. Toliblarning hokimiyatga kelishi yangi ittifoqlar tug‘ilishiga yo‘l ochadi. Afg‘onistonning Pokiston nazoratidagi toliblar boshqaruviga o‘tishi eng ko‘p Hindistonni xavotirga soladi. Albatta¸ Rossiya o‘z orqa hovlisi deb qaraydigan Markaziy Osiyoning beqarorlashuvi Moskvani ham tashvishga solmay qolmaydi. Faqat bu tahlikani bartaraf qilish uchun Rossiyada aniq reja va yetarli resurs bormi¸ degan savolga hozircha javob yo‘q¸ deydi tahlilchi.

Мирзиёев ҳукумати ва Толибон мулоқоти. Ўзбекистон эртаси таҳликадами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:18 0:00

Felgengauer¸ Tolibondan tug‘iladigan harbiy-xavfsizlik tahlikalari O‘zbekistonni Rossiya yetovidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti quchog‘iga qaytarishini ehtimoldan soqit qilmaydi.

-Albatta¸ Rossiya hozirgi vaziyatdan foydalanib¸ O‘zbekistonni ODKBga qaytarish urinishini kuchaytiradi. Zotan bu harakatlar to‘xtagan emas edi. Ammo bu qog‘ozda bor¸ amalda biror ish ko‘rsatmaydigan harbiy ittifoq. Unga kirish va kirmaslik amalda O‘zbekiston xavfsizligiga biror manfaat keltiradi¸ deb o‘ylamayman¸ deydi rossiyalik harbiy ekspert.

Londondagi Sharq tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov¸ Tolibonning O‘zbekiston hududiga qurolli hujum qilish ehtimolini nolga yaqin, deb baholaydi.

- Tolibon bugun davlatga aylandi. Ularning asosiy vazifasi xalqaro legitimlik qozonish¸ suveren hokimiyat sifatida tan olinishga erishishdir. Shu bois ular o‘z mafkuraviy qarashlaridan chekinmagan holda¸ qo‘shni davlatlarga nisbatan agressiv harakatlardan tiyiladi¸ deb o‘ylayman.

Ikkinchidan¸ Tolibon bundan buyog‘iga Afg‘oniston iqtisodi va aholi hayot darajasi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga majbur. Shu bois ular o‘z shimoliy qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik o‘rnatish¸ xususan¸ transport koridori¸ elektr¸ gaz va neft ta’minoti bo‘yicha munosabat o‘rnatishga majbur. Agar Tolibon mamlakatda o‘zi va’da qilayotgan qonun va tartib o‘rnata olsa¸ iqtisodiy hamkorlik istiqboli faqat yaxshilanadi¸deb umid qilish mumkin¸ deydi tahlilchi.

"Tolibonning g‘alabasidan xursandchilik"

AQSh qo‘shinlari oyog‘i hali Afg‘onistondan uzilib ulgurmay¸ mamlakatning deyarli qarshiliksiz toliblar qo‘liga o‘tishi¸ mahalliy blogerlarning yozishicha¸ O‘zbekiston ichkarisidagi diniy qatlam tomonidan «Islom g‘alabasi» sifatida talqin etilmoqda va olqishlanmoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Tolibonning g‘alabasidan xursand izohlar va postlarni ko‘rib qolyapmiz. Ular buni dinning g‘alabasi, deb baholashyapti. Ularning orasida hatto katta nashrlarning xodimlari ham bor.

Yaxshi yoki yomon demayman, lekin aholimizning orasida dunyoviy demokratik davlatdan ko‘ra, shariat asosida qurilgan davlatni xohlovchilar soni kam emas ko‘rinadi. Tolibonning g‘alabasidan xursand bo‘lishni boshqacha tushunish qiyin.

Norozi bo‘luvchilarga eslatib o‘taman, O‘zbekiston konstitutsiyaga ko‘ra dunyoviy demokratik davlat. Unda har bir fuqaroning diniy erkinliklari kafolatlangan bo‘lishi, lekin din davlatdan ajratilgan bo‘lishi kerak»¸ deb yozdi noshir va bloger Firuz Allayev.

Tahlilchi Alisher Ilhomov ham Tolibonning hokimiyatga kelishidan O‘zbekiston uchun tug‘iladigan asosiy xatar uning quroli emas¸ balki mafkurasida¸ degan ishonchda.

- Janubiy qo‘shnining eng keskin shariat qonunlari bo‘yicha boshqariladigan davlatga aylanishi O‘zbekistondagi islomiy kayfiyatni kuchaytirib yuborishi mumkin. Ayniqsa¸ ayrim mahalliy «toliblar»ning O‘zbekiston musulmonlarining muayyan qatlami orasida ommalashgani nazarda tutilsa. Bu ijtimoiy qatlamni toliblar Afg‘onistonda o‘rnatadigan tartib faqat ilhomlantiradi. O‘zbek hukumati bu kayfiyatlar bilan ziddiyatga kirishishda qo‘rqib turibdi. Shu bois¸ bundan keyin xotin-qizlar va erkinlikni sevuvchi yoshlar ziyoniga ma’naviyatchilik ruhida konservativ mafkurani tiqishtirish faqat kuchayadi, deydi sharqshunos olim.

Rossiyalik tahlilchi Pavel Felgengauer ham ayni fikrda.

- O‘zbekiston davlat boshqaruvida korrupsiya nihoyatda kuchli. Aholi qashshoqlashib bormoqda. Mamlakat¸ ayniqsa¸ Farg‘ona vodiysida jamiyatning islomiylashuvi keyingi yillarda yanada kuchaydi. Bunday vaziyatda korruptsionerlarni dorga osaman¸ o‘g‘rilarning qo‘lini chopaman¸ deb va’da qilayotgan shariat boshqaruvi o‘z hayotidan norozi o‘zbekistonliklar uchun havas qiladigan hukumatga aylanishi tabiiy¸ deydi bu ekspert.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng Tolibon yetakchilarini O‘zbekistonga chaqirib mehmon qilgan¸ ularga zar choponlar kiydirgan Toshkent rasmiylari ham shunga ishonadi. Ular nazarida¸ hokimiyatning toliblar qo‘liga o‘tishi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va janubiy qo‘shni bilan transport koridori kabi masalalarda yaqin hamkorlikka imkon beradi.

Ayni paytda 16 - avgust kuni Ozodlik gaplashgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning Termizdagi mulozimi¸ Mozori Sharifga sement olib borgan o‘zbek vagonlarining hokimiyat Tolibonga o‘tishi ortidan qurolli toliblar garovida qolayotganini bildirdi. Hozircha rasman tasdiqlanmagan bu ma’lumot¸ Tolibon bilan hamkorlik¸ xususan¸ iqtisodiy hamkorlikka ishonch zaminining ancha zaif ekanidan darakchi sifati ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG