Линклар

Шошилинч хабар
03 апрел 2025, Тошкент вақти: 02:23

Turkiyadagi norozilik namoyishlari: Erdo‘g‘onning qo‘li baland keladimi?


Istanbul shahar hokimi Akram Imomo‘g‘li.
Istanbul shahar hokimi Akram Imomo‘g‘li.

Bundan chorak asr muqaddam Istanbulning xalq orasida mashhur shahar hokimi siyosiy deb baholangan ayblovlar bilan lavozimidan mahrum etilgan va qamoqqa olingandi.

Keyinchalik siyosiy sahnaga qaytib, mamlakatning zamonaviy tarixidagi eng uzoq vaqt hokimiyatda qolgan rahbarga aylandi.

Bu Turkiyaning joriy prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on edi.

Ammo bugun Erdo‘g‘on o‘tgan yigirma yildan ortiq avtoritar boshqaruv davridagi eng jiddiy siyosiy inqiroz bilan ro‘baro‘ kelmoqda.

Ajablanarlisi, bu vaziyat ham yana bir mashhur va qaysar Istanbul shahar hokimining hibsga olinishi bilan boshlandi.

19-mart kuni Istanbul hokimi Akram Imomo‘g‘lining korrupsiya va terrorchilik guruhiga yordam berish ayblovlari bilan qo‘lga olinishi ortidan Istanbul, Anqara va mamlakatning boshqa yirik shaharlari hamda viloyatlarida norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Bu esa 2013-yildagi dunyo miqyosidagi Gezi parki namoyishlaridan beri Turkiyada kuzatilgan eng yirik va keng qamrovli norozilik bo‘ldi. Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, aynan o‘sha davrdan boshlab mamlakatda avtoritarizm kuchaya boshlagan.

Hozirgi namoyishlarda haligacha qurbonlar qayd etilmadi, biroq taxminan 1 500 kishi qo‘lga olingan, ular orasida Erdo‘g‘on va uning oila a’zolarini haqorat qilishda ayblanganlar ham bor. Bir necha jurnalist qamalgan, BBC muxbiri «jamoat tartibiga tahdid» deb topilib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu galgi inqiroz Erdo‘g‘on va Turkiya demokratik tizimi uchun yanada jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin, sababi — bugungi iqtisodiy va siyosiy muhit .

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

«O‘shanda Erdo‘g‘onning xarizmatik raqibi yo‘q edi, iqtisodiyot yaxshi holatda edi va eng muhimi, ko‘pchilik konservativ saylovchilar Adolat va Taraqqiyot partiyasi (AKP) ga sodiq qolgan edi», deydi 2022-yilda chop etilgan «Turkiya Erdo‘g‘on davrida: Demokratiya va G‘arbdan yuz o‘girish» kitobi muallifi Dimitar Bechev.

«Hozirgi kunda o‘tkazilayotgan so‘rovlar turli-tuman muammolar ichida aholi uchun eng dolzarb masala — hayot qimmatligi ekanligini ko‘rsatmoqda. Imomo‘g‘li aynan shu masalalarda so‘z yuritmoqda va shu tufayli keng saylovchilar qatlamiga xitob qilmoqda», deydi tahlilchi Ozodlik bilan suhbatda.

Ko‘pchilikning ovozi

Imomo‘g‘lining xarizmasi va aholi orasidagi mashhurligi Erdo‘g‘on va uning partiyasi uchun qanchalik jiddiy tahdid ekanini nazardan soqit qilib bo‘lmaydi.

Imomo‘g‘li 23-mart kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muxolifatchi Respublika xalq partiyasining (CHP) ichki saylovlarida 2028-yilgi prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida tasdiqlanishi arafasida hibsga olindi.

Ushbu praymerizda 15 millionga yaqin fuqaro ishtirok etdi, bu 2023-yilgi parlament saylovlarida CHP uchun ovoz berganlar sonidan ham ko‘p.

CHP 24-mart kuni Imomo‘g‘lini rasman nomzod sifatida e’lon qildi.

Istanbuldagi namoyishchi.
Istanbuldagi namoyishchi.

Hibsga olingan paytida, 53 yoshli Imomo‘g‘li 2019-yilgi shahar hokimligi saylovlarini bekor qilgan saylov mas’ullarini “ahmoqlar” deb atagani uchun 2022-yilda o‘ziga nisbatan chiqarilgan qamoq jazosini bekor qilish uchun kurashayotgan edi.

Bu ikki yarim yillik qamoq jazosi hali kuchga kirmagan, chunki apellyatsiya jarayoni davom etmoqda.

Hibsga olinishi arafasida Istanbul universiteti Imomo‘g‘lining oliy ma’lumot diplomini bekor qildi, bu esa Turkiyada prezidentlikka nomzodlik uchun zarur bo‘lgan talablardan biri hisoblanadi.


