Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:22

Iroqda tor-mor qilingan o‘zbek jangarilari oilalari arosatda qoldi


Iroqning Suriya bilan chegarasida joylashgan Talfar shahrida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistondan borgan jangarilarga oid hujjatlar topilgan bir kezda ijtimoiy tarmoqlarda dunyo bilan vidolashayotgan jangarilar va ularning himoyasiz oilalari murojaatlari tarqalmoqda. Iroq Bosh vaziri 31 avgust kuni shahar jangarilardan to‘liq ozod qilinganini ma’lum qildi.

"Talafar jangarilardan to‘liq ozod etildi"

20 avgustda Mosuldan 50 kilometr g‘arbda – Suriya bilan chegara oldi hududda joylashgan Talafar shahrida keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarni boshlagan Iroq armiyasi 31 avgust kuni shaharni to‘liq ozod qilinganini e’lon qildi.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abodiy shu bilan Ninaveh viloyati to‘liq ozod bo‘lgani haqida bayonot tarqatdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, amaliyot chog‘ida yuzlab jangari o‘ldirilgan, qo‘lga olingan. Omon qolgan jangarilar esa Kirkuk viloyatidagi Hamija, va Suriya bilan chegarada joylashgan Anbar viloyati g‘arbida to‘planmoqda. Bu hududlar hanuz "Islom davlati" ekstremist guruhi nazorati ostida qolmoqda.

"Jangarilar oilalarni yerto‘laga yashirdi"

Peshmerga kurd jangchilari guruhi rahbariyati Talfar amaliyoti boshida bu shaharda Mosuldan qochgan “Islom davlati” ekstremist guruhining 1 200 dan 2000 nafargacha jangarisi yashiringanini aytgandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda, vayronaga aylangan shaharda qazilgan yer osti tunellari va yashiringan jangarilar, ularning oilalari topilmoqda.

"Qocharga joyimiz yo‘q"

Shu kunlarda Talafardan yo‘llangani iddao qilingan murojaatlardan birida, aftidan, uyg‘ur tilida so‘zlayotgan ayol bolalar qiy-chuv yig‘isi ostida vidolashadi:

“Bizning ortiq qochadigan joyimiz yo‘q (yig‘laydi). Ketadigan joyimiz qolmagandi ortiq. Balki, bugundan so‘ngra biz hayotda bo‘lmaymiz (yum-yum yig‘laydi). Bizni duo qilinglar”, deyiladi audiomurojaatda.

Yana bir audiomurojaatda esa sof o‘zbek tilida gapirgan erkak vidolashadi:

O‘limga bay’at berdik, inshaalloh. O‘limning qachon kelishi noma’lum, balki, bu internetga oxirgi kirishimizdir. Shahid bo‘lib ketsak, mabodo, haqqingizni halol qiling!” deydi o‘zini tanishtirmagan o‘zbek.

(Ozodlik bu ikki audiomurojaat aynan Talafarda siquvda qolayotgan jangarilarga tegishli ekanini boshqa mustaqil manbalar orqali hozircha tasdiqlay olmadi.)

"Talafar jangarilar orasida eng istalgan manzil edi"

Tarmoqlarda tarqalgan bu audiomurojaatni Ozodlikka yo‘llagan o‘zbekistonlik muhojir ovoz egasi jangarilar o‘rtasida Telegram tarmog‘idagi kanallarda “Islom davlati” ekstermist guruhi a’zosi sifatida tanilgan o‘zbekistonlik ekanini iddao qildi.

Shu kunlarda Buyuk Britaniyada yashayotgan bu o‘zbekistonlik ismini oshkor etmaslikni so‘radi.

Uning aytishicha, Iroqning Suriya bilan chegarasiga yaqin hududda joylashgan Talafar shahri Markaziy Osiyo va Yevropadan borgan oilali jangarilar orasida eng istalgan manzillardan biri bo‘lgan.

“Talafarda turkmanlar ko‘p, ko‘pi turkcha gapira oladi, o‘zbeklarniyam tushunadi. Shuning uchun, Markaziy Osiyodan borgan jihodchilar oilasi bilan o‘sha shaharga joylashgandi. Keyin bu juda go‘zal shahar, boylar ketganda katta-katta uylari qolib ketgan, janggarilar osongina kirib, egallab olgan edi. Internet aloqa yaxshi edi. Shuning uchun, Yevropa, ayniqsa, Fransiyadan borgan jangarilar ko‘p, deb o‘qigan edim men tarmoqlarda”, deydi shu kunda g‘arbda yashayotgan o‘zbekistonlik muhojir.

"Jangarilar devonidan o‘zbek vatandoshlari hujjati topildi"

Shu kunlarda shahar to‘liq ozod qilingan shaharda jangarilar qo‘lga olinayotgani, ularga tegishli hujjatlar topilgani xabar qilinmoqda.

28 avgust kuni Iroq qo‘shinlari shaharda jangari guruh devonxonasini qo‘lga kiritgani, undan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston vatandoshlariga tegishli hujjatlar topilganini bildirgan edi. Bu haqda Novosti agentligi Iroq harbiy qo‘mondonligiga tayangan holda xabar berdi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, topilgan yuzlab hujjatlar maxsus xizmatlarga topshirilgan.

"Orqaga yo‘l yo‘q - yo jangda o‘lish, yoki taslim bo‘lish"

Bundan tashqari, Iroq matbuoti, Talafar va qariyb bir yarim oy muqaddam ozod qilingan Mosul shahrida hukumat qo‘shinlariga qarshi so‘nggiga qadar jang qilganlar, asosan, xorijlik jangarilar bo‘layotganini xabar qilmoqda.

G‘arblik tahlilchi Noa Taker mintaqadagi vaziyatga oid kuzatuvlaridan kelib chiqib, xususan, O‘zbekistondan borgan jangarilar ortga qaytolmagani bois, Iroqdagi so‘nggi tayanch qo‘rg‘onlari uchun borayotgan jang maydonlaridan chiqolmayotgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

“Chunki, arab jangarilar qurolini tashlashi va tinch aholi orasiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi mumkin. Ammo, xorijdan borgan jangarilar bunday qilolmaydi. Ortga esa yo‘l yo‘q – hozir na Turkiya, na O‘zbekistonga yo‘l bor. Shu bois, ularda yo jang maydonida o‘lish, yoki taslim bo‘lishdan boshqa imkon qolmadi”, deydi tahlilchi.

O‘zbekistonda xorijdan qaytganlar ustidan nazorat kuchaydi

"Islom davlati" ekstremist guruhi dunyoning aksar davlatlari, xussusan Markaziy Osiyo va Rossiyada ham terror tashkiloti sifatida taqiqlangani bois, bu hududlardan Suriya va Iroqqa ketgan radikal kayfiyatdagi shaxslarni ortda uzoq muddatlik qamoq jazolari kutmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlari, xususan, O‘zbekiston ham 2015 yildan buyon fuqarolarning jangari guruhlarga qo‘shilishi oldini olish, ayniqsa, Rossiya va Turkiyaga ketayotganlar yoki bu davlatlardan qaytayotganlar ustidan nazoratni kuchaytirgan. Rasmiy matbuotda IDga aloqadorlik, odam yollaganlik kabi ayblovlar bilan sudlangan fuqarolar haqidagi xabarlar tez-tez uchraydi.

Rasmiy raqamlar

Ammo, qo‘shni respublikalardan farqli ravishda O‘zbekiston hukumati bu boradagi aniq rasmiy raqamlarni e’lon qilmay kelayotir. Xalqaro tashkilot va tadqiqot markazlari kuzatuvicha, 2016 yil boshida Suriya va Iroq hududidagi o‘zbekistonlik jangarilar soni 500 atrofida bo‘lgan.

Tojikiston va Qirg‘iziston IIVlari esa O‘zbekistondan farqli ravishda yilda bir necha bor bu boradagi raqamlar va amaliyotlari natijalarini matbuotda e’lon qilmoqda.

Tojikiston va Qirg‘iziston rasmiylari o‘tgan yili bergan bergan raqamlarga ko‘ra, bu davlatlarning har biridan 500dan ortiq fuqaro Suriya va Iroq hududidagi jangari guruhlarga qo‘shilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG