Samarqandda 3-4-aprel kunlari o‘tadigan birini Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi sammiti arafasida Euronews kanali O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan intervyu e’lon qildi.
Eksklyuziv deya taqdim qilingan intervyu qayerda va kim tomonidan yozib olingani ma’lum emas.
1-aprel kuni Euronews.com saytida paydo bo‘lgan va savol-javob (Q&A) formatidagi intervyuning video versiyasi bor-yo‘qligi ham noma’lum.
Savollar va javoblardan intervyu jonli olib borilmagani, balki Euronews avvaldan taqdim etgan savollarga O‘zbekiston rahbarining javoblari ekanini taxmin qilish mumkin.
Bir tomonlama muloqot
2023-yil aprelidagi konstitutsiyaga o‘zgartirishlar ortidan amalda umrbod prezident bo‘lish huquqini qo‘lga kiritgan Shavkat Mirziyoyev hozirga qadar na mahalliy va na xorijiy matbuotga biron marta to‘g‘ridan to‘g‘ri intervyu bermagan.
Mirziyoyev 61 yoshga to‘lgan 2018-yilda uning Feysbukdagi sahifasi orqali «Janob Prezident» nomli hujjatli film efirga uzatilgan edi.
O‘sha paytda O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi bo‘lib ishlagan Komil Allamjonov muallifligida ishlangan ushbu film «Milliy» TV orqali ham efirga uzatilgan.
Prezident viloyatlarga tashriflari chog‘ida o‘ziga hamrohlik qilgan mahalliy jurnalist va blogerlarning kichik bir guruhi bilan muloqot qiladi, ammo bu muloqotlarda jurnalistlar prezidentni savolga tutmaydi.
Mirziyoyev xorijiy safarlarida ham biron marta jurnalistlarning savollariga javob bermagan, xorijiy rahbarlarning O‘zbekistonga tashriflari chog‘ida ham hozirga qadar jurnalistlarga na mehmon va na mezbon davlat rahbarini savolga tutish imkoni taqdim etilgan emas.
Euronews e’lon qilgan suhbatda prezident Mirziyoyev "Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kun tartibi bo‘yicha aniq tasavvurga ega" ekanliklarini ta’kidlagan.
U Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi formatidagi hamkorlikni "noyob platforma" deb atagan.
"Bu o‘z ko‘lami va institutsional qamrovi jihatidan tengsiz hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi – bu 27 davlatni, jumladan, uchta “Yettilik” a’zolarini (Germaniya, Fransiya va Italiya) birlashtiruvchi eng yirik integratsion birlashmadir, u Markaziy Osiyo bilan tizimli hamkorlikni mintaqalaro darajada olib bormoqda", deb aytgan O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, YI bilan hamkorlik iqtisodiyot va investitsiyalardan tortib, barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi va uzoq muddatli strategik ustuvorliklarga asoslanadi.
So‘nggi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari va YI o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobarga oshib 54 milliard yevroga yetganini aytgan Mirziyoyev Yevropa biznesining O‘zbekiston va mintaqa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlariga qiziqishi ortibborayotganini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada kuzatilayotgan ijobiy jarayonlar Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishni oshirgan.
Samarqand sammiti Rossiyaning Ukrainadagi urushi va bu urush sabab YI-AQSH aloqalarida yuzaga kelgan inqiroz fonida bo‘lib o‘tadi.
Prezident Mirziyoyevning Euronews'ga javoblarida bu mavzular chetlab o‘tilgan.
Rasmiy Toshkent Ukrainadagi urush borasida "neytral" pozitsiyani egallagan, ammo tahlilchilar va G‘arb diplomatlari nazarida bu pozitsiya Rossiyadan ko‘ra Ukrainaga nisbatan "neytralroq"dir.
Prezident Mirziyoyev Rossiyaning Ukrainaga urushi borasida rasman hech qanday bayonot bermagan va urush boshlanganidan buyon biron marta Ukraina nomini tilga olmagan.
U O‘zbekistonning MDHdagi yirik savdo hamkorlaridan va o‘tmishda muhim siyosiy ittifoqchilaridan sanalgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan biron marta ham muloqot qilmagan.
Ukrainadagi urush boshlanganidan bir necha hafta o‘tib Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llash borasida bayonot bergan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov iste’foga chiqarilgandi.
Tolibonga dastak
Prezident Mirziyoyev Euronews savollariga javoblarida Afg‘onistondagi Tolibon bilan hamkorlik siyosatini himoya qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan yondashuvi har doim pragmatik bo‘lgan.
"Biz qo‘shnimizdan hech qachon yuz o‘girmaganmiz va uni yakkalatmaganmiz", degan Mirziyoyev.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha olib borgan siyosatiga "avval boshda rozi bo‘lmagan ko‘pchilik bugun uning to‘g‘ri va muqarrar ekanini tan olishga majbur bo‘lmoqda".
Mirziyoyev Tolibonni mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va ko‘knor yetishtirishni qisqartirishga muvaffaq bo‘lgani uchun maqtabgina qolmagan, balki Afg‘onistonda Tolibondan oldingi hokimiyatni boshqaruvdagi "noqobil"ligi uchun tanqid ham qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 2021-yil avgustida prezident Ashraf G‘ani hukumatining qulashiga olib kelgan omillardan biri, jumladan, uning "muxolifat bilan muloqotga kirishmagani hamda butun ma’muriyat bo‘ylab ildiz otgan korrupsiya" bo‘lgan.
Prezident Mirziyoyevning o‘zi islohotlar haqidagi balandparvoz bayonotlariga qaramasdan haqiqiy muxolifatga yo‘l bermayotgani va boshqaruvdagi korrupsiya uchun tanqid qilinadi.
Samarqanddagi sammit arafasida Yevropa Ittifoqi rahbarlariga murojaat bilan chiqqan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti inson haqlari Markaziy Osiyoning avtoritar prezidentlari bilan muloqotlarningn markazida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
O‘zbekistonda bir necha bloger «prezidentni internetda haqorat qilganlik» aybi bilan ta’qibga uchraganini aytgan tashkilot, Mirziyoyev hukumatini mustaqil huquq faollariga qarshi soxta jinoyat ishlarini qo‘zg‘atishda ayblagan.
HRW hukumatga qarshi tanqidiy chiqishlari ortidan ruhiy shifoxonaga tashlangan faol Valijon Kalonov hamda qamoqdagi blogerlar Dildora Hakimova hamda Nargiza Keldiyorova lar taqdiriga e’tibor qaratgan.
Tashkilotga ko‘ra, inson huquqlarining hurmat qilinishi va qonun ustuvorligi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo davlatlari bilan har qanday hamkorlikda o‘z manfaatlarini ilgari sura olishi uchun muhimdir.