Moskvada O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakolatxonasi ish boshladi. 12 mart kuni vakillik rahbari Saidno‘mon Mansurov “Farg‘ona uyida” migratsiya masalalari bo‘yicha jamoatchilik vakillari savollariga javob berib, hukumat o‘zbek ishchi muhojirlari himoyasiga hozircha 200 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratganini ma’lum qildi.
Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda Saidno‘mon Mansurov yangi ochilgan vakolatxonaning asosiy maqsad va vazifalarini haqida gapirarkan, bunday dedi:
- Vakolatxonaning asosiy maqsadi – bu Rossiyaga kelgan va “mehnat migranti” maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini himoya qilishdir. Men o‘zbekistonliklar boshqa davlatga kelganida u davlat tilini o‘rganishi kerakligi, har bir imzo chekayotgan hujjatni tekshirganidan keyingina qo‘l qo‘yishlarini xohlardim. Qolaversa, ularga “O‘zbekistonga qaytinglar, harakat qilaylik, ish topaylik, O‘zbekistonni rivojlantiraylik”, demoqchiman, dedi Saidno‘mon Mansurov.
Ayni damda, agentlik mulozimiga savollar juda ko‘p.
Rossiyada muhojiratda yurgan yuzlab o‘zbeklar jasadlarini, deportatsiya markazlarida qolayotgan minglab vatandoshlarni O‘zbekistonga yuborish, ish haqini ololmayotgan o‘n minglab ishchilarning maoshini undirish, mahalliy politsiya va sudda migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari o‘z echimini kutib qolmoqda.
"Buyuk kelajak” Xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti eksperti 33 yashar Saidno‘mon Mansurov asli Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridan. O‘zbekistonda tahsil olgan, Fransiya, Yaponiya, Litvada malaka oshirgan. Rossiyada ilmiy izlanish bilan shug‘ullangan Saidno‘mon bugunda O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy vakilidir.
Saidno‘mon Mansurov "Farg‘ona uyi"ga yig‘ilgan migratsiya sohasi ekspertlari va jurnalistlarni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik bilan hamkorlik qilishga chaqirdi.
Vazirlik vakili migrantlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi vakolatxona Janubiy Koreya va Rossiyada ochilganini bildirdi.
Yig‘ilganlar savollariga javob bergan vakolatxona rahbari O‘zbekiston hukumati nihoyat yillar davomida migratsiya masalalarida yig‘ilib qolgan va inkor etib kelingan muammolarni bartaraf qilishga bel bog‘laganini ma’lum qildi.
Shuningdek, yig‘ilganlar oldida qilgan chiqishida Saidno‘mon Mansurov O‘zbekiston hukumati Rossiyadagi mehnat migratsiyasi masalalariga 200 mlrd so‘m miqdorida pul ajratganini aytdi.
- Bu 200 milliard so‘m mablag‘ O‘zbekistondagi bank depozitlariga joylashtirildi va undan olinayotgan daromad migrantlar muammolari yechimiga – o‘liklarni jo‘natishga, deportatsiya markazlaridan chiqarib olishga, avia va temir yo‘l chiptalari to‘lovi va boshqasiga sarflanayapti, dedi suhbatdosh.
Uchrashuv davomida o‘tgan bir oy ichida Rossiyadan Tashqi Mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik yordamida 16 migrant jasadi O‘zbekistonga yuborilgani aytildi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan “Tut Jdut” migrantlarni ishga joylashtirish Internet loyihasi rahbari Natalьya Xmelnitskaya Ozodlikka bunday ochiqch muloqot O‘zbekiston hukumati vakillari bilan birinchi marotaba bo‘layotganidan quvonganini bildirdi.
- Bu uchrashuv juda katta yutuq, chunki bunday ish tashkillashtirish bu erdagi muhojirlarga bo‘lgan munosabatni va migratsiya tizimining o‘zini o‘zgartiradi, deb o‘ylayman, dedi migratsiya eksperti Natalya Xmelnitskaya.
Moskvalik yurist Botirjon Shermatov so‘nggi paytlarda O‘zbekiston hukumatining mehnat migratsiyasiga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgargani kuzatilayotganini aytdi:
- Migrantlarga munosabat o‘zgaryapti. Yuqoridan, amaldorlardan ham talab o‘zgaryapti. Shuning uchun Rossiyadagi migrantlar muammolari bilan endilikda ko‘proq yurakdan va ko‘ngildan ish olib boriladi, degan umidimiz bor, dedi Botirjon Shermatov.
Rossiyadagi barcha tashkilotlar va tuzilmalarni migratsiya masalalarida hamkorlikka da’vat etgan Saidno‘mon Mansurov yordamga muhtoj mehnat muhojirlari ham bevosita O‘zbekistonning Moskvadagi konsulligi qoshida joylashgan agentlik vakolatxonasiga murojaat qilishlari mumkinligini aytdi. Hozircha vakolatxona to‘liq ishga tushmagani va elchixona binosida joylashtirilgan agentlik xonalari ta’mirlanayotgani ma’lum.
O‘zbekistonning sobiq Prezidenti Islom Karimov o‘zbekistonlik muhojirlarni "dangasalar" deb atab, ulardan "jirkanishini" aytib kelgan.