Istanbuldagi namoyishchi.
Istanbuldagi namoyishchi.

Siyosatchiga qarshi qo‘llanilgan bu harakatlarning hammasi hukumat va hukumatga yaqin ommaviy axborot vositalari tomonidan uni va uning 100 dan ortiq partiyadoshlariga qo‘yilgan ayblovlarning siyosiy emasligiga jiddiy shubha uyg‘otdi.

«Yomon tomoni shundaki, bu harakatlar Imomo‘g‘lini yanada mashhurroq qiladi», deydi Kiyevdagi Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi direktori Igor Semivolos Ozodlik bilan suhbatda.

"Saylangan diktatura" sari?

Erdo‘g‘on CHP ni namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatda «zo‘ravonlik harakati» qo‘zg‘atish va «iqtisodiyotni cho‘ktirganlik»da aybladi. Uning ta’kidlashicha, bu «shou» tez orada tugaydi. CHP esa Imomo‘g‘lining hibsga olinishini «davlat to‘ntarishi» deb atadi va 25-mart kuni kechqurun Istanbul shahar hokimligi binosi oldida oxirgi mitingini o‘tkazdi. Ammo 29-mart kuni yana katta miting rejalashtirilgan.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, 27-mart kuni Anqaradagi Yaqin Sharq texnik universiteti oldida namoyish o‘tkazgan talabalarga qarshi politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar ishlatgan.

Har qanday holatda ham, Mustafo Kamol Otaturk ta’sis etgan zamonaviy Turkiya bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan CHP partiyasi, aftidan, tashabbusni qo‘lga olish imkoniga ega.

Bu, ko‘p jihatdan Imomo‘g‘lining shaxsi bilan bog‘liq bo‘lib, u partiyaning asosiy elektorati bo‘lgan shaharlik, dunyoviy va ziyoli qatlamdan tashqaridagi aholiga ham xitob qila oladi. Uning «Hammasi yaxshi bo‘ladi» shiori Erdo‘g‘onning jamiyatni bo‘lib tashlovchi ritorikasiga qarshi.


Istanbulda shu oy boshidagi namoyish.
Istanbulda shu oy boshidagi namoyish.

Konstitutsiyaga ko‘ra, Erdo‘g‘on hozirgi muddatidan keyin yana prezidentlikka nomzod bo‘lmasligi kerak, faqat parlament navbatdan tashqari saylov e’lon qilsa yoki Asosiy qonun o‘zgartirilsagina, bunga yo‘l ochiladi.

Ammo ko‘pchilik bunga shubha qilmaydi, shuning uchun ham CHP praymerizni oldinroq o‘tkazishga qaror qildi.

Joriy yil boshida Erdo‘g‘onning Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili prezidentning to‘rtinchi muddatga saylanishi «kun tartibida» ekanini tasdiqlagan edi.

Milliyatchi harakat partiyasi (MHP) rahbari va Erdo‘g‘onning muhim ittifoqchisi bo‘lgan Davlat Bahcheli ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan.

Freedom House'ning dunyoda erkinlik darajasiga doir 2025-yilgi hisobotida Turkiya so‘nggi o‘n yil ichida demokratik erkinliklar eng ko‘p tanazzulga uchragan 10 mamlakatdan biri deb topildi.

Anqaradagi namoyish. 21-mart, 2025
Anqaradagi namoyish. 21-mart, 2025

Shunga qaramay, saylovlar hali ham raqobatbardosh bo‘lib qolmoqda — buni Imomo‘g‘lining 2019 va 2024-yillardagi shahar hokimligi saylovlaridagi g‘alabalari ham ko‘rsatdi.

2024-yilda CHP nomzodlari mahalliy saylovlarda mamlakat bo‘ylab ovozlarning katta qismini qo‘lga kiritib, Erdo‘g‘on 2001-yilda ta’sis etgan hukmron partiyaga eng katta zarbalardan birini berdi.

San Diego davlat universitetidagi Islom va Arab tadqiqotlari markazi direktori Ahmet T. Quruning The Conversation nashrida yozishicha, Erdo‘g‘on uzoq yillar davomida populist siyosat yuritish va ommaviy axborot vositalari hamda saylov tizimini muxolifatga qarshi ishlatishning hadisini olgan.

Biroq bugun giperinflyatsiya va haqiqatan ham mashhur raqib sababli, Erdo‘g‘an «juda xavotirda», deb yozadi Quru.

Agar hukumat qatag‘onlar yo‘lini tanlasa, «Turkiyaning siyosiy tizimi nosog‘lom demokratiyadan Rossiyadagi kabi “saylangan diktatura”ga aylanishi mumkin», — deydi u.

XS
SM
MD
LG