Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:32

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida o‘q otildi. Mojaroga qo‘y-echki sabab bo‘ldi


O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida 6 yanvar kuni o‘q otildi. Ikki davlat chegara rasmiylari voqeadan so‘ng zudlikda muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro e’tirozlarga barham berish masalasini muhokama qildilar.

Bu haqda Ozodlik radiosiga 7 yanvar kuni ma’lum qilgan Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubayevaning aytishicha, o‘zbek chegarachilari qirg‘iz fuqarolarini chegara buzilganidan ogohlantirish maqsadida osmonga qarata o‘q uzishga majbur bo‘lgan.

Gulmira Bo‘rubayevaga ko‘ra, 6 yanvar kungi voqea O‘zbekistonning Namangan hamda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatlari o‘rtasidagi davlat chegarasining xatlanmagan uchastkasida sodir bo‘ldi.

“Qirg‘izistonning Olabuqa tumani Ko‘ktosh qishlog‘i yaqinida Qirg‘izistonliklarning chorva mollari ikki davlat o‘rtasidagi aniqlanmagan hududga o‘tib ketgan. Molini izlab borgan odamlar ham o‘sha xatlanmagan hududga kirib ketishgan. Qirg‘izistonliklarning qo‘y-echkilari chegaraning aniqlanmagan uchastkasiga o‘tib ketganidan so‘ng o‘zbek chegarachilari ularni O‘zbekistonga haydab ketgan. Buning natijasida qirg‘iz fuqarolari va o‘zbek chegarachilari o‘rtasida janjal chiqqan”, - dedi Gulmira Bo‘rubayeva.

Ma’lum qilinishicha, o‘zbek chegarachilari va qirg‘izistonliklar o‘rtasida dahanaki janjal kuchayib ketgan. Shundan so‘ng o‘zbek chegarachilari osmonga qarata ikki marta ogohlantiruvchi o‘q uzgan. Hech kim jabrlanmagan.

7 yanvar kuni Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubayevaning Ozodlikka aytishicha, bu voqeadan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara rasmiylari o‘rtasida tezkor uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Uchrashuv natijasida O‘zbekiston chegarachilari chorva mollarini egalariga qaytargan.

- Uchrashuv natijasi bo‘yicha, o‘zbek tomoni 520 bosh qo‘y va echkini qirg‘izistonliklarga qaytarib berdi. Qirg‘izistonliklar o‘zbek chegarachilariga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirishdi. Hozir qirg‘iz -o‘zbek chegarasidagi vaziyat barqaror, - dedi chegara rasmiysi.

O‘zbekiston tomoni hozircha bu borada biron bir ma’lumot tarqatmadi. Biroq Qirg‘iziston tomoni bu kabi mojarolar chegaraning aniqlanmagan hududlarida tez-tez sodir bo‘lib turishini aytib keladilar.

Jalolobod viloyatining Olabuqa tumani hamda O‘zbekistonning Namangan viloyati chegaradosh hududda 19 ming gektardan ortiq yer bahsli deb hisoblanadi.

So‘nggi marta O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida 2018 yilning 7 aprel kuni o‘q otilgan edi. O‘shanda O‘zbekiston chegarachisi otgan o‘qdan 34 yashar Qirg‘iziston vatandoshi halok bo‘lgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 kilometrni tashkil etadi. Prezident Mirziyoyev davlat tashrfi bilan 2017 yil 5 sentabrda Bishkekka borganida mazkur chegaraning 1170 kilometri, ya’ni 85 foizi aniqlanib bo‘lingani to‘g‘risidagi hujjat imzolangan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG