AQSH Global media agentligi (USAGM) Kongress tomonidan ajratilgan mablag‘larning bir qismini Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL) ga to‘lab berishga rozi bo‘ldi. Ushbu qaror AQSH federal sudyasi agentlikning ushbu radiostansiya bilan grant shartnomasini bekor qilishining asosli yoki asossizligini ko‘rib chiqayotgan pallada e’lon qilindi.
USAGM qarori 24-mart kuni Vashingtondagi AQSH federal sudida ushbu kelishuv taqdiri bo‘yicha eshituvdan bir necha soat oldin qabul qilindi.
Agentlikning mablag‘larni ushlab turishi 1950-yildan beri ozod va mustaqil matbuot cheklangan mamlakatlarda xolis va beg‘araz yangiliklar taqdim etib kelayotgan media tashkilot faoliyatini xavf ostida qoldirgan.
"Biz qonun biz tomonda ekaniga ishonamiz, chunki AQSH Konstitutsiyasi Kongressga mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha eksklyuziv vakolatni beradi. Kongress tomonidan 2025-moliyaviy yilining qolgan qismi uchun ajratilgan mablag‘larni bizga rad etish noqonuniydir", dedi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti va bosh ijrochi direktori Stiven Kapus o‘z bayonotida.
Biz qonun biz tomonda ekaniga ishonamiz, chunki AQSH Konstitutsiyasi Kongressga mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha eksklyuziv vakolatni beradi.Stiven Kapus, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi 2025-yilgi byudjet yili uchun (ya’ni 30-sentyabr 2025-yilgacha) mo‘ljallangan grantning qolgan qismini to‘lashni talab qilishda davom etmoqda. Shuningdek, mediakorporatsiya mablag‘ ajratilishini to‘xtatishni taqiqlovchi dastlabki sud qarorini chiqarish bo‘yicha sudga murojaat qilgan. Sudya Roys Lambert bu masala bo‘yicha yaqin haftalarda qaror qabul qilishi kutilmoqda.
USAGM mablag‘larni ajratish bo‘yicha "shoshilinch ma’muriy choralar" ko‘rilganini va bu jarayon 26-martgacha amalga oshirilishini bildirdi.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi ushbu mablag‘larni oy oxirigacha olishi kerakligi ta’kidlandi.
Sud tinglovi vaqtida USAGM vakili, Adliya vazirligi huquqshunosi Ebigayl Stout, Xalqaro radioeshittirish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, agentlik Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi ushbu kelishuvda belgilangan talablarga rioya qilmasa, uni bekor qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.
"Qonun agentlikka grantni bekor qilish imkonini beradi," deya da’vo qildi u.
Bunga javoban, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Devid Zionts "Kongress mablag‘ni agentliklar undan o‘zi xohlaganicha foydalanishi uchun ajratishi mutlaqo mantiqsizlik bo‘lar edi" deya ta’kidladi.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining mablag‘ bilan bog‘liq muammolari Ozodlik radio va teledasturlari efirga uzatiladigan mamlakatlar va ulardan tashqarida korporatsiya faoliyatining keng dastaklanishiga sabab bo‘ldi